Home / MAQOLALAR / ADASHGAN FIRQALAR VA ULARNING SUNNATGA MUNOSABATI

ADASHGAN FIRQALAR VA ULARNING SUNNATGA MUNOSABATI

Adashgan va haq yoʻldan toygan islom dushmanlari hamma davrlarda ham boʻlgan. Ular turli guruhlar paydo boʻlishi uchun asos vazifasini oʻtagan yoki  mavjudlarini toʻldirib kelgan. Tarixdan maʼlumki, bunday kimsalar islomning tez tarqalayotganini koʻra olmay, uni buzish yoʻliga kirgan. Makru hiylalarini dinni yomonotliq qilish va ummatni adashtirish uchun ishga solgan.

Ichi toʻla gʻaraz boʻlgan bunday fitnachilar din va Qurʼoni karimga ochiqchasiga adovat qilolmaganidan, zohirida islomni koʻrsatish yoʻliga kirib, musulmonlar orasida shubhalar uygʻota boshlagan. Gumon oʻqlarini birinchi oʻrinda sunnat va hadis roviylariga qaratgan. Chunki, sunnat Qurʼonning sharhi, mufassiri va uni ravshan qiluvchi manbadir. Ular sunnatga taʼna Qurʼonga taʼnaligini, ikkisiga ziyon yetkazish esa, islom dinini barbod qilishga olib borishini bilgan. Shuning uchun ular ummatni shu yoʻl bilan buzish yoʻliga oʻtgan.

Sunnat va hadis roviylari borasida islomni niqob qilib olganlar va shak-shubhalar uygʻotishda taʼsiri katta boʻlganlar jumlasiga:

  1. Abdulloh ibn Sabaʼ;
  2. Savsan Nasroniy. Qadariylikni boshlab bergan Moʻbad Juhaniy undan taʼlim olgan;
  3. Ibrohim Nizom Moʻtaziliy. Imom Zahabiy baʼzi ulamolardan rivoyat qilib aytishicha, u islom dinini buzish uchun brahmanlardan ekanini moʻtaziliylardan yashirgan;
  4. Bishr Marisiy. Xatib Bagʻdodiyning aytishicha, yahudiy boʻlgan, zindiq (dinga qarshi)ligini moʻtaziliylardan sir tutgan.

Bulardan tashqari yana koʻpchilik zindiqlardan ekanini yashirib, olimlarni toʻgʻri yoʻldan adashtirishga harakat qilib yurgan. Alloh taolo ahli sunna val jamoaning bilimdon hadis ulamolari saʼy-harakatlari bilan ularning kirdikorlarini fosh qilgan.

Bu dushmanlar sunnatga qarshi janglarini quyidagi uslublarda olib borgan:

  • aqlga tayanib sunnatni inkor qilishi.
  • sunnat rivoyatida oʻzining bekorchi gaplari bilan roviylarni chalgʻitish, oʻz aytayotganiga nisbatan shubha uygʻotish;
  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nomidan yolgʻon hadislar toʻqib, sunnatga bogʻlashi. Bunday hadislar sunnatning oʻzida ziddiyatlar, mantiqiy qarama-qarshiliklar keltirib chiqaradi. Pirovardida, sunnat yoki roviylarni ayblashga sabab boʻladi.

Aqlga tayanib, sunnatni rad qilish turlicha koʻrinishda boʻlgan: mutlaq rad qilish; ohod xabar (ozchilik tomonidan rivoyat qilingan hadis)ni rad qilish. Shunga qoʻshimcha qilib buni ohod xabar ekani eʼtiboridan oyatga qoʻshimcha qilishni rad qilish, deyish ham mumkin. 

Sunnatni mutlaq tark qilishni xulosa qilganlar “Qurʼon kifoya qiladi, u islomning oʻzi, sunnatga hojat yoʻq”, deydi. Shunday boʻlsa-da, ayrimlari namoz, zakot va boshqa amaliy sunnatlarni istisno qiladi.  

Ushbu qarashga sahobalar yashagan davr oxirlarida urugʻ sepilgan.

Hasan Basriydan rivoyat qilinadi: “Imron ibn Husoyn doʻstlari bilan oʻtirgan edi. Qavmdan bir kishi: “Bizga Qurʼondan boshqasini gapirmanglar”, dedi. Shunda unga: “Yaqin kel”, dedi. U yaqiniga bordi. “Agar sen va doʻstlaringga Qurʼon berilsa, undan peshin namozining toʻrt rakat, asrning toʻrt rakat, shomning uch rakat ekanini, (avvalgi) ikkitasida (zam sura) qiroat qilinishini topa olasanmi? Agar sen va doʻstlaringga Qurʼon berilsa, tavofning yetti martaligini, Safo va Marvada tavof shunchaligini topa olasanmi? dedi. Soʻng: “Qavm bizdan nimani oldi, Allohga qasamki, agar qilmasangiz (hadislarga ergashmasangiz), adashasiz”, dedi (Bayhaqiy, Xatib Bagʻdodiy, ibn Abdulbarr rivoyat qilgan).

Saxtiyoniydan rivoyat qilinadi: “Mutarrif ibn Shixxirga bir odam: “Bizga faqat Qurʼondagi narsani soʻzlanglar”, dedi. Mutarrif unga: “Allohga qasamki, biz Qurʼonga (biror narsani) badal qilishni xohlamaymiz. Lekin Qurʼonni bizdan koʻra koʻproq biluvchini xohlaymiz. Yaʼni sunnatni”, dedi” (Ibn Abdulbarr rivoyati).

Soʻnggi sahobalar davrida din dushmanlarining shu kabi xatti-harakatlariga guvoh boʻlishimiz mumkin.

Oʻsha davrda bunday holatlar alohida-alohida yuz berib, II/VIII asr oxirigacha jamoaviy tusga ega boʻlmagan.

Rofizalar ham sunnatni mutlaq rad etganlardan hisoblangan. Ularning eʼtiqodi boʻyicha sahobalarning koʻpi murtaddir. Rofizalar ularni risolatni yetkazishda yolgʻonchilik va xiyonatkorlikda ayblab, Qurʼonning oʻndan toʻqqizini yashirgan deb boʻhton qilgan. Bu guruhning hadis yoki sunnat deb atagan narsalari bilan qilayotgan ishlari aslida Abdulloh ibn Sabaʼ tomonidan oʻylab topilgan yangi dindir.

Ummat butun islomni (Qurʼon va sunnatni) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bilishda sahobalardan boshqa hech qanday manbaga ega boʻlishi mumkin emas. Sahobalarni rad qilgan kishiga risolatni bilish uchun boshqa qayerdan yoʻl qidirish mumkin?

Bu avval oʻtgan asrlardagi koʻrinishdir. Hozirgi davrga kelsak, din dushmanlari islom ustidan nazoratni tashlab qoʻygani yoʻq. Ota-bobolari islom dushmanlari boʻlgan qalbi chirkin kimsa va toʻdalar, musulmon Sharqiga salbiy nigoh tikkanlar har turli bidʼat, gʻayritabiiy qarashlar, guruh va oqimlarni qayta tiklashga kirishayapti.

Ana shu bidʼat va gʻayritabiiy fikrlar orqali omi musulmonlarni oʻz tomoniga ogʻdirib olib, gʻarazli maqsadlari yoʻlida ularning dinu diyonatini qurbon qilmoqda. Ular sunnatni rad etib, Qurʼonning oʻzi yetarli ekanini ovoza qiladi. Haqiqatda esa, shu ishi bilan Qurʼon va sunnatni badnom etib, dinni buzishga harakat qiladi.

Misol tariqasida yaqin tarixda ularning Hindistonda qilgan buzgʻunchiligini keltirish mumkin. XIX asr oʻrtalarida Angliya qurolli kuchlari Hindistonni ishgʻol qilgandan soʻng koʻplab ulamolar yoʻq qilingan. Bundan maqsad Hindistonda islomning ildizini qirqish boʻlib, yangi koʻrinishdagi besubut din tuzish boʻlgan. Shu bilan musulmonlar aqidasiga putur yetkazilgan va fitnachilar qaysidir maʼnoda odamlarni chalgʻitishga erishgan ham. Achinarli yana bir jihati shundaki, dushmanlik ishlarida shu yurtning farzandlaridan foydalangan. Boylik va mansabga ruju qoʻygan ayrim nopok, aqli noqis kimsalar ularning nogʻorasiga oʻynagan. Sunnatni rad qilish ularning asosiy quroliga aylangan. Chunki sunnat dinning eng muhim asosidir. Sunnatdan voz kechganlarni ogʻdirib olish koʻp ham qiyinchilik tugʻdirmaydi.

Hozir bunday firqalar, afsuski, dunyoning barcha mintaqalarida topiladi. Muqaddas dinimiz bor ekan, dushmani hamma vaqt boʻladi. Asosiysi dinimizning muborak manbalarini asrab-avaylab, oʻzligimizni yoʻqotmasligimiz zarur. Zero, sof dinimizni oʻrganishimiz uchun adabiyotlar va boshqa zaruriy manbalar yetarlidir. Ogoh boʻlib, hamisha ahli ilmga quloq tutsak, hech qachon adashmaymiz.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …