Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat universiteti hamkorligida universitetning kimyo fakultetida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir shu mavzuga bagʻishlandi.
Tadbirda Markaz ilmiy xodimlari, Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti pedagoglar jamoasi va talaba yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida soʻzga chiqqan Markaz boʻlim boshligʻi Tohir Evadullayev va fakultet dekani Noryigit Musulmonov bugungi kunda Oʻzbekistonda barqaror taraqqiyot hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini taʼminlash, bagʻrikenglik qadriyatlariga asoslangan demokratik jamiyat qurish yoʻlida olib borilayotgan islohotlarni jahon hamjamiyati eʼtirof etayotganini taʼkidladilar.
Maʼrifiy uchrashuvda Markaz ilmiy xodimlari Bayozxon Mahmudov, Sirojiddin Abduvoitov va fakultet dekanining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari Mashrab Mamirzayevlar maʼruza qilib, bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida avj olayotgan qarama-qarshiliklar, jumladan, Yaqin Sharq mamlakatlarida odamlarni qurbon qilayotgan toʻqnashuvlar, turli yoʻnalish va oqimlar oʻrtasida kuchayib borayotgan ziddiyatlar islom dini niqobi ostida amalga oshirilayotganiga dalillar keltirdi.
Davra suhbatida har qanday buzgʻunchilik va fitnalardan xoli boʻlgan, tinchlik va ezgulikka yoʻgʻrilgan dinimiz sofligini saqlash, yot oqimlarga qarshi maʼrifat bilan kurashish, mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganligi alohida taʼkidlandi.
Ishtirokchilarga Markaz faoliyati va yutuqlari, ayni paytda olib borilayotgan tadqiqot yoʻnalishlari, shuningdek, rejalashtirilgan ilmiy loyihalar xususida hamda ularni qiziqtirgan savollari yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.