Geografiya sohasida Hamdulloh Mustavfi Qazviniy (1282-1350) va Abdurashid Saloh ibn Nuri Bakuvi (1360-1430) geografik asarlarining mohiyati va dalillarining aniqligi bilan mashhur boʻlgan. Bu asarlar orasida Hamidulloh Qazviniyning “Koʻngil nashʼasi” nomli asari alohida ahamiyatga ega. Mashhur sayyoh, geograf, iqlimshunos Abdurashid Saloh ibn Nuri Bakuviyning “Kitob tayaxis al-asar va ajoyib al-Malik al-Qahhor” (“Obidalar haqidagi kitobning muxtasari va Qudratli Shohning moʻjizalari”) nomli mashhur kitobida ham geografiya haqida kerakli maʼlumotlar beriladi.
Tilshunoslik sohasida bir qancha lugʻatlarning mualliflari, jumladan Faxruddin Hindushoh ibn Sanjar ibn Abdulloh Naxshivoniy (1245-1328) va uning oʻgʻli Muhammad ibn Hindushoh Naxshivoniy arab va fors tillarining izohli lugʻatini yaratdi.
XII asrda adabiyot sohasida fors tilida ijod qilgan Zulfiqor Shirvoniy, Xoja Humon Tabriziy (1238-1314), Ibrohim Urmaviy (XII-XIII asrlar) oʻz asarlari bilan maydonga chiqdi. Shoir Qul Ali 1212 yilda “Qissayi Yusuf” asarini (“Yusuf” dostoni) yozdi. Mustafo Zarinning “Yusuf va Zulayho” nomli asari ham shu davrda yaratildi.
XIII asrda musiqa nazariyasiga doir bir qancha asarlar yaratildi. Ular orasida Shafiaddin Abdulmoʻmin Urmaviyning (1217-1294) “Davrlar va ritmlar” deb nomlangan asari alohida ahamiyatga ega.
Ushbu tarixiy davrda musulmon sharqida tasavvuf taʼlimotiga asoslagan bir qancha tariqatlar faoliyat koʻrsatdi. Shuni taʼkidlash lozimki, tahlil qilingan davrdan biroz oldin tasavvuf taʼlimotiga doir koʻplab asarlar yaratilgan edi. Ular sirasiga Abu Bakr Muhammad ibn Isʼhoq Buxoriyning X asr oxiri XI asr boshida yaratilgan “Taarruf li mazhab ahlit tasavvuf”, Qushayriyning “Risola fi tasavvuf”, Hujviriyning “Kashful mahjub”, Ansoriyning “Manoziluas soirin”, Sulamiyning “Tabaqotus sufiya”, Abu Nuaymaning “Xuliyatul uliya” kabi asarlarini kiritish mumkin. Yuqorida nomi zikr etilgan mualliflar oʻz asarlari orqali tasavvufdan islom qoidalarini asoslashda foydalanibgina qolmay, tasavvufga xos bosqichlarni ham ishlab chiqdi.
Tasavvuf XI-XII asrlarda musulmon jamiyatidagi diniy hayotning bir qismiga aylandi [5: 18].
Ahmad Yassaviyning (1093-1166) “Yassaviylik”, Abdulqodir Jiloniyning (… – 1166) “Qodiriylik”, Ahmad ibn Ali Rifaniyning (1106-1221) “Kubraviylik”, Shahobiddin Yahyo Suhravardiyning (1154-1191) “Suhravardiya”, shayx Faton Ahmad Badaviyning (1200-1276) “Badaviylik”, Jaloliddin Rumiyning (1207-1273) “Mavlaviylik” tariqatlari ushbu davrdagi asosiy suluklar edi.
Tahlil qilinayotgan ushbu tarixiy davrda ismoiliylik tariqati ijtimoiy-siyosiy faoliyatning eng yuqori nuqtasiga chiqqan. Yashirin panteistik xususiyatiga ega boʻlgan ismoiliylik tariqati bevosita neoplatenizm, buddizm va monexeizm taʼsiri ostida tarqalgan. Siyosiy mohiyat kasb etgan ismoiylar harakati xalifalik tomonidan taʼqib qilindi. Teokratik davlat boʻlgan arab xalifaligi ularga nisbatan dushmanona munosabatda boʻldi.
Ismoiliylar harakatining namoyandalari oʻz navbatida xalifalikka qattiq qarshilik koʻrsatar, ularning faoliyati asosan terrorchilik koʻrinishida namoyon boʻlar edi. Ismoiliy fidoiylar beshafqat qatl qilishi bilan farqlanardi. Ushbu harakat fidoiylari Abbosiylar, Saljuqiylar, Xulagularning eng nufuzli kishilarini qatl etdi. Saljuqiylarning buyuk vaziri Nizomulmulk, uning oʻgʻli Faxrulmulk ham ismoiliylar harakatining qurboni boʻlgan.
Rus sharqshunos olimi akademik I.P.Petrushevskiy Oʻrta asr tarixiy manbalari, Rashiduddin va boshqa mualliflar koʻrsatmalari, maʼlumotlari asosida ismoiliylar “Daʼi duʼot” – “Hujjatlari” buyrugʻi bilan suiqasdga uchragan, qatl etilgan, pichoqlab oʻldirilgan, yarador qilinganlarning XI-XIV asrlar boʻyicha umumiy va dahshatli roʻyxatini tuzib, keltirib oʻtgan: “Bu roʻyxatdagi qurbonlarning umumiy soni 75 tani tashkil etib, ulardan 8 tasi hukmdorlar – Xalifa, Sulton, Otabek, shu jumladan, Fotimiylar xalifasi va Mustaʼlitlar Imomi Amir boʻlgan; Abbosiylar xalifasi Mustarshid, uning oʻgʻli valiahd Rashid; Iroq sultoni Dovud (Malikshohning nevarasi), 6 vazir, 17 amiri hojib (harbiy qoʻmondonlar) va viloyat valiylari (noiblar), 6 shahar raisi, 13 qoziyul quzzot, qozi va muftiy (Qazvin, Hamadon, Isfahon, Ray, Kirmon, Gurgon, Koʻhiston, Tabriz, Tiflisdagilar) hamda bidʼat diniy mazhablar boshliqlari, Zaydiylar imomlari, saroy ayonlari, donishmand ulamolar, sayyidlar, hatto Shomdagi salibchilar qoʻmondoni Markiz Konrad Monferatskiy va boshqalar tilga olingan. Mazkur roʻyxat toʻliq emas”[6: 299-300].
765 yildan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼnaviy hayotning barcha jabhalariga taʼsir koʻrsatgan ismoiliylarning oʻzboshimcha harakatlariga 1256 yilda Xulaguxon “davlat ichida davlat” boʻlgan va uzoq vaqt Aʼlamut qalʼasini fath etgandan soʻng nuqta qoʻydi. Bu davrda ismoiliylarning oxirgi hukmdori boʻlgan Ruknuddin Hurshohning maslahatchisi boʻlgan Nosiriddin Tusiy Ruknuddinga taslim boʻlish maslahatini berdi. Tusiy bu bilan katta qirgʻinning oldini oldi.
Tahlil nuqtasiga olingan ushbu tarixiy davrda falsafa borasida Nosiriddin Tusiydan boshqa Ishxabuddin Suhravardiy (1145-1234) va Sirojiddin Urmaviy (1198-1283) kabi mutafakkirlarning nomlari ham alohida eʼtiborga loyiq edi. Bulardan tashqari, S.Xusravshoh, K.Ibn Yunus, A.Abhariy, N.Naxshivoniy, A.Xunadiy kabi olimlar ham mantiq, falsafa, tabiatshunoslik, ijtimoiy-siyosiy va axloqiy masalalar haqida oʻz ilmiy qarashlarini ilgari surdi.
Ishroqiylik nomli ilmiy maktabga asos qoʻygan Shahobiddin Abulfutuh Suhravardiyning ilmiy jamoatchilikka maʼlum boʻlgan ilmiy merosi, asosan, toʻrtta fundamental asarni tashkil etadi. Ularning uchtasi mashmoiyyunlar (peripatetik) falsafasiga bagʻishlangan. Toʻrtinchisi ishroq nazariyasi haqidagi “Hikmatul ishroq” asaridir.
Eron olimi Sayyid Husayn Nasrning eʼtiroficha: “Suhravardiy taʼlimoti – qadimgi Misr, Xaldey, Sabay mintaqalarida rivojlangan taʼlimotlarning taʼsirida yaratilgan xermetitsizm anʼanalari taʼsirida boʻlgan”[7: 49].
Suhravardiy vafotidan keyin bu maktabning davomchilari qatoriga Shahruzarri (vaf. 1250), Sad ibn Mansur ibn Kammun Isroiliy (vaf. 1277), Qutbiddin Sheroziy (1236-1311), Vadud Tabriziy (vaf. 1524), Sharq olamida Mulla Sadra nomi bilan mashhur boʻlgan Muhammad ibn Ibrohim Sadrul Mutallihin, Sadriddin Shaxobiddin Fazlulloh Sheroziy (1571-1641) va boshqalarni kiritish mumkin.
Mavlaviylik tariqatining asoschisi Jaloliddin Rumiy bilan juda yaqin aloqada boʻlgan Sirojiddin Urmaviy esa “Nurlarning paydo boʻlishi” va “Hikmat mayinliklari” nomli buyuk asarlar muallifidir. Bu faylasufga shuhrat keltirgan, mantiq va falsafaga doir “Nurlarning paydo boʻlishi”ga Oʻrta asrlarning bir necha mashhur faylasuflari 30 dan ortiq sharhlar yozgani maʼlumdir. Bundan koʻrinadiki, Nosiriddin Tusiy shunday buyuk olimlar orasida, katta ilmiy muhitda yashab, ijod qilgan.
Xulosa qilib aytganda, Nosiriddin Tusiy yashagan XIII asr ziddiyatli va tahlikali davr boʻlishiga qaramasdan ushbu tarixiy davrda ilm ahllarining himoya qilinishi, bir qancha madrasalar qad rostlashi va shunga oʻxshash madaniy siyosat natijasida Xuroson va Iroqda bir qancha allomalar yetishib chiqdi.
Shu bilan birga, Tusiy yashagan davrda jamiyatda turli gʻoyalar va falsafiy oqimlar mavjud edi. Ularning turfa-turfa jihatlari allomaning ensiklopedik olim sifatida kamol topishi uchun asos boʻldi.
Ayni paytda Nosiriddin Tusiy dunyoqarashi shakllanishiga taʼsir etgan asosiy omillardan biri uning hayoti ilohiyot, peripatetik falsafa va aniq fanlar gullab-yashnagan davrga toʻgʻri kelganligidir.
Shuningdek, XII-XIII asrlarda musulmon jamiyatidagi diniy hayotning bir qismiga aylangan tasavvuf va unda yaratilgan asarlar orqali islom qoidalari asoslanishi, “botiniy yoʻl”ning bosqichlari ishlab chiqilishi ham mutafakkir dunyoqarashi shakllanishi uchun zamin boʻlgani ehtimoldan yiroq emas.
-
Nehru.C. Ümumdünya tarixinə nəzər. Bakı, 2006.
-
Əliyeva S. Nəsirəddin Tusinin və Rixard Vaqnerin yaradıcılığında əxlaq fenome 2011.
-
Namiq Abbasov, Rəhim Həsənov. Nəsirəddin Tusinin müdriklik fəlsəfəsi, Bakı, 2012.
-
Məmmədova A. Nəsirəddin Tusinin dünyagörüşü. Bakı, 2001.
-
Muzaffarov F.D. Gʻazzoliyning inson haqidagi taʼlimotning ilmiy-falsafiy asoslari. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. Samarqand, 2019.
-
Petrushevskiy I.P. Islam v Irane v XII-XV vekax. (Kurs leksii). –L: Izd-vo Leningrad. Un-ta, 1966.
-
Nasr S.H. İslam ve ilim. İstanbul, 1989.