Home / ALLOMALAR / AHMAD ZIYOUDDIN KUMUSHXONAVIY – BAGʻRIKЕNGLIK TIMSOLI

AHMAD ZIYOUDDIN KUMUSHXONAVIY – BAGʻRIKЕNGLIK TIMSOLI

Bagʻrikenglik oʻzgalarning xulq-atvori, turmush tarzi, fikr-mulohazalari, gap-soʻzlari, his-tuygʻulari, eʼtiqodi, harakatlariga nisbatan sabr-toqatli, chidamli boʻlishni anglatadi. Lugʻatlarda bagʻrikenglik “tolerantlik” (lot.: “tolegaptio” – matonat-chidam, sabr-toqat) tushunchasining sinonimi sifatida ishlatiladi. Bagʻrikenglik – oʻzgalarga nisbatan mehr-muruvvatli, gʻamxoʻr, saxiy, keng feʼlli boʻlgan maʼnaviy fazilatlarga ega kishilarni ifodalovchi tushunchadir.

Rossiyada chop qilingan sotsiologik lugʻatda tolerantlikka quyidagicha taʼrif beriladi:

a) Yot odamning turmush tarzi, xulqi, urf-odati, hissiyoti, fikri, gʻoyasi, eʼtiqodiga chidamlilik bilan yondashuv;

b) noqulay omillarni sezmay qolish natijasida sodir boʻlgan hodisalarga vazminlik bilan yondashuv;

v) noqulay, nomaqbul hissiy omillar taʼsiriga xam chidam bilan yondashuv [1: 278].

Mark Natturno tolerantlikni oʻzga hayot tarzi, nuqtai nazar, gʻoya va eʼtiqodlarga toqatlilik bagʻrikenglikdir deb, oʻz fikrini bunday davom ettirgan: “Mening fikrimcha, biz erkin va ongli mavjudot boʻlganimiz sababli aybni atrofdagilarga agʻdarishdek bidʼatlardan xoli boʻlishimiz kerak. Alalxusus, bu tolerantlikka aloqador boʻlib, ushbu tolerantlikni uzoq muddat erkinlikka toʻsiq boʻlib kelgan diniy, etnik va irqiy xurofotlarni yengib oʻtish yoʻlidagi urinishlarimiz sifatida tavsiflash mumkin”.

Mark Natturno fikrlaridan ayonki, “Tolerantlik – bu yoqmaydigan, hatto yovuz deb hisoblanuvchi narsalarga toqat bilan munosabatda boʻlishdir”. Munosabatning bunday turini maʼrifatparvar faylasuflar boʻlmish Volter va Jon Lokk diniy taʼbirlarga qarshi chora sifatida talqin etgan va bu XVIII asrdan boshlab axloqiy ideal sifatida qadrlangan [2: 40].

Bagʻrikenglik – bu kishi yetukligi, insoniyligi darajasini belgilovchi mezonlarning eng muhimidir. Azal-azaldan xalqimiz yordamga muhtoj kishilarga muruvvat koʻrsatgan, nogironlarni qoʻllab-quvvatlagan, yetim-yesirlar boshini mehr ila silagan, bagʻriga bosgan. Bagʻrikenglik – tasavvufiy hayotning oʻzi. Tasavvufning oldiga qoʻygan maqsadi esa muhabbat, yaʼni Allohga muhabbatdir. Zero, “Yaratganni sevish yaratilganlarini sevish bilandir”.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarni bagʻrikeng boʻlishga chaqirganlar. Sahobalarga barcha jabhada bagʻrikeng boʻlish kerakligini uqtirib, “Sotganda ham, sotib olganda ham, haq talab qilganda ham bagʻrikeng boʻlgan kishiga Alloh rahm qilsin”, deganlar [3:128].

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻz nafslari uchun hech qachon gʻazab qilmaganlar, birovdan oʻch olmaganlar. Shu sababli buyuklarning buyugi darajasida maqtovga sazovor boʻlganlar. Bunday goʻzal sifatlar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari amal qilgan yoʻlda sobit qolgan, ahli sunna val jamoa eʼtiqodida boʻlgan valiylar, avliyolarda kuzatilgan.

Bagʻrikeng kishilar timsoli sifatida hozirgi kunda dunyo boʻylab keng tarqalgan naqshbandiya tariqati asoschisi, Buxoroyi Sharifda yashab oʻtgan hazrat Bahouddin Naqshband va shu tariqatni davom ettirgan tasavvuf namoyandalarini keltirish mumkin [4:3]. Naqshbandning ilm oʻrganishi, saxovatpeshaligi, omma bilan yaxshi munosabatda boʻlishi, har bir ishga Allohga tavakkul qilishi bagʻrikenglik sifatlaridir.

Naqshbandiya taʼlimotining buyuk namoyandalardan biri – “Silsilai sharif” (“oltin zanjir”)da 32-halqaning piri murshidi Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy mana shunday fazilatlarga ega inson boʻlgan [5: 28].

Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy hijriy 1228 (milodiy 1813) yilda Rum diyori – hozirgi Turkiyadagi Kumushxona shahrining “Amirlar” mahallasida dunyoga kelgan. Ajdodlari Buxoroi Sharifdan boʻlgan. Otasi solih inson boʻlib, tijorat bilan shugʻullangan. Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy besh yoshida oʻqishni boshlab, sakkiz yoshida Qurʼoni karimni yodlagan, “Daloili xayrot”, “Qasidai Burda” va “Hizbul Aʼzam” kabi kitoblarni qiroat qilishga ustozlardan ruxsat olgan [6: 302].

Oliyhimmat, sergʻayrat, irodali, qatʼiy xulq sohibi boʻlmoq ilm talab qilishda zarur boʻlgan shartlar hisoblanadi. Taʼkidlash joizki, bu goʻzal sifatlar Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyda bolaligidan namoyon boʻlgan.

Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy oʻn yoshida boʻlganda, otasi bilan birga Qora dengiz atrofidagi shaharlardan biri Trabzonga hijrat qiladi. U yerdagi peshqadam olimlardan olat (balogʻat), sarfu nahv, maʼoniy (adabiyot, badiiyat) va mantiq bilimlarini hamda shariat ilmlarini oʻrgana boshlaydi. Yosh boʻlishiga qaramay, doʻkonda otasiga yordam berib, boʻsh vaqt topdi deguncha ilohiy ishq va shavq bilan ilm tahsiliga saʼy va gʻayrat qilar, maqsadi koʻproq ilm olishda edi.

Yoshligida halol pul topishga harakat qilib, oʻz qoʻllari bilan hamyon toʻqib sotgan va topganini ilm yoʻlida sarflagan. 18 yoshlarida amakisi bilan Istanbulga borib, otasi uchun kerakli tijorat mollarini olib, amakisiga topshiradi va bunday dedi: “Amakijon, men shu lahzada ilm va maʼrifat shahri boʻlgan Istanbulda turganimdan ulugʻ bir saodat va baxtiyorlik ogʻushidaman. Men uchun ilm va maʼrifatni qoʻlga kiritish hamma narsadan ustun turadi. Zinhor mendan ranjib, xafa boʻlmang. Vaqtida, kelajakda kerak boʻladi deb, oʻz qoʻlim bilan hamyonlar toʻqib, ularni sotib, bir qancha pul yiqqan edim. Oʻzimda hech narsa qoldirmasdan, bularni ham sizga topshirib, otamga joʻnataman” [6: 302].

Ibodat bilan halol kasb qilish Qurʼoni karimning bir necha joyida zikr qilingan. “Bas, namoz tugagandan soʻng yer yuzi boʻylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni koʻp eslang, shoyadki, yutuqqa erishsangiz” (Jumʼa surasi, 10-oyat) [7: 143].

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam taʼkidlaganlaridek: “Eng yaxshi kasb – kishi oʻz qoʻli bilan kasb qilishi va har bir yaxshi savdo” (Imom Ahmad rivoyati) [8].

Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning bagʻrikeng inson boʻlganini ifodalovchi dalillardan biri shuki, u Paygʻambarimizning yuqorida keltirilgan hadislariga amal qilib, oʻz qoʻli bilan toʻqigan hamyonlarni sotib, topgan pulidan bir tiyin ham saqlamay otasiga yuborgan.

Kumushxonaviy mukammal ilmi sababli ilm talabida boʻlganlarga islomiy dars beruvchi vazifasiga tayinlangan. Shariat ilmlarini mukammal oʻrganib, tasavvuf va tariqat sohasida shayx Ahmad Ziyouddin Arvodiydan dars olib kamol topgan. Shayx Kumushxonaviyga piri murshidlari 240 ta asarni oʻqitish va oʻrgatish vazifasini topshirgan. Kumushxonaviy eng buyuk saxovat bilim-ziyo tarqatish ekanini qalban anglab, tolibi ilmlarga xolislik bilan ilm oʻrgatgan. Islom ahli hozirgi kunda ham uning mana bu asarlaridan foydalanib kelayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir [9: 175]:

  1. “Jomiul usul fil avliyo va anvoihim”. Asar nomi chetiga: “As-sufiyyatu va favoidi soir” deb qayd etilgan. Hozir turk tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.
  2. “Jomiul mutun fi haqqi anvois sifatil ilohiyya val aqoidil Moturidiyya va alfozil kufri va tasdiqil aʼmolil ajibiyya”. (“Alloh taoloning anvoyi ism sifatlari. Moturidiya eʼtiqodi, kufr soʻzlar bayoni va amallarning durust bajarilmogʻi haqida matnlar toʻplami”). Turli nashrlari mavjud. Oʻzbekistonda 2000 yili “Movarounnahr” nashriyotida Mirzo Kenjabek tarjimasi asosida chop etilgan.
  3. “Romuzul ahodis ala tartibi xurufil hijo” (“Hadislar dengizi”). Turli nashrlari mavjud. Oʻzbekistonda 2007 yilda “Movarounnahr” nashriyotida Bahriddin Umrzoq tarjimasi asosida nashr qilingan.
  4. “Majmuatul ahzob” (“Katta duo va zikrlar”). Oʻzbekistonda 2014 yili “Sharq” nashriyotida bir guruh tarjimonlar tomonidan Kumushxonaviyning 2000 sahifalik kitoblaridan saralab olingan eng zaruriy duolar kitobi chop etilgan.
  5. “Hadisi arbain” (“Qirq hadis”). Sulaymoniya kutubxonasida qoʻlyozma nusxasi saqlanadi.
  6. “Gʻaroibul ahodis”. Turli nusxalari bor.
  7. “Najotul gʻofilin”. Bir nechta nashri mavjud.

Benazir alloma  va ustoz boʻlgani sababli Kumushxonaviy muridlarining soni milliondan oshgan. Bu ham undagi bagʻrikenglik qirralaridan birini koʻrsatadi.

Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning bagʻrikenglik sifatlaridan biri sifatida uning ilm oluvchilar, kitobxonlar sonini koʻpaytirish, xalq maʼnaviyatini yuksaltirish maqsadida bosmaxona qurdirib, ilmiy kitoblarni ilm toliblariga bepul tarqatganini keltirish mumkin [10: 9].

Mutasavvif olim nafaqat ilm va odob-axloq bobida, balki xalqni iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash sohasida ham ancha xizmatlar koʻrsatgan. Bunga dalil oʻlaroq bu tabarruk zotning foizsiz bank tashkil qilib, muhtoj boʻlganlarga hojatini qoplaydigan miqdorda qarz berdirib, qulay shartlar asosida, imkoniyati boʻlganda qaytarishi uchun sharoitlar yaratib berganini keltirish joiz [11: 305].

Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning bagʻrikeng inson boʻlganini koʻrsatuvchi dalillar sifatida quyidagilarni sanab oʻtamiz:

  1. Halol mehnat bilan topgan daromadini xolis ehson qilishi.
  2. Ilmni mukammal ilm oʻrganib, tolibi ilmlarga xolis oʻrgatishi.
  3. Bosmaxona qurdirib, ilmiy kitoblar nashr etib, ilm toliblariga bepul tarqatishi.
  4. Foizsiz bank qurdirib, xalqni iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashi.
  5. Ilmiy mehnatining koʻlami. U shu darajada keng boʻlganki, boshqa insonning umri yetmagan boʻlur edi, deydilar.

