Maʼlumki, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, uni qonuniy asoslarini mustahkamlash har bir mamlakat uchun dolzarb hisoblanadi. Oʻzbekiston koʻp konfessiyali mamlakat boʻlib, unda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 konfessiyaga amal qiladi. Shu sababdan, turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat ruhini qaror toptirish Oʻzbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada mustaqillik yillarida bir qator islohotlar amalga oshirildi va ijobiy natijalarga erishildi. Shu bilan birga, amalga oshirilishi lozim boʻlgan ayrim jihatlar mavjud boʻlib, shu sababdan diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan tadbirlarning natijalarini tahlil etish dolzarb ilmiy masalalardan biri hisoblanadi.
Mustaqillik yillarida dastlab yurtimizda yashayotgan turli xalqlar oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlashning qonuniy asoslari yaratildi. Mustaqillik arafasida, xususan, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta 1991 yilning 14 iyunda Respublika Oliy Kengashi tomonidan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi[1]. Mazkur Qonunda Oʻzbekiston Respublikasida dinlar va diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilganligi, bir din yoki diniy eʼtiqod uchun biron-bir darajada imtiyoz yoki cheklashning belgilanishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyildi. Shuningdek, Davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning qandaydir vazifalarini bajarishni yuklamasligi, diniy tashkilotlarning qonunlarga zid boʻlmagan faoliyatiga aralashmasligi, diniy tashkilotlar davlat vazifalarini bajarmasligi va boshqalar taʼkidlandi[2]. Hali sovet tuzumi mavjud sharoitda mazkur Qonunning qabul qilinishi respublikada diniy bagʻrikenglikning taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Ushbu Qonunning ijrosini taʼminlash maqsadida 1992 yilning mart oyida Vazirlar Mahkamasi huzurida Din ishlari boʻyicha Qoʻmita tashkil etildi[3], diniy ehtiyojlarni qondirish, erkin ibodat qilish, diniy marosimlarni nishonlash va boshqa faoliyatga yoʻl ochildi. Shu bilan birga, diniy tashkilotlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan turli suisteʼmolliklarga chek qoʻyish ishlari olib borildi.
Shu bilan birga, diniy bagʻrikenglikning taʼminlash boʻyicha asosiy tamoyillar 1992 yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham belgilab qoʻyildi. Jumladan, Bosh qonunimizning 18-moddasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi koʻrsatilgan boʻlsa, 31-moddasida esa hamma uchun vijdon erkinligining kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligi, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyildi[4]. Mazkur qoidalar diniy bagʻrikenglikning taʼminlashning huquqiy asoslarini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega boʻldi.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, 1995 yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida “Bir osmon ostida” shiori bilan xalqaro musulmon-nasroniy konferensiyasi oʻtkazildi, 1996 yilning noyabrida esa Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Markaziy Osiyo yeparxiyasining 125 yilligi nishonlandi[5] Shu bilan birga, oʻtgan yillar davomida turli diniy jamoalarning yubileylariga bagʻishlangan keng koʻlamli tadbirlar tashkil qilindi. Xususan, 2003 yilning oktyabr oyida Samarqandda Arman apostol cherkovining 100 yilligi nishonlandi[6]. Yubiley tadbirlarida yurtimizdagi barcha konfessiyalar vakillari ishtirok etdi. Bu esa, oʻz navbatida, konfessiyalararo munosabatlar rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur tadbirlar amalga oshirilishiga qaramasdan, tarixan islom dinining hanafiy mazhabiga ergashib kelgan aholini toʻgʻri yoʻldan ogʻdirish, aqidaparastlik va mutaassiblikka asoslangan qarashlarni tarqatishga urinishlar yuz berdi. Oqibatda, asosan, dindorlar orasida oʻzaro kelishmovchiliklar yuz berib, diniy ekstremistlar taʼsiriga tushib qolgan ayrim fuqarolar tomonidan ogʻir jinoyatlar sodir etildi. Yaratilgan imkoniyatlarni suiisteʼmol qilgan ayrim noislomiy diniy tashkilotlar tomonidan missionerlik harakatlarini olib borishga urinishlar sodir boʻldi[7].
Yuqorida keltirilgan bir qator omillar “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunni takomillashtirish, mamlakatda xavfsizlikni taʼminlash nuqtai nazaridan kelib chiqib, vijdon erkinligi bilan bogʻliq huquqlar doirasini yanada aniqlashtirishni talab qildi. Natijada, 1998 yil may oyida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi[8].
Oʻtgan davrda hukumat tomonidan mazkur soha boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning soni va salmogʻi oshib bordi. Jumladan, 1990-2005 yillarda diniy sohadagi faoliyatni tartibga solish borasida Oʻzbekiston Prezidentining 16 ta farmoni qabul qilingan boʻlsa, 2014 yilga kelib bu raqam 18 tani tashkil etdi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorlar boʻyicha ham shunga yaqin holatni kuzatishimiz mumkin. Jumladan, 1990-2005 yillar davomida ushbu organ tomonidan soha faoliyatini tartibga soluvchi 48 ta qaror qabul qilingan boʻlib[9], 2014 yilda bu raqam 54 taga yetdi[10]. Shu bilan birga, mustaqillik yillarida diniy tashkilotlarning soni ortib borganligini koʻrish mumkin. Agar 1990 yilda mamlakatda 119 ta diniy tashkilot faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, 2015 yilga kelib, ularning soni 2200 tadan oshdi[11]. Amalga oshirilgan shu va boshqa tadbirlar diniy soha faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Bu yoʻnalishdagi islohotlar 2016 yildan yangi bosqichga koʻtarildi. Jumladan, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida oʻrin berildi[12].
Bu boradagi tadbirlarni xalqaro miqyosda hal etish boʻyicha ham hukumat tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida mazkur tashkilotning oliy organi 2018 yilning 12 dekabrida oʻtkazgan yalpi majlisda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi[13].
Bu paytga kelib diniy-maʼrifiy soha faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish davr taqozosiga aylandi. Shu sababdan, mazkur soha faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha bir qancha tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yil 16 aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Mazkur Farmon Oʻzbekistonda diniy taʼlim tizimining uzluksizligini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, boshlangʻich bosqichdan oliy va undan keyingi diniy taʼlimgacha jarayonlarni qamrab oldi[14].
Bundan tashqari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yil 16 aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Mazkur Qarorga muvofiq Qoʻmita huzurida faoliyat yuritadigan jamoatchilik-maslahat organi hisoblangan Konfessiya ishlari boʻyicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. Kengash tarkibi 9 tadan 17 ta aʼzoga – Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari hisobiga kengaytirildi[15].
Mazkur davrda qorilar musobaqasi oʻtkazish ishlari ham yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, 2018 yilning yanvar-aprel oylarida mamlakat miqyosida bir necha bosqichdan iborat (tuman, shahar, viloyat, respublika) Qurʼoni karim tilovati boʻyicha qorilar ochiq musobaqasi tashkil etilib, unda 5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Shu bilan birga, mazkur davrda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi, viloyatlarda esa kalom, hadis, fiqh, aqida ilmi va tasavvufni oʻrganishga ixtisoslashgan beshta ilmiy maktab ochildi[16].
Bundan tashqari, mamlakatda ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlar konseptual jihatdan qayta koʻrib chiqildi. Bunda asosiy eʼtibor aholi oʻrtasida profilaktika va tushuntirish ishlariga qaratildi. Ushbu sohada amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlar “Jaholatga qarshi – maʼrifat” degan ezgu gʻoyaga asoslandi. 2018 yilning sentyabr oyida esa terroristik, ekstremistik yoki boshqa taʼqiqlangan tashkilot va guruhlarga adashib aʼzo boʻlib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi tasdiqlandi[17].
Jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-maʼrifiy muhit barqarorligi kafolatlarini taʼminlash muhim ahamiyatga ega ekanligi hisobga olinib, bu borada ham talay ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2019 yil 4 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori eʼlon qilindi[18]. Mazkur Qaror asosida jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-maʼrifiy muhit barqarorligi kafolatlarini taʼminlashni nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etildi. Shu bilan birga, Din ishlari boʻyicha qoʻmita tarkibida ayollar bilan ishlash boʻlimi tashkil etildi. Bu esa oʻz navbatida ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarning samarali boʻlishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Bu paytda diniy maʼrifiy taʼlim sohasida ham katta oʻzgarishlar yuz berdi. Xususan, Oʻzbekiston Islom akademiyasi va Toshkent Islom universiteti negizida Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etildi[19]. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida Akademiya tarkibidagi malaka oshirish Markazi hududiy filiallari tashkil etildi. Amalga oshirilgan mazkur tadbirlar diniy taʼlim rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
Ajdodlarimizning merosini keng targʻib qilish bilan bir qatorda dinlararo bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik, insonparvarlik tamoyillari hamda diniy-maʼnaviy hayotda sodir boʻlayotgan yangiliklardan keng jamoatchilikni xabardor qilib borishni taʼminlash yoʻlida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi huzurida “Ziyo” media-markazi tashkil etildi[20]. Ushbu markaz bu boradagi yangiliklarni ommaga tez va xolis yetkazishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Masjidlar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va shu kabi boshqa obyektlarning rekonstruksiyasini moliyalashtirish, ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda ushbu soha xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi[21].
Bu boradagi ishlar keyingi yillarda ham amalga oshirildi. Jumladan, 2021 yilning 5-iyul kuni yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi[22]. Mazkur Qonunda bir qancha yangiliklar nazarda tutildi. Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish boʻyicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam boʻlmagan holda etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor boʻlishi haqidagi talab bekor qilindi[23].
Bundan tashqari, diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq xizmatlar toʻliq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni koʻrib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, yaʼni 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi va hokazo[24].
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, mustaqillik yillarida diniy bagʻrikenglikni, konfessiyalararo munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash borasida keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etmoqda. Sohaga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ular muttasil takomillashtirilmoqda, muntazam ravishda turli diniy tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralari koʻrilyapti. Oʻtgan davrda yuzlab masjid, cherkov, sinagoga va ibodat uylari qurildi va qayta taʼmirdan chiqarildi. Keyingi yillarda mazkur soha rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Bu davrda islom dini taʼlimotini chuqur oʻrganish, uni ilmiy tadqiq etishga yoʻnaltirilgan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari oʻz faoliyatini boshladi. Shu va boshqa omillar yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikning taʼminlanishi va uni yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.