Home / FOTO LAVHALAR / HAMKORLIKDAN BARCHA BIRDЕK MANFAATDOR

HAMKORLIKDAN BARCHA BIRDЕK MANFAATDOR

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Avstraliya Fatvo kengashi Bosh kotibi, doktor Shayx Salim Alvon al-Husayniy hamda Kaliforniyadagi (AQSH) Anaxeyn islom markazi doktori Shayx Bilol al-Halloq bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida direktor Sh.Ziyodov mehmonlarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning maqsad va vazifalari, oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, xususan, dunyodagi koʻplab ilmiy muassasalar bilan yoʻlga qoʻyilgan aloqalar, bu yerda tayyorlangan nashrlar haqida maʼlumot berdi.

Muloqot chogʻida Shayx Salim Alvon al-Husayniy islom ilmlarini rivojlantirish va jahon boʻylab keng yoyishga beqiyos hissa qoʻshgan allomalar yurti – Oʻzbekiston zaminida ilk bor mehmon boʻlib turganidan chuqur mamnuniyat izhor etib, yurtimizda maʼnaviy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlardan katta taassurot olganini, faoliyati davomida islom olamining ikki buyuk allomasi – Imom Buxoriy va Imom Moturidiy asarlarini koʻp bor mutolaa qilganini, ular yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borayotganini bildirdi.

Shayx Bilol al-Halloq buyuk ajdodlarimiz haqida fikr yuritar ekan, bugungi kunda din niqobi ostida yoshlarni yoʻldan ozdirayotgan, turli xunrezliklarni amalga oshirayotgan mutaassib, aqidaparast oqimlarning asossiz daʼvolarini ilmiy asoslangan raddiya berishda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi allomalarning asarlari ishonchli dalil boʻlishini qayd etdi.

Suhbat davomida mutafakkirlar merosini oʻrganish va keng targʻib etish borasida imkoniyatlarni birlashtirish va hamkorlikni kengaytirishdan barcha tomonlar birdek manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Mehmonlar Markaz kutubxonasi va undagi kitob fondi bilan tanishdi. Ayniqsa, hadis, fiqh, tafsir va tarix sohalariga oid asarlar mehmonlar diqqatini koʻproq oʻziga jalb etdi. Markazning kitob jamgʻarmasiga Imom Buxoriyning “Adabul mufrad”, “Qiroat xalfal imom” va “Tafsir uvlin nuho” asarlari hadya qilindi.

Mazkur uch asarni Shayx Salim Alvon al-Husayniy tayyorlagan boʻlib, olim birgina “Adabul mufrad”ni 35 ta zamonaviy va 12 ta qoʻlyozma nusxasiga qiyoslagan holda tahqiq qilishga 5 yilga yaqin vaqt sarflagan. “Tafsiri uvlin nuho” esa hozirgi notoʻgʻri aqida tarafdorlariga raddiya sifatida yozilgan.

Mehmonlarga ilmiy xodimlar tomonidan nashrga tayyorlangan kitob va risolalar hadya qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …