Bugungi Oʻzbekiston davlati va huquqining poydevori – milliy davlatchilik asoslari juda qadim va mustahkam boʻlib, koʻp asrlik tarixga ega.
Mintaqamizning boy madaniyati asrlar davomida ajdodlarimizning ijodi bilan takomillashdi, boyidi va taraqqiyotning yuksak pogʻonalariga koʻtarilib, butun bashariyat uchun bebaho meros boʻlib qoldi. Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov bu haqda quyidagi fikrni bildirgan edi: “Oʻtmishdagi allomalarning bebaho merosi qanchadan qancha avlodlarning maʼnaviy-ruhiy ongini va turmush tarzini shakllantirgan edi va u hamon taʼsir koʻrsatmoqda” [1: 40-41].
Asrlar davomida turli mamlakatlarda yuzlab olimu ulamolar islom huquqshunosligi bilan mashgʻul boʻlib kelgan. Jumladan, mavoraunnahrlik faqihlar oʻz asarlari va huquqiy nazariyalari bilan islom huquqi sohasida ulkan ishlarni amalga oshirgan va fiqh ilmining har tomonlama rivoj topishiga ulkan hissa qoʻshgan.
Faqihlar mujtahidlardan soʻng nafaqat taxrij va tarjih zamoni, balki taqlid davrida ham islom huquqshunosligini takomillashtirish yoʻlida faxrlanishga arzigulik ilmiy muvaffaqiyatlarga erishgan. Ular kalom va huquq sohasida yangi fan va maktablarga asos solish bilan birga, yangi huquqiy nazariyalarni ham yaratgan.
XII asrda Movarounnahrda fiqh ilmi rivoji uchun taʼsirchan omillar yuzaga kela boshladi. Ulardan biri, A.Moʻminov fikricha, Qoraxoniylar davlati qaror topishi natijasida “Movarounnahrning Xuroson bilan aloqalari zaiflashib, oyoqqa turgan mahalliy maktablarning mustaqil rivojlanishiga asos yaratilganidir. Markaziy shaharlarda avtonom boshqaruv kuchayishi ulamolar taʼsir doirasining kengayishiga olib keldi. Bu bilan fiqh normalarini hayotga tatbiq etishga real sharoit yaratildi. Buxoro va Samarqand haqiqiy ilm markazlariga aylandi. Bu shaharlarda nasaflik, marvlik va fargʻonalik faqihlar ham faoliyat koʻrsatardi” [3: 42].
Turk tadqiqotchilarining xulosasiga koʻra, bu davrda 300ga yaqin faqih yashagan va 150dan koʻproq fiqhiy (huquqiy) asar, 20ta fatovo (fatvolar majmuasi) yozilgan, ularning asosiy qismi hanafiy mazhabiga tegishli boʻlgan.
Bu davrda yaratilgan bebaho asarlardagi maʼlumotlarni hanafiy fiqhining anʼanaviy qobigʻiga kiritish 3 yoʻl bilan amalga oshirilgan:
1) Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “Zohirur rivoya” turkumidagi asarlariga sharhlar yozilgan;
2) fiqh ilmiga oid yangi kitoblar tuzilgan;
3) avvalgi davr va zamondosh faqihlarning fatvolari toʻplamlarga yigʻilgan.
Bu ishlarni umumlashtiruvchi darslik sifatida Margʻinoniyning “Kitobul Hidoya fi sharhil Bidoya” asari paydo boʻldi [3: 42]. U ixchamligi, mukammalligi, hanafiy mazhabini boshqa sunniy mazhablar bilan qiyosiy oʻrganib, har tomonlama yoritgani uchun oʻziga xos nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
Burhonuddin Margʻinoniy hanafiy mazhabining son-sanoqsiz huquqiy masalalarini hal qilish yoʻlini topishga muvaffaq boʻldi. U mustaqil ijtihod qilish vakolatiga ega boʻlmasa ham oʻz ilmiy-huquqiy asarlarini yaratishda qiyosdan (qiyosi jaliydan), ayniqsa qiyosning ikkinchi turi boʻlmish “qiyosi xafiy” yoki “istihson”dan keng foydalandi [5: 90]. Shuning uchun ayrim olimlar Margʻinoniyni “Mujtahid fil mazhab”, mazhabdagi mujtahid deb bilgan [6: 18].
