Musulmon jamiyatida alohida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlgan xonadonlar (sakral oilalar) doimo siyosiy va madaniy-maʼnaviy hayotda muhim rol oʻynab kelgan. Oʻtmishda nafaqat Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning toʻgʻridan-toʻgʻri avlodlari boʻlmish sayyidlar balki choryorlar avlodlari sifatida nasab va hasabga ega xoʻjalar ham koʻp imtiyozlardan foydalangan. Ayniqsa, islom olamida yuksak hurmatga sazovor boʻlgan Abu Bakr Siddiq (r.a.) avlodlari Bakriy yoki Siddiqiy nisbalari bilan mashhur boʻlgan. Habashiston, Somali va Bangladeshdagi siddiqiylar esa Qallu, Shekhal, Qurayshiy kabi nisbalari bilan ham tanilgan. Bu oila mansublari ayni paytda oʻzlarining ulamolar va hukmdorlar tomonidan tasdiqlangan nasabnomalariga ham ega boʻlgan.
Oʻrta Osiyo mintaqasida siddiqiylar xonadonlaridan koʻplab olim-ulamolar, mutasavviflar ham yetishib chiqqan. Manbalarda siddiqiy nisbasiga ega yoki siddiqiy ekani qayd qilingan bir qator mashhur shaxslar va ulamolarni uchratish mumkin. Ular orasida Xoja Ubaydulloh Ahror (806-896/1404-1490), Xoja Muhammad Porso (vaf. 822/1420), Mavlono Muhammad Qozi (vaf. 921/1515), Jaloliddin Davvoniy (830-909/1426-1502), yassaviy shayxlaridan Sharaf ota (taxm. XII asr), Shayx Xudoydod (vaf. 939/1532), Olimshayx azizon Aliobodiy (972-1041/1564-1632 yoki 1043/1633), Ahmad Donish (vaf. 1314/1896) kabi koʻplab shaxslarni misol keltirish mumkin. Bu mintaqadan chiqqan siddiqiylarning yorqin vakili “Hidoya” asari muallifi Burhoniddin Margʻinoniy (vaf. 593/1197) boʻlib, maqolada mashhur faqihning nasabi va avlodlari taqdiri borasida ayrim mulohazalarni taqdim etmoqchimiz.
Burhoniddin Margʻinoniy nasabi haqida boshqacha qarashlar ham bor. Masalan, taniqli islomshunos olim A.K.Moʻminovning Burhoniddin Margʻinoniy qalamiga mansub “Faroizul Usmoniy” nomli asar va uning sharhiga tayanib yozishicha, u zot xalifa Usmon ibn Affon (r.a.) avlodi boʻlgan [7:188]. Albatta, kelgusida bu maʼlumotning boshqa manbalarda ham aniqlanishi masalaga qoʻshimcha oydinlik kiritsa kerak. Lekin, keyingi davr Oʻrta Osiyoda yozilgan koʻplab agiografiyalarda va xonadon mansublari nasabnomalarida Burhoniddin Margʻinoniyning xalifa Abu Bakr Siddiq (r.a.) avlodi ekani haqidagi qarashlar mustahkam oʻrin olgan. Masalan, Zinda Alishayx Husayniy al-Qosimiyning 1091/1680 yilda Buxoroda yozilgan “Samaratul mashoyix” asariga koʻra, Burhoniddin Margʻinoniy Abu Bakr Siddiqning (r.a.) oʻn ikkinchi avlodi boʻlib, nasab zanjiri quyidagicha koʻrsatilgan: Shayxul islom shayx Burhoniddin Abulhasan Ali b. Abu Bakr b. Abdujalil b. Xalil b. Abu Bakr b. Muhammad b. Umar b. Omir ibn Abu Bakr ibn Abdurahmon b. Qosim b. Muhammad ibn Abu Bakr Siddiq.
Asarning 1336-raqamli boshqa nusxasida Burhoniddin va Abulhasan Ali ismlari oʻrtasiga “ibn” soʻzi tushib qolgan xolos, boshqa farqlar yoʻq [5:62b; 6:131ab]. Xoja Ubaydulloh Ahror xonadoni mansublari bayoni oʻrin olgan Abdulhay Husayniyning “Nasabnomai Xoja Ahror” (yoz.y. taxm. XVII asr 40 yy.) asarida ham qarindoshlik sabab Burhoniddin Margʻinoniy avlodlari nasabi haqidagi ayrim qaydlar keltirilgan (sababi Xoja Ubaydulloh Ahror ham ota tarafdan Abu Bakr Siddiq (r.a.) avlodi boʻlgan). Mazkur asarda keltirilgan nasab zanjiridagi shaxslar soni 16 ta. Bu oʻzgarish ayrim ismlarning takror kelishi holati bilan bogʻliq. Asarning Toshkent va Istanbul shaharlarida qoʻlyozmalaridagi matn aynan bir xil boʻlib, nasab zanjiri quyidagicha koʻrsatilgan: Burhoniddin Ali b. Abu Bakr b. Abdujamil b. Xalil b. Abu Bakr b. Muhammad Abdurahim b. Umar b. Omir b. Abu Bakr b. Abdulloh b. Abdurahmon b. Abu Bakr b. Abdulloh b. Qosim b. Muhammad b. Abu Bakr Siddiq [1:22a; 2:70b].
Albatta, Burhoniddin Margʻinoniyning yuqorida keltirilgan nasab zanjirlaridagi ayrim farqlar seziladi. Bu oʻrta asar qoʻlyozmalarini koʻchirish bilan bogʻliq umumiy xususiyat boʻlib, boshqa shaxslar nasabnomalarida ham kuzatiladi.
Burhoniddin Margʻinoniy Samarqand shayxulislom mansabini egallab, keyinchalik shu yerda yashab qolgan. Yozma manbalarda keltirilishicha, u zotning uch oʻgʻli Jaloliddin Muhammad, Nizomiddin Umar va Imodiddin Abi Bakr ham faqih boʻlib, otasidan soʻng shayxulislom mansabida xizmat qilgan, bir qator asarlar yozib qoldirgan. Ulardan tarqalgan avlod “avlodi sohibi Hidoya” nomi ostida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan. Bu xonadon vakillari XII asr oxiridan to XVI asrning ikkinchi yarmiga qadar (XVI asr boshida qisqa uzilish bilan) Samarqand shayxulislom mansabini merosiy tarzda egallab kelgan. Xonadon mansubi Shayxul islom Xoja Abdulmalikning aytganlari asosida tuzilgan “Fi ansab avlad Shayxul islam Sahibul Hidaya” (yoz.y. 766/1364) nomli asarda keltirilishicha, Burhoniddin Margʻinoniydan soʻng xonadonning oʻndan ortiq vakili Samarqand shayxulislom mansabini egallagan. Boshqa aʼzolari esa shahardagi jomeʼ va masjidlarning xatib va imom mansablarida ham xizmat qilgan. Burhoniddin Margʻinoniy avlodlarining ayrim vakillari XV asr boshida Oltin Oʻrda poytaxti Saroy shahrida faoliyat yuritgan [7: 225-226, 229-230].
Burhoniddin Margʻinoniy avlodlarining Amir Temur va Temuriylar davrida mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda juda ham faollashib ketdi. Masalan, Xoja Abdulmalik Samarqand shayxulislomi va Amir Temurning yaqin saroy mulozimlaridan edi. Xoja Abdumalik nasabi haqidagi bir maʼlumot XIV asrning uchinchi choragida Samarqandda tuzilgan bir vaqfnomada ham uchraydi (bu hujjat Movarounnahrda tuzilgan va asl nusxasi saqlanib qolgan qadimgi vaqfnomalardan biri hisoblanadi). Hujjat tilga olingan voqif Xoja Abdumalik XIV asrning 80-yillarida Samarqand shayxulislom mansabiga tayinlangan. Vaqfnomada uning nasabi quyidagicha koʻrsatilgan: Shayxul islom Abu Ahmad Abdumalik b. Shayxul islom Abu-s-Saffo Isom al-haq-vaddin Abduxalil b. Shayxul islom Mavlono Imod al-haq-vaddin Abu Bakr b. shayx ul islom Jaloliddin Muhammad b. Shayxul islom Zayniddin Abdurahim b. Shayxul islom Imodiddin Abu Bakr b. Burhoniddin [9: 57-58, 60-61].
Xoja Abdumalikning qarindoshi Xoja Kamoliddin Abdulavval esa Amir Temur hayotining soʻngi yillari va Xalil Sulton (h.y. 1405-1409, Samarqand,) davrida, Xoja Abdumalikdan soʻng shayxulislomlik qilgan. U va Xoja Abdulmalikning oʻgʻli Xoja Isomiddin keyinroq Shohruh Mirzo (h.y. 1405-1447, Temuriylar saltanati) tarafdoriga aylangan va Samarqandni unga topshirish jarayonida faol qatnashgan [3:183-184]. Xoja Isomiddin shayxulislom mansabini deyarli Mirzo Ulugʻbekning (h.y. 1409-1447, Movarounnahr; 1447-1449, Temuriylar saltanati) butun boshqaruvi davrida egallab turdi. Uning “