Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan Samarqand davlat universiteti Oʻzbekiston -Finlandiya Pedagogika Instituti Pedagogika fakulteti boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi talabalari oʻrtasida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” bosh gʻoyasi asosida “Buyuk ajdodlarimizga munosib avlod boʻlaylik” mavzusida maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni SamDU Oʻzbekiston – Finlandiya pedagogika instituti direktorining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Z.Moʻminova ochib berdi.
Davra suhbatida Markaz direktorining Bosh maslahatchisi, professor B.O.Toʻrayev, ilmiy xodimlar J.Jumayev va B.Mahmudov mavzu yuzasidan maʼruzalar qildi.
“Shaxsning komilligi uning maʼnaviy-axloqiy jihatdan barkamolligi, pokligi bilan belgilanadi. Maʼnaviy pok inson ota-onasi, qarindoshlari, qoʻni-qoʻshnilari, qishloqdoshlari va butun mamlakat xalqining farovonligi haqida qaygʻuradi. Umuman olganda, Oʻzbekistonda jamiyatni tubdan yangi demokratik asoslarda qurish va uni har tomonlama rivojlantirish xalqning dunyoqarashi, ayniqsa yoshlarning salohiyati, maʼnaviyati bilan bevosita bogʻliqdir” – deya taʼkidladi professor B.Toʻrayev.
Darhaqiqat, dunyo mezoni maʼrifat tomon yuz tutmoqda. Buni ilgʻagan xalqlar oʻz yoshlarini yanada oʻqimishli, hunarli qilib tarbiyalab, global dunyoda komillik bilan oʻz oʻrnini topishlari uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishyapti. Zero, yoshlar taqdiri – millat taqdiri, yoshlarning teran tafakkuri – maʼrifatli jamiyatning zalvorli ziyosidir. Shuning uchun ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy oʻzgarishlar zamirida har tomonlama barkamol, jismonan sogʻlom, aqlan yetuk, nafaqat koʻplab bilimlarni, balki hozirgi davrda talab katta boʻlgan kasb-hunarlarni egallagan, ayni paytda, mustaqil va ijodiy fikrlashga qodir, intellektual salohiyati yuksak yosh avlod toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishdek ustuvor maqsad mujassam ekani tabiiydir.
Davra suhbati erkin muloqot tarzida oʻtdi. Oʻzbekistonda davlat va din munosabatlari, huquqiy-madaniy savodxonlik, radikalizm, ekstremizm, terrorizmga qarshi kurash mavzulari ham yoritilgan tadbirda talaba yoshlar turli mafkuraviy tahdidlar sharoitida ularning tuzogʻiga ilinmaslik choralari haqida tushunchaga ega boʻlishdi. Savol-javoblarda yoshlarga dinning asl taʼlimoti, ezgulik gʻoyalari, sof insonparvarlik tamoyillari haqida, shuningdek, mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlarga oid maʼlumotlar ham berildi.