Tasavvuf Sharq fikriy taraqqiyotidagi koʻp asrlik tajribani qamrab olib, uni rivojlantirdi, din va falsafa, hikmat va vahdat, kalom va hadis ilmlarini birlashtirdi, ilohiy ilmlar bilan dunyoviy ilmlarni oʻzaro bogʻlashga harakat qildi. Natijada tasavvuf Sharq kishisining tafakkur tarzi va axloq normasini belgilaydigan hodisaga aylandi.

Taʼkidlash joizki, yurtimiz mustaqillikka erishgach, umuminsoniy ahamiyatga molik milliy qadriyatlarimiz teran ildizlarigacha yetib bora boshladik. Xalqimizning azaliy odatlariga amal qilib, xayr-ehson qilish, saxovat koʻrsatish, bagʻrikenglikni namoyon qilish, turar joylarni obod qilish, yoʻllar, koʻpriklar qurishga eʼtibor kuchaytirilmoqda. Davlatimiz ishbilarmonlar safini kengaytirish uchun barcha zarur choralarni koʻrmoqda. Zero, ular qancha koʻpaysa, yurtimiz shuncha obod boʻladi. Bagʻrikeng inson qalbini quyoshga oʻxshatadilar. Uning taftidan mehrga tashnalar bahra oladi, bulutli kunlar yorishadi, ishonch, iymon, eʼtiqod mustahkamlanadi, hayot jozibasi ortadi. Shunday kishilar tufayli ezgulik bor, yaxshilik bor.

Xulosa qilib aytganda, Kumushxonaviyning ijtimoiy-falsafiy, tasavvufiy qarashlarining uzviy tarkibiy qismi va shu bilan birga, ularning yuksak natijasi boʻlmish bagʻrikeng inson gʻoyasi mohiyatan shaxsni har tomonlama rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Yoshlarimizni bagʻrikenglik ruhida tarbiyalashda Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviyning hayoti ibrat maktabi boʻlishi tabiiy.

 
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Rossiyskaya sotsiologicheskaya ensiklopediya. – M.: Nauka, 1998.
  2. M. S. XajiyevaR. B. Xojiyev Tolerantlik va uning xususiyatlari The culture of tolerance in the context of globalization: methodology of research, reality and prospect. Materials of the international scientific conferenceon May 13–14, 2014 39 -40 bet Prague 2014.
  3. G.N. Navroʻzova Naqshbandiya tasavvufiy taʼlimoti va barkamol inson tarbiyasi. –T.: Fan, 2005.
  4. Abdulaziz Usmon Rasululloh bir kunlari. –T.: Hilol, 2019.
  5. Gulamova M.T. Mushku anbar hidli valoyat gʻunchasi – Ziyouddin Ahmad Kumushxonaviy. Jurnal. Imom Buxoriy saboqlari – №2.
  6. Ziyovuddin Ahmad Kumushxonaviy, tarjimon Mirzo Kenjabek, Jomeʼ ul-mutun. –T.: Movarounnahr; 2000y.
  7. Qurʼoni karim. Tafsiri hilol. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. –T.: Sharq, 6 tom. 2008.
  8. http://muslim.uz/index.php/maqolalar/zhuma-mav-izalari/item/17748-29-11-2019-j-alol-kasb-baraka-kaliti].
  9. Gulamova M.T. Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviy hayoti va maʼnaviy merosi //“Buxoro islom madaniyatini modernizatsiyalash va turizmni barqaror rivojlantirish istiqbollari” Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman, Buxoro, 2020 yil 24-fevral, 173-175 b. (Ahmad Ziyouddin Kumushkhonaviʼs Life and Spiritual Heritage).
  10. Gulamova M.T. “Silsilai sharifdagi piri komil – Ziyovuddin Ahmad Kumushxonaviy” “Jahon madaniy sivilizatsiyasi kontekstida xojagon, naqshbandiya tasavvufiy taʼlimotlari ilmiy-maʼnaviy merosining umumbashariy ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya materiallari. 2-kitob, Navoiy: 2019.
  11. Ziyovuddin Ahmad Kumushxonaviy, tarjimon Mirzo Kenjabek, Jomeʼ ul-mutun. –T.: Movarounnahr, 2000.

 

Mavjuda GULAMOVA,
Buxoro davlat tibbiyot instituti
kimyo fanlari nomzodi, dotsent,

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …