Islom dini inson hayotining har bir jabhasini oʻzida mujassam etgan, har zamonga mos ezgulikka asoslangan bagʻrikeng, moʻtadil dindir.U faqat ahkomlardan iborat emas, balki inson maʼnaviyati va maʼrifatini shakllantiruvchi, uni kamolga yetkazuvchi, ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-maʼnaviy talablarini qondiruvchi dindir.
Ammo kishi diniy ilmsizlik sababli koʻplab muammolarga duch kelishi tabiiy hol. Mana shu muammolardan biri mutaassiblik va dinda chuqur ketishdir. Shariatimiz doimo bunga qarshi boʻlgan – oyat va hadislarda bu bidʼatlar qattiq qoralangan. Chunki, bu ikki illat turli zamonlarda har xil nomlar ostida dinimizga koʻp zarar yetkazib, bu hol hozir ham davom etmoqda.
Xoʻsh, diniy mutaassiblik, dinda chuqur ketish nima?
Mutaassiblikning lugʻaviy maʼnosi biror eʼtiqod yo dunyoqarashga oʻta berilish, oʻz fikrida qatʼiy turib olib, boshqalarning aytganini mutlaqo inobatga olmaslik, hamisha oʻzini haq deb bilishdir. Hozir bu “fanatizm” ham deyiladi.
Gʻulu – dinda chuqur ketish – “arkon va ibodatlarni bajarishda haddan oshish”, “toʻgʻri yoʻl deb notoʻgʻri yoʻlga burilish” maʼnolarini anglatadi.
Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis buning dalilidir: “Huzurimda Banu Asad qabilasiga mansub bir ayol oʻtirgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib kelib: “Bu ayol kim?” deb soʻradilar. “Bu – oʻsha, kechasi uxlamay namoz oʻqib chiqadigan ayol”, dedim. Soʻng, uning qanday namoz oʻqishi haqida soʻzlashdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bunday qilmangiz, solih amallarni qurbingiz yetganicha ado etingiz, qancha ibodat qilsangiz ham Alloh taologa maol kelmaydi-yu, biroq oʻzingizga malol kelib qolmasin!” dedilar[1].
Hadisdan maʼlum boʻladiki, inson uchun dinda chuqur ketib, farz boʻlmagan amalni mutassiblarcha oʻziga vojib qilib olib, soʻng bajarolmaydigan holatga tushib qolgandan koʻra, oʻrtachalik yoʻlini tanlab, solih amallarda bardavom boʻlishi yaxshiroq ekan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu bois ibodatga oid amallardan toqat yetadiganini olishni buyurdilar.
Jumladan, ibodatlarning shartlarini bajarishda ham gʻulu boʻlib, ular dinimizda qattiq qoralanadi. Masalan, tahorat va gʻuslda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida koʻrsatilgan meʼyordan ortiq suv ishlatishni ulamolarimizning ayrimlari “isrof” degan boʻlsa, baʼzilari “gʻulu”ning bir koʻrinishi deb atagan. Shuningdek, gʻulu insonning yeb-ichishi, kiyinishi va hatto kafanlanishida ham uchraydi. Shuning uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “(Mayyitni) kafanlashda haddingizdan oshmangiz”, deb buyurganlar.[2]
Aslida islomning asosini tashkil qilgan amallar bandalarning toqatidan kelib chiqqan holda farz qilingan, yaʼni moʻtadillik va bagʻrikenglikka asoslangan.
“Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali oʻzi uchundir va (yomon) amali ham oʻzining buynigadir”[3].
Mazkur oyatda Alloh taolo insonlarga ularning qurbi yetmaydigan narsalarni buyurmagani xabar qilinmoqda. Hatto dinimizda toqati-qurbi yetmaydiganlar uchun baʼzi amallarning bajarilishida istisnolar ham mavjud. Lekin mutaassib kishilar bu yengilliklarni tan olmaydi va alaloqibat kechirilmaydigan gunohi kabiralardan biriga – kibrga, yaʼni oʻz ibodati bilan magʻrurlanish kasaliga mubtalo boʻladi.
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati har bir ishda moʻtadil va adolatli ekanini taʼriflab, bunday degan: “Shuningdek (yaʼni, haq yoʻlga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh boʻlishingiz va Paygʻambar sizlarning ustingizda guvoh boʻlishi uchun oʻrta (moʻtadil, adolatli) bir millat qildik”[4].
Dinda chuqur ketish va mutaassiblik adashish va halokatning asosiy omillaridir. Ular sababli turli bidʼat va xurofotlar paydo boʻladi, shayton bu amallarni chiroyli koʻrsatib qoʻygani shirk amali ham sodir boʻladi. Jumladan, buni salaf avliyolar va piru ustozlarga sigʻinish, ularning aytganini, toʻgʻri kelsa-kelmasa, hayotga tatbiq qilishda kuzatish mumkin.
Albatta, bu oʻrinda ulugʻlarga taʼna toshi otishdan yiroqmiz. Oʻzini tariqat sohibi, dinning asl jonkuyari sifatida nomoyon qilib, shariat ilmidan bexabar holda peshvolik talab qilayotgan, Alloh va Paygʻambarining buyrugʻi bir chetda qolib, dinda mavjud boʻlmagan, toqatdan tashqari amallarni targʻib qilayotgan kimsalarning “tariqat” nomi bilan ish yuritayotgani tashvish uygʻotmay qolmaydi.
Jumladan, islomni oʻz gʻarazli maqsadlariga moslashtirib olishga harakat qilayotganlar dinimizning asl mohiyatini notoʻgʻri talqin qilayotgan kishilardir. Holbuki, bu mohiyat Qurʼoni karim va hadisi shariflarda aniq bayon qilingan.
Xususan, Haq taolo roʻzani farz qilganidan keyin: “…Alloh sizlarga yengillikni istaydi, ogʻir boʻlishini istamaydi…”[5] deydi. Islomning barcha ahkomlari bandalar toqatidan kelib chiqqan holda farz qilingan. Qurʼoni karimda bunday maʼnodagi oyatlarni bir necha joyda uchratish mumkin. Oyat va sunnatda zikr qilinmagan amallarni hayotga joriy qilib, dinni boshqalarga qiyin qilib koʻrsatish Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak soʻzlariga xilof boʻlib, Alloh taoloning oyatlariga qarshi chiqishdir. Shundan keyin ham kim toʻgʻri yoʻl aniq boʻla turib, oʻz havoyi xohishiga ergashsa, Alloh taolo uni yana ham battar adashtiradi: “Kim haq yoʻlni aniq bilganidan keyin Paygʻambarga xilof ish qilsa va moʻminlarning yoʻllaridan boshqa yoʻlga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qoʻyib beramiz. Soʻng jahannamga doxil qilamiz”[6].
Har qanday nom ostidagi zulm va zoʻravonlik, jumladan, kishining ibodat sababli oʻz jismiga zulm qilishi ham, eʼtiqod va ibodatda mutaassiblik yoʻlini tanlab, dinda chuqur ketish ham, jinoyatlarning har qanday holati va koʻrinishlari ham, garchi ular islom nomidan sodir boʻlayotgan esa-da, dinimiz aqidasi va taʼlimotiga mutlaqo ziddir. Musulmon kishi boshqalarga shariatda yoʻq ishlarni buyurmasligi va yomon ishlardan qaytarishga masʼul boʻlishi kerak.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “(Din arkonlarini) yengil qilib koʻrsating, ogʻir qilib koʻrsatmang. (Dindagi) yaxshi, xushxabar narsalarni ayting, dindan nafratlantirib qoʻymang”[7], deb marhamat qilganlar. Dinda qanday yoʻl tutish lozimligi haqida bunday koʻrsatma berganlar: “Din yengildir, hech kim uni qiyinlashtirib yubormasin, mabodo qiyinlashtirib yuborsa, din uni yengib qoʻyadi…”[8]. Yaʼni, farzdan boshqa ibodatlar va solih amallarning haddan ziyodini oʻz zimmasiga yuklab olish ularni bajara olmay, hammasini tark etishga sabab boʻladi. Shunday ekan, shariat ahkomlarini kishining toqatidan kelib chiqib bayon qilish kerak, toki u dindan nafratlanib qolmasin.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda, eʼtiqodda qay darajada boʻlish maqbulligini koʻrsatib: “Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidir”, deganlar[9]. Modomiki shunaqa ekan, boshqa yoʻlga ne hojat?! “Yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk boʻlmaganlaringizdir”[10] degan hadisda kishi qanday umrguzaronlik qilishi aniq belgilab berilgan.
Imom Buzrugmehr bir asarni yozib tugatganidan keyin oxiriga: “Kishining bu masalalarni yod olib, olim boʻlishi ajablanarli emas, balki bu asarni yod olib, olim boʻlolmagan kishining holati ajablanarlidir”, deb yozgan ekan. Yuqoridagi oyat va hadislardan saboq olgan kishining amaliga biz ham ajablanmaymiz, tahayyur oʻziga kerakli xulosa chiqara olmaganlargadir.