Margʻinoniyning fikricha, bilim uch manbadan hosil boʻladi. Birinchisi – nass. U sharʼiy hukm manbai boʻlmish Qurʼon oyatlari va Paygʻambar (S.A.V.)ning hadisi shariflaridir. Ikkinchisi – aql va tafakkur, uchinchisi – his-tuygʻu (sezgi) organlarida hosil boʻladigan maʼlumotlar.
Alloma “Hidoya”da fiqhiy masalalarni yoritishda qiyosiy uslubdan foydalanib, turli mazhabdagi nazariyalarni solishtirgan. Avval, Qurʼon, soʻng sunnatga asoslangan, keyin ijmo va qiyosga oʻtgan. Qiyos muammoni hal etishda yordam bermasa, istihson (qiyosi xafiy)ga oʻtgan. Yechimi topilmagan holatda urf-odatga tayanib, xulosa chiqargan.
Qiyos, istihson va urfga tayanish huquqiy masalalarni hal etishda Margʻinoniyga katta imkoniyatlar ochib bergan. Alloma ibodatlardan tashqari insonning kundalik hayotiga tegishli huquqiy masalalarni boshqa dalillar bilan birga, oʻziga xos mezonlar orqali ham baholagan. Mantiqiy tahlildan oʻtkazgan. Istiqro (deduksiya) va ilmiy tahlil (analiz)dan keng foydalangan. Har bir masalani turli mazhablar orasida qiyosiy uslubda oʻrganib, xulosa chiqargan va eng maʼqul deb topgan fikrini tahlil oxirida zikr etib, shuni ustun qoʻygan. Shundan xulosa qilib “Hidoya” islom huquqining falsafiy tahlilidir, desak, toʻgʻri boʻladi [6: 18].
“Hidoya” Margʻinoniyning shoh asaridir. Buni uning zamondoshlari ham eʼtirof etgan. Xususan, Xaddod: “Hidoya ham Qurʼon singari shariat boʻyicha oʻzidan avval yozilgan kitoblarni eʼtibordan qoldirdi” [4: 3], degan.
Asar 13 yil davomida yozilgan. Buning sababi: birinchidan, “Bidoyatul mubtadiy”ga Imom Muhammad Shayboniyning “Jomius sagʻir” va Quduriyning “Muxtasar” asarlari asos qilib olingan. “Bidoyatul mubtadiy”da minglab farʼiy masalalar mavjud boʻlib, ular orasida insonning kundalik hayotiga bogʻliq, oʻz yechimini topmagan koʻplab muammolar koʻp edi. Oʻsha davrning oʻzgaruvchan sharoitini sinchiklab oʻrganish, birinchi darajali muammolarni ikkinchi darajalisidan ajratib olib, ularni yechish yoʻllarini belgilab berish muallifdan katta diqqat-eʼtibor, har tomonlama sinchkovlik va chuqur kuzatishlarni talab qilardi. Ikkinchidan, Burhonuddin Margʻinoniy fiqh ilmi bosib oʻtgan olti davrning (Paygʻambar alayhissalom, sahobalar, tobeinlar, mujtahidlar, muxarrijlar va muqallidlar) beshinchi bosqichi boʻlmish muxarrijlar (avval oʻtgan mujtahid va buyuk huquqshunos olimlar asarlariga murojaat qilish orqali mazhab doirasidagi yangi murakkab huquqiy muammolarni yechish yoʻllarini topuvchilar) zamonida yashagani uchun ijtihod qilish vakolatiga ega emas edi. Chunki IV hijriy asrning boshida (milodiy X asrda) hech kimda islom huquqi boʻyicha ijtihod qilish vakolati yoʻq, degan fikr bor edi. Huquqshunoslik boʻyicha barcha faoliyat buyuk olimlar belgilab bergan asosiy qonun-qoidalarni izohlash, tafsir etishdan iborat boʻlishi kerak, degan qarash mavjud edi [2:105]. Lekin Abdulhay Laknaviy “Favoidul bahiya” asarida hanafiy mazhabi olimlarini olti guruhga boʻlib, Burhonuddin Margʻinoniy va Quduriyni “asʼhobut tarjih”, yaʼni baʼzi rivoyatlarni baʼzilaridan tarjih berish (ustun qoʻyish) salohiyatiga ega olimlar qatorida zikr etgan.
Burhonuddin Margʻinoniyda turli mualliflar yozgan koʻplab fatovolar (huquqiy majmualar) bor edi. Ularda minglab masala, ayrim muammolar boʻyicha oʻnlab mulohaza, hatto bir-biriga qarama-qarshi nazariyalar ham mavjud edi. Muallif biror huquqiy masalani yoritish uchun, birinchidan, shariatning asosiy manbalari, undan keyin Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofiʼiy, Imom Ahmad ibn Hanbalning asarlari, Shayboniyning “Zohirur rivoya” kitobi, Abu Yusufning “Kitobul xiroj”, “Adabul qoziy”, “Abu Hanifa va Ibn Abu Laylo oʻrtasidagi ixtiloflar”, “Avzoiy va Anas ibn Molikning ayrim huquqiy masalalar boʻyicha bildirgan fikrlariga yozilgan raddiya” kitoblari, Imom Zufar asarlari, shuningdek, islom huquqiga oid son-sanoqsiz kitob va toʻplamlarni oʻqib chiqib, ularda bildirilgan fikr-mulohazalarni bir-biri bilan solishtirib, asosli xulosalar chiqarishi kerak edi [6: 22].
Albatta, eng hayotiy va zarur rivoyatlarni tanlab olib, ularning toʻgʻriligini naqliy dalillar bilan isbotlab, aqliy dalillar bilan mustahkamlash, mumtoz asarlarning mazmuniga chuqur kirib borib, ularning huquqiy asoslarini belgilab olish katta mehnat va izchil izlanishni talab qilar edi.
Burhonuddin Margʻinoniy “Hidoya”da huquqiy muammolarni yechish jarayonida faqat uch asosiy mazhab (hanafiy, molikiy, shofeʼiy) emas, balki zohiriy va avzoiy mazhablariga oid mulohazalarini ham keltirib oʻtadi va har biri haqida oʻz nuqtai nazarini bildiradi. Shu jihatdan “Hidoya” ilmul xilof (qiyosiy huquqshunoslik)ni keng koʻlamda oʻrganish uchun muhim va eʼtiborli manba hisoblanadi. Hanbaliy mazhabiga tegishli masalalar “Hidoya” va boshqa yirik faqihlar yozgan asarlarga kiritilmaganining sababi shuki, ahli sunna faqihlari XII asrgacha hanbaliylarni faqih emas, muhaddis deb bilgan.
Shunday qilib, Margʻinoniy yozgan toʻrt jildlik “Hidoya” kitobi hanafiy mazhabi boʻyicha muhim va mukammal huquqiy asar sifatida 55dan ortiq kitob, yuzlab bobu fasllardan tarkib topgan boʻlib, meros huquqidan tashqari, islom huquqining barcha sohacini qamrab olgan. Alloma meros huquqini kiritmaganining sababi shundaki, Abu Hanifa bu mavzuni maxsus fan sifatida fiqh ilmidan ajratib, uni faroiz deb atagan.
“Hidoya”ning birinchi jildi tahorat va amaliy ibodatlar (namoz, roʻza, zakot va haj)ga, ikkinchi jildi oila huquqi, qul saqlash muammosi, hadlar (Alloh tomonidan belgilangan jazolar), xalqaro huquq meʼyorlari, shirkat, islom huquqiga xos boʻlgan vaqf huquqi kabi masalalarga, uchinchi jildi muomalot turlari (fuqarolik huquqi), sud, sud jarayoni, toʻrtinchi jildi esa dehqonchilik va yer muammosi, jinoyat turlari, guvohlik va boshqa koʻplab mavzularga bagʻishlangan.
Tahlillardan xulosa qilib aytish mumkinki, hanafiy mazhabi Movarounnahr hududida keng tarqalgan boʻlib, uning Margʻinoniydek juda koʻp yirik va salohiyatli vakillari va imomlari ham eʼtiqod, ham huquq bobida kamolot darajasiga yetishgan. Ular hanafiy mazhabining huquqiy, aqidaviy asoslarini tashkil etuvchi Abu Hanifaning asarlari va uning iqtidorli shogirdlari Muhammad ibn Hasan Shayboniy va Abu Yusufning “Zohirur rivoya”, “Kitobul xiroj” kabi fiqhiy kitoblariga asoslangan holda, nihoyatda muhim huquqiy risolalar yaratib, mazhabning rivoji va gullab-yashnashiga munosib hissa qoʻshib kelgan. Masalan, Movarounnahrning buyuk faqihlaridan sakkiztasi fiqh ilmi sohasida “Mabsut” nomi bilan ilmiy asarlar yozgan. Ulardan Faxrulislom Bazdaviy 11 jildlik, shayxulislom Muhammad ibn Husayn Buxoriy Hanafiy va Shamsulaimma Saraxsiy 15 jildlik asarlar yozgan. Bular islom huquqining barcha sohalari, jumladan, oila va nikoh, jinoyat, mulkiy munosabatlar, xalqaro huquq kabi koʻplab masalalarni qamrab olgan bebaho meros hisoblanadi.
Jamiyatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida oʻzbek xalqining maʼnaviyatini, jumladan, diniy savodxonligini oshirish jarayonida islom huquqining yuqorida sanab oʻtilgan sohalarini, ayniqsa, oilaviy munosabatlarga oid qoidalarini ilmiy tahlil qilish ijtimoiy zaruratga aylanmoqda. Chunki, islomda oilaviy munosabatlarga oid normalarning ijtimoiy mohiyatini tadqiq etish va hozirgi kunda ildiz otib borayotgan fundamentalistik oqimlarning bu boradagi qarashlari mutlaqo notoʻgʻri ekanini va ijtimoiy salbiy oqibatlarini ilmiy tahlil qilish amaliy jihatdan oʻta muhimdir.
Qurʼon oyatlari va hadislarda belgilab berilgan, faqihlarimizning asarlarida bayon qilingan oilaviy munosabatlarga oid adolat, burch, majburiyat kabi tushunchalar, er-xotin, ota-ona va farzandlar, qarindoshlar oʻrtasidagi munosabatlar, umuminsoniy axloq qadriyatlaridan kelib chiqqan asosiy talablar totalitar tuzum hukmronlik qilgan davrda buzib talqin qilingan. Shu bois islom huquqi normalarida oilaviy munosabatlarning umumijtimoiy jihatlari – ijtimoiy-tarixiy negizlari, madaniy-maʼnaviy va huquqiy xususiyatlari, islomning asosiy manbalari va klassik fiqhiy kitoblarning XII asrda yozilgan “Hidoya” asari asosida ilmiy tadqiq etilishi, odat huquqi bilan qiyosiy oʻrganilishi diniy-siyosiy, gʻoyaviy kurashlar ketayotgan hozirgi kun uchun oʻta ahamiyatlidir. Chunki, islom huquqi hozirgi kunda odat huquqining bir turi sifatida qaralmoqda va uning xalqqa taʼsir darajasi chuqur ekani barchaga maʼlum.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, XII asrda islomiy ilmlarni har tomonlama rivojlantirib, moʻtabar asarlar qoldirgan allomalarimizning merosini oʻrganish tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifadir. Chunki, Burhonuddin Margʻinoniy kabi koʻplab allomalarning merosi islom huquqshunosligi tarixida muhim manba hisoblanadi. Bu meros nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun musulmon olami huquqshunosligida katta oʻrin tutadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
- Karimov I.A. Oʻzbekiston: milliy istiqlol, iqtisodiyot, siyosat, mafkura. – T., Oʻzbekiston, 1996.
- Majid Xadduriy, Xerbert Lebisni. “Islomda huquq”, Tehron – Nyu York, 1958.
- Moʻminov A. Movarounnahr ulamolari: hanafiylar // Sharqshunoslik. №9 /1999.
- Muhammad Abdulhay. Hidoya muqaddimasi sifatida yozilgan risola. – Lakhnau: 1394 h.y.
- Toshqulov. J., Yusupova N., Bekmirzayev I., Sarsenboyev O., Masaidov S. Islom huquqshunosligi. Oʻquv qoʻllanma. – T.; Toshkent islom universiteti nashriyot matbaa birlashmasi, 2014.
- Yusupova N.J., Juzjoniy A.Sh. Burhonuddin Margʻinoniy: Hayoti va ilmiy merosi. – T.: Akademiya, 2007.