Har bir diniy taʼlimotda boʻlgani kabi, islom dinida ham, musulmonlarning ibodat qilishlari uchun maxsus ibodatxona mavjud. U masjid (machit) deb nomlanadi. Masjid مسجد)) soʻzi arab tilidan olingan boʻlib, sajda qilinadigan joy degan maʼnoni anglatadi [3: 298.]. Istilohda esa, masjid deb musulmonlar jamoat boʻlib namoz oʻqiydigan ibodatxonaga aytiladi. Masjidlar asosan, kundalik besh vaqt namozni, juma, hayit va janoza namozlarini ado etish, ramazon oyida xatmi-Qurʼon va iftorliklar oʻtkazish, nikoh oʻqish kabi diniy ibodat va marosimlar bajaradigan joy sanaladi.
Islom dinidagi koʻrsatmalar Qurʼon va hadisga asoslanadi. Oʻrganishlar jarayonida shu narsa aniqlandiki, Qurʼoni karimda masjid soʻzi 26 oyatda, 27 marotaba zikr qilingan. Masjid soʻzi Qurʼoni karimning 21 oʻrnida birlik shaklida, yaʼni 16 oʻrinda “al-masjid” (المسجد) va 5 oʻrinda “masjid” (مسجد) koʻrinishida kelgan boʻlsa, koʻplik shaklida, 4 oʻrinda “al-masojid” (المساجد) va 2 oʻrinda “masojid” (مساجد) shakllarida oʻz aksini topgan.
Masjid soʻzi Aʼrof surasining 29 va 31 oyatlarida, Tavba surasining 107 va 108 oyatida va Kahf surasining 21 oyatida “masjid” (مسجد) koʻrinishida, Baqara surasining 144, 149, 150, 191, 196 va 217 oyatlarida, Moida surasining 2 oyatida, Tavba surasining 7, 19, 28 oyatlarida, Isro surasining 1 va 7 oyatlarida, Fath surasining 25 va 27 oyatlarida, Haj surasining 25 oyatida va Anfol surasining 34 oyatida “al-masjid” (المسجد) shaklida, Baqara surasining 187 oyatida va Jin surasining 18 oyatida “masojid” (مساجد) holatida hamda Baqara surasining 114 oyatida, Tavba surasining 17 va 18 oyatlarida hamda Haj surasining 40 oyatida “al-masojid” (المساجد) shaklida zikr qilingan.
Islom dining muqaddas manbasi Qurʼoni karimda yahudiylik va nasroniylikdan farqli ravishda ibodatgohni qayerga va qanday qurilishi, uning tarkibiy tuzilishi va undagi ibodat atributlarining shakl-shamoili hamda ularning mazmun-mohiyati haqida koʻrsatmalar keltirilmagan. Masjidning tarkibiy qismi va qurilishi haqidagi koʻrsatmalar hadislar bilan tartibga solingan.
Qurʼoni karimda masjid haqidagi oyatlar turli mavzularda nozil qilingan. Unga koʻra masjidlar Allohniki sanaladi. Zero, Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi:
[1:72:18].وَأَنَّ الْمَسَاجِدَ لِلَّهِ فَلَا تَدْعُوا مَعَ اللَّهِ أَحَدًا
“Va albatta masjidlar, Allohnikidir. Bas Allohdan boshqaga duo qilmang” [4: 282].
Ushbu oyati karima masjidlar Alloh ibodat qilinadigan joy, “Allohning uyi” ekanligiga dalolat qiladi.
Qurʼoni karim oyatlari tahlili shuni koʻrsatadiki, Qurʼoni karimda jami 3 (Masjid ul-Aqso, Masjid ul-Harom va Masjid az-Ziror) masjidning nomi zikr qilingan. Ulardan birinchisi Masjid ul-Harom deb nomlanadi. U musulmonlar uchun muqaddas sanalgan Makka shahrida joylashgan boʻlib, u uning hududida qon toʻkish hamda boshqa yomon ishlarni qilish harom qilingani uchun shunday nomlangan [2: 8]. Alloh taolo Qurʼoni karimning 15ta oyatida Masjid ul-Haromni zikr qilgan [1:2:144; 2:149; 2:150; 2:191; 2:196; 2:217; 5:2; 9:7; 9:19; 9:28; 17:1; 48:25; 48:27; 22:25; 8:34.].
Masjid ul-Harom haqidagi oyatlar turli mavzularda nozil qilingan boʻlib, ularning bir nechtasi musulmonlar uchun qibla oʻzgartirilib ibodatni Masjid ul-Aqsodan masjid ul-Haromga yuzlangan holda ado etilishiga bagʻishlangan. Masalan, Alloh taolo Baqara surasining 144-oyatida shunday deydi:
قَدْ نَرَى تَقَلُّبَ وَجْهِكَ فِي السَّمَاءِ فَلَنُوَلِّيَنَّكَ قِبْلَةً تَرْضَاهَا فَوَلِّ وَجْهَكَ شَطْرَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ وَحَيْثُ مَا كُنتُمْ فَوَلُّوا وُجُوهَكُمْ شَطْرَهُ وَإِنَّ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ لَيَعْلَمُونَ أَنَّهُ الْحَقُّ مِنْ رَبِّهِمْ وَمَا اللَّهُ بِغَافِل عَمَّا يَعْمَلُونَ
“Goho yuzingning osmonga tez-tez burilganini koʻrurmiz. Bas, albatta, seni oʻzing rozi boʻlgan qiblaga qaraturmiz. Yuzingni masjid ul-Harom tomonga bur. Qayerda boʻlsangiz ham yuzingizni u tomon buringiz. Albatta kitob berilganlar uning Robbilaridan boʻlgan haq ekanini bilurlar. Va Alloh ularning qilayotgan ishlaridan gʻofil emas” [5: 127].
Baʼzi oyatlar Haram masjidi oldida qon toʻkish katta gunohlardan ekanligi, “fitna” qotillikdan kattaroq gunoh ekanligi, imondan qaytib iymonsiz holda vafot etganlarga oxiratda alamli azob borligi toʻgʻrisida xabar beradi. Jumladan, Alloh taolo Baqara surasining 217-oyatida shunday marhamat qiladi:
يَسْأَلُونَكَ عَنْ الشَّهْرِ الْحَرَامِ قِتَالٍ فِيهِ قُلْ قِتَالٌ فِيهِ كَبِيرٌ وَصَدٌّ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ وَكُفْرٌ بِهِ وَالْمَسْجِدِ الْحَرَامِ وَإِخْرَاجُ أَهْلِهِ مِنْهُ أَكْبَرُ عِنْدَ اللَّهِ وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنْ الْقَتْلِ وَلَا يَزَالُونَ يُقَاتِلُونَكُمْ حَتَّى يَرُدُّوكُمْ عَنْ دِينِكُمْ إِنْ اسْتَطَاعُوا وَمَنْ يَرْتَدِدْ مِنْكُمْ عَنْ دِينِهِ فَيَمُتْ وَهُوَ كَافِرٌ فَأُوْلَئِكَ حَبِطَتْ أَعْمَالُهُمْ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَأُوْلَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ
“Sendan harom oyida urish qilish haqida soʻrarlar. “Unda urush qilish katta gunoh. Allohning yoʻlidan toʻsish, Unga kufr keltirish, Masjid ul-Haromdan toʻsish, uning ahlini undan chiqarish, Allohning huzurida eng katta gunohdir. Fitna oʻldirishdan kattaroqdir”, deb ayt. Ular, agar qodir boʻlsalar, sizlarni diningizdan qaytargunlaricha sizga qarshi urush qilaveradilar. Sizdan kimki dindan qaytib, kofir holida oʻlib ketsa, ana oʻshalar bu dunyoyu oxiratda amali habata boʻlganlardir. Ana oʻshalar doʻzax egalaridir. Ular unda abadiy qolguvchilardir” [5: 208-211].
Ayrim oyatlar haj ibodatiga oid hukmiy oyatlar qatoriga kiradi. Alloh taolo Baqara surasining 196-oyatida shunday marhamat qiladi:
وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّهِ فَإِنْ أُحْصِرْتُمْ فَمَا اسْتَيْسَرَ مِن الهَدْيِ وَلَا تَحْلِقُوا رُءُوسَكُمْ حَتَّى يَبْلُغَ الْهَدْيُ مَحِلَّهُ فَمَنْ كَانَ مِنْكُمْ مَرِيضًا أَوْ بِهِ أَذًى مِنْ رَأْسِهِ فَفِدْيَةٌ مِنْ صِيَامٍ أَوْ صَدَقَةٍ أَوْ نُسُكٍ فَإِذَا أَمِنتُمْ فَمَنْ تَمَتَّعَ بِالْعُمْرَةِ إِلَى الْحَجِّ فَمَا اسْتَيْسَرَ مِنْ الْهَدْيِ فَمَنْ لَمْ يَجِدْ فَصِيَامُ ثَلَاثَةِ أَيَّامٍ فِي الْحَجِّ وَسَبْعَةٍ إِذَا رَجَعْتُمْ تِلْكَ عَشَرَةٌ كَامِلَةٌ ذَلِكَ لِمَنْ لَمْ يَكُنْ أَهْلُهُ حَاضِرِي الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ وَاتَّقُوا اللَّهَ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
“Alloh uchun haj va umrani ado eting. Agar ushlanib qolsangiz, muyassar boʻlganicha qurbonlik qiling. Qurbonlik oʻz joyiga yetmaguncha, sochingizni oldirmang. Sizdan kim bemor boʻlsa yoki boshida ozor beruvchi narsa boʻlsa, roʻza tutish yoki sadaqa berish yohud qurbonlik soʻyish ila toʻlov toʻlasin. Agar tinch boʻlsangiz, kim umradan hajgacha huzur qilgan boʻlsa, muyassar boʻlgan qurbonlikni qilsin. Kim topmasa, uch kun hajda, yetti kun qaytganingizda – hammasi boʻlib oʻn kun toʻliq roʻza tutsin. Bu ahli Masjid ul-Haromda yashamaydiganlar uchundir. Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, albatta, Alloh iqobi shiddatli zotdir” [5: 183].
Bir oyatda Alloh taolo Oʻzining paygʻambari Muhammad alayhissalomni Masjid ul-Haromdan Masjid ul-Aqsoga sayr qildirganini yodga oladi. Alloh taolo Niso surasining 1-oyatida shunday marhamat qiladi:
سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَى بِعَبْدِهِ لَيْلًا مِنْ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ إِلَى الْمَسْجِدِ الْأَقْصَى الَّذِي بَارَكْنَا حَوْلَهُ لِنُرِيَهُ مِنْ آيَاتِنَا إِنَّه هُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ
“Oʻz bandasini kechasi Masjid ul-Haromdan atrofini barokatli qilganimiz Masjid ul-Aqsoga moʻjizalarimizni koʻrsatish uchun sayr qildirgan Zot pok boʻldi. Albatta, U eshituvchi va koʻrguvchi zotdir” [6: 396-400].
Qurʼonda nomi zikr qilingan masjidlarning ikkinchisi bu Aqso masjidi. Masjid ul-Aqso soʻzi arabcha (الأقصى المسجد) dan olingan boʻlib, “Uzoq Masjid” degan maʼnoni anglatadi. U Quddusda joylashgani uchun unga shunday nom berilgan. Ushbu masjid yer yuzida qurilgan ikkinchi masjid hisoblanadi. Abu Zarr (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh alayhissalomdan yer yuzida qurilgan eng avvalgi masjid haqida soʻradim. U zot “Masjid ul-Harom”, dedilar. Soʻngra qaysi? dedim. Soʻngra “Masjid ul-Aqso”, dedilar. Oralarida qancha (vaqt) bor? dedim. “Qirq yil”, dedilar. Soʻngra: “Yer sen uchun masjiddir. Senga qayerda namoz vaqti yetsa, oʻqi” dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Nasoiy) [2: 49].
Islom tarixida Aqso masjidi 1 yilu 8 oy davomida musulmonlarning qiblasi boʻlgan [7: 95].
Alloh taolo Qurʼonda Masjid ul-Aqsoni quyidagicha zikr qiladi:
سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَى بِعَبْدِهِ لَيْلًا مِنْ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ إِلَى الْمَسْجِدِ الْأَقْصَى الَّذِي بَارَكْنَا حَوْلَهُ لِنُرِيَهُ مِنْ آيَاتِنَا إِنَّه هُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ
“Oʻz bandasini kechasi Masjid ul-Haromdan atrofini barokatli qilganimiz Masjid ul-Aqsoga moʻjizalarimizni koʻrsatish uchun sayr qildirgan Zot pok boʻldi. Albatta, U eshituvchi va koʻrguvchi zotdir” [6: 396-400].
Ushbu oyatda Alloh taolo Muhammad alayhissalomni meʼroj kechasi Harom masjididan Aqso masjidiga sayr qildirgani haqida zikr qiladi. Bu voqea islomda Isro deb atalib, shu kecha paygʻambar alayhissalom Meʼrojga koʻtariladilar. Islom taʼlimotiga koʻra Isro va Meʼroj voqealariga ishonish shart sanaladi.
Islomda ushbu masjid ziyorat uchun boriladigan ibodatxonalar ichida masjid ul-Harom va masjidun Nabaviydan keyingi uchinchi ibodatxona hisoblanadi. Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda paygʻambar alayhissalom: “Koʻch bogʻlab borish uch masjidgagina boʻladi: Mening ushbu masjidimga, Masjid ul-Haromga va Masjid ul-Aqsoga dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy).
Boshqa bir hadisda “Faqat uchta masjid ziyoratiga borish uchun ulovga miniladi: Masjid ul-Harom, mening masjidim va Masjid ul-Aqsoga” deyilgan [2: 49].
Qurʼonda nomi zikr qilingan masjidlarning uchinchisi masjid az-ziror deb nomlanadi. Masjid az-Ziror islom tarixida musulmonlar ichida fitna chiqarish, musulmonlarni birligini buzish, islom diniga zarar yetkazish maqsadida qurilgan masjid sanaladi [7: 229]. Ushbu masjidning nomi ham aynan zarar yetkazish soʻzidan olingan. Masjid az-ziror Qurʼoni karimning tavba surasi 107-oyatida zikr qilingan boʻlib, unda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَالَّذِينَ اتَّخَذُوا مَسْجِدًا ضِرَارًا وَكُفْرًا وَتَفْرِيقًا بَيْنَ الْمُؤْمِنِينَ وَإِرْصَادًا لِمَنْ حَارَبَ اللَّهَ وَرَسُولَهُ مِنْ قَبْلُ وَلَيَحْلِفُنَّ إِنْ أَرَدْنَا إِلَّا الْحُسْنَى وَاللَّهُ يَشْهَدُ إِنَّهُمْ لَكَاذِبُونَ
“Ziyon, kufr, moʻminlar orasiga tafriqa solish va bundan oldin Allohga va Uning rasuliga urush ochgan kimsani kutish joyi boʻlishi uchun masjid qurganlar, albatta, biz yaxshilikdan boshqa narsani iroda qilganimiz yoʻq, deb qasam icharlar. Alloh shohidlik beradiki, ular, albatta, yolgʻonchilardir [8: 612].
Tavba surasining 108-oyatida ziror masjidining nomi aytilmagan boʻlsada, u yuqoridagi oyatning davomi sifatida nozil qilingan. Unda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
لَا تَقُمْ فِيهِ أَبَدًا لَمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَى مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ أَحَقُّ أَنْ تَقُومَ فِيهِ فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَنْ يَتَطَهَّرُوا وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ
“Sen u (masjid)da hech qachon turma! Albatta birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqdir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadi” [8: 613].
Islomda masjid qurishga katta ahamiyat beriladi. Zero paygʻambar alayhissalom oʻzlarining muborak hadislarida shunday marhamat qiladilar:
“Kim Alloh uchun masjid qursa, Alloh unga jannatda bir uy qurib beradi”
Ushbu hadisi sharifdan koʻrinib turibdiki, kim Allohning roziligi uchun bir masjid qursa, Alloh unga jannatni va unda u uchun bir uy qurib berishligi aytilmoqda.
Islom tarixidagi ilk masjid Muhammad alayhissalom tomonidan 622 yili Madina shahri yaqinidagi Qubo qishlogʻida barpo etilgan. Bu masjid hijrat asnosida qurilgan boʻlib, unga “Masjid ul-Qubo” nomi berilgan. Uning qurilishida paygʻambar alayhissalomning oʻzlari ishtirok etganlar. Masjidning asosi toshlardan, ustki qismi esa xom gʻishtdan qilib qurilgan[10]. Qubo masjidida minbar boʻlmagan [9: 226].
Avvaliga masjidlar mehrob, minbar kabi diniy atributlar bilan jihozlanmagan. Mazkur atributlar keyinchalik sunnat bilan shakllangan.
Masjiddagi ibodat atributlaridan birinchisi minbar. Minbar – masjidda imom vaʼz aytadigan baland joy, keng zinapoyali supa boʻlib, islom tarixidagi birinchi minbar uch pogʻonali, baland oʻrindiqli boʻlgan. Unda Muhammad alayhissalom 628-629 yillarda ikki zina orqali chiqib, vaʼz oʻqigan [12]. U masjid xonaqohining mehrob devori joylashgan qismining oʻng tomonida yoki mehrobning oʻng tarafidagi burchakda joylashgan boʻladi.
Rivoyatlarga koʻra, paygʻambar alayhissalom Madinada vaʼzni xurmo daraxtining toʻnkasiga chiqqan holda oʻqiganlar. Musulmonlarning soni koʻpayganidan soʻng paygʻambar alayhissalomga minbar yasab berish taklifiki kiritilganda rozi boʻldilar. Paygʻambar alayhissalom vafotlaridan soʻng xalifa Abu Bakr (r.a.) paygʻambarga hurmat yuzasidan minbarning ikkinchi pogʻonasiga, xalifa Abu Bakr (r.a.) vafotidan soʻng, xalifa Umar ibn Xattob (r.a.) Abu Bakr (r.a.)ga hurmat yuzasidan minbarning quyi pogʻonasiga chiqib vaʼz oʻqigan. Xalifa Umar ibn Xattob (r.a.) vafotidan soʻng, Xalifa Usmon (r.a.) Abu Bakr (r.a.) bilan bir xil ikkinchi pogʻonada, Xalifa Usmon (r.a.) vafotidan soʻng, xalifa Ali (r.a.) paygʻambar alayhissalom kabi birinchi pogʻonada vaʼz oʻqigan. Muoviya (r.a.) xalifalik davrida minbarga qoʻshimcha 6 ta pogʻona qoʻshilgan boʻlib, xalifalar xulafoi roshidinlarga hurmat yuzasidan quyi, yaʼni uchinchi pogʻonaga chiqishmagan. Bugungi kunga kelib minbar 12 va undan koʻproq pogʻonali qilib qurilayotganiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Birgina Tilla qori madrasasidagi minbar 12 pogʻonadan iborat. Minbarning katta-kichikligi masjid xonaqohining hajmi bilan bogʻliq.
Masjiddagi ibodat atributlaridan yana biri mehrob. Mehrob masjidning Kaʼba tomonidagi devori ichiga taxmon shaklida qurilgan joy [11]. Mehrob, islom dinining dastlabki davrlaridan har bir masjidda mavjud boʻlib, u namoz yuzlanib oʻqiladigan tomon (qibla)ni belgilash uchun xizmat qiladi. Hozirgi kunda masjidlarning mehrobi Qurʼoni Karim oyatlari, har xil rangdagi shishalardan foydalanib duradgor ustalar tomonidan ishlov berilgan naqshlar bilan bezatilganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Shuni aytib oʻtish kerakki, mazkur bezaklardan musulmonlar nafaqat mehrobni, balki, minbar va masjid shiftini bezashda ham foydalanadilar.
Islom taʼlimotida ibodatlarni masjidda bajarish shart qilib belgilanmagan. Musulmonlarga ibodatga imkon bor, pok joyda ibodat qilishga ruxsat berilgan. Biroq, masjidda jamoat bilan oʻqilgan namoz uyda oʻqilgan namozdan afzal sanaladi.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan xulosa qilib quyidagilarni keltirish mumkin:
- Islom dining muqaddas manbasi Qurʼoni karimda yahudiylik va nasroniylikdan farqli ravishda ibodatgohni qayerga va qanday qurilishi, uning tarkibiy tuzilishi va undagi ibodat atributlarining shakl-shamoili hamda ularning mazmun-mohiyati haqida koʻrsatmalar keltirilmagan. Masjidning tarkibiy qismi va undagi atributlar haqidagi koʻrsatmalar hadislar bilan tartibga solingan.
- Islom dinining muqaddas manbasi Qurʼoni karimda masjid masjid soʻzi 26 oyatda, 27 marotaba zikr qilingan. Masjid soʻzi Qurʼoni karimning 21 oʻrnida birlik shaklida, yaʼni 16 oʻrinda “al-masjid” (المسجد) va 5 oʻrinda “masjid” (مسجد) koʻrinishida kelgan boʻlsa, koʻplik shaklida, 4 oʻrinda “al-masojid” (المساجد) va 2 oʻrinda “masojid” (مساجد) shakllarida oʻz aksini topgan;
- Islom taʼlimotiga koʻra masjidlar Allohniki boʻlib, u musulmonlarning kundalik besh vaqt namoz, juma, hayit va janoza namozlarini ado etish, ramazon oyida xatmi-Qurʼon va iftorliklar oʻtkazish, nikoh oʻqish kabi diniy ibodat va marosimlarni bajariladigan joy;
- Islom dinining muqaddas manbasi Qurʼonda karimda uch masjid (Masjid ul-Aqso, Masjid ul-Harom va masjid az-Ziror) nomi zikr qilingan;
- Masjid ul-Harom insoniyat tarixidagi eng birinchi qurilgan masjid. Masjid ul-Xarom haqida tushgan oyatlar turli mavzularda nozil qilingan. Masjid haqida nozil qilingan 15 oyatning bir nechtasi musulmonlar uchun qibla oʻzgartirilgani (Masjid ul-Aqsodan masjid ul-Haromga) va ibodatni Masjid ul-Haromga yuzlangan holda ado etilishi lozimligi aytilgan boʻlsa, baʼzi oyatlarda Harom masjidi oldida qon toʻkish katta gunohlardan ekanligi, “fitna” qotillikdan kattaroq gunoh ekanligi, imondan qaytib iymonsiz holda vafot etganlarga oxiratda alamli azob borligi aytilgan. Ayrim oyatlar haj ibodatiga oid hukmiy oyatlar qatoriga kirsa, bir oyatda Alloh taolo Oʻzining paygʻambari Muhammad alayhissalomni Masjid ul-Haromdan Masjid ul-Aqsoga sayr qildirganini (Isro voqeasi) yodga oladi;
- Aqso masjidi insoniyat tarixida qurilgan ikkinchi masjid boʻlib, u masjid ul-Haromdan 40 yil keyin qurilgan;
- Avvaliga Masjid ul-Aqso musulmonlarga qibla vazifasini bajargan. Keyinchalik Allohning buyrugʻiga binoan qibla Kaʼbaga oʻzgaradi. Bugungi kunda paygʻambar alayhissalomning masjidlarida ikki qiblaning oʻrni bor. Ushbu masjid “masjidul qiblatayn” ikki qiblali masjid deb ham ataladi;
- Masjid az-ziror islom tarixida musulmonlar ichida fitna chiqarish, musulmonlarni birligini buzish, islom diniga zarar yetkazish maqsadida qurilgan masjid sanaladi. Keyinchalik ushbu masjid buzib tashlangan;
- Avvaliga masjidlar mehrob, minbar kabi diniy atributlar bilan jihozlanmagan. Mazkur atributlar keyinchalik sunnat bilan shakllangan;
- Minbar – masjidda imom vaʼz aytadigan baland joy, keng zinapoyali supa boʻlib, islom tarixidagi birinchi minbar uch pogʻonali, baland oʻrindiqli boʻlgan. Unda Muhammad alayhissalom 628-629 yillarda ikki zina orqali chiqib, vaʼz oʻqigan. U masjid xonaqohining mehrob devori joylashgan qismining oʻng tomonida yoki mehrobning oʻng tarafidagi burchakda joylashgan boʻladi.
Rivoyatlarga koʻra, paygʻambar alayhissalom Madinada vaʼzni xurmo daraxtining toʻnkasiga chiqqan holda oʻqiganlar. Musulmonlarning soni koʻpayganidan soʻng paygʻambar alayhissalom oʻzlariga minbar yasashni buyurdilar. Paygʻambar alayhissalom vafotlaridan soʻng xalifa Abu Bakr (r.a.) paygʻambarga hurmat yuzasidan minbarning ikkinchi pogʻonasiga, xalifa Abu Bakr (r.a.) vafotidan soʻng, xalifa Umar ibn Xattob (r.a.) Abu Bakr (r.a.)ga hurmat yuzasidan minbarning quyi pogʻonasiga chiqib vaʼz oʻqigan. Xalifa Umar ibn Xattob (r.a.) vafotidan soʻng, Xalifa Usmon (r.a.) Abu Bakr (r.a.) bilan bir xil ikkinchi pogʻonada, Xalifa Usmon (r.a.) vafotidan soʻng, xalifa Ali (r.a.) paygʻambar alayhissalom kabi birinchi pogʻonada vaʼz oʻqigan. Muoviya (r.a.) xalifalik davrida minbarga qoʻshimcha 6 ta pogʻona qoʻshilgan boʻlib, xalifalar xulafoi roshidinlarga hurmat yuzasidan quyi, yaʼni uchinchi pogʻonaga chiqishmagan. Bugungi kunga kelib minbar 12 va undan koʻproq pogʻonali qilib qurilayotganiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Birgina Tilla qori madrasasidagi minbar 12 pogʻonadan iborat. Minbarning katta-kichikligi masjid xonaqohining hajmi bilan bogʻliq.
- Mehrob masjid atributlaridan biri. “Mehrob” soʻzi arab tilidan olingan boʻlib “sajdagoh“ degan maʼno anglatadi. Mehrob masjidning Kaʼba tomonidagi devori ichiga taxmon shaklida qurilgan joy [11]. Mehrob islom dinining dastlabki davrlaridan har bir masjidda mavjud boʻlib, u namoz yuzlanib oʻqiladigan tomon (qibla)ni belgilash uchun xizmat qiladi. Hozirgi kunda masjidlarning mehrobi Qurʼoni karim oyatlari, har xil rangdagi shishalardan foydalanib duradgor ustalar tomonidan ishlov berilgan naqshlar bilan bezatilganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Shuni aytib oʻtish kerakki, mazkur bezaklardan musulmonlar nafaqat mehrobni, balki, minbar va masjid shiftini bezashda ham foydalanadilar.
- Islom taʼlimotiga koʻra, uch masjid (Masjid ul-Harom, Masjidun Nabaviy va Masjid ul-Aqsolar) har bir musulmon ziyorat qilishi lozim boʻlgan masjidlar hisoblanadi;
- Islom taʼlimotida kim bir masjid qursa jannatda Alloh taolo unga buning evaziga qasr qurib beradi.
-
Qurʼoni karim.
-
Sahobov O. Uch muqaddas masjid. – T.: Movarounnahr, 2017.
-
“An-Naim ul-Kabir” arabcha-oʻzbekcha lugʻat. – Namangan. Namangan, 2014.
-
Tafsiri hilol . 6-Juz / Tarjima va tafsir muallifi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – T.: Sharq nashriyot-matbaa birlashmasi, 2009.
-
Tafsiri hilol. 1-Juz / Tarjima va tafsir muallifi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – T.: Sharq nashriyot-matbaa birlashmasi, 2009.
-
Tafsiri hilol . 3-Juz / Tarjima va tafsir muallifi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – T.: Sharq nashriyot-matbaa birlashmasi, 2009.
-
Huzariy, Muhammad. – Nurul yaqiyn: M.Solihning arab tilidan oʻgirgan uygʻurcha matni asosida E.Usmonov oʻzbekchalashtirgan. –T.: Choʻlpon, 1992.
-
Tafsiri hilol. 2-Juz / Tarjima va tafsir muallifi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – T.: Sharq nashriyot-matbaa birlashmasi, 2009.
-
Koʻnrapa, Muhammad Zako. Paygʻambarimiz (s.a.v.) va islom tarixi/Masʼul muharrir Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq, 2017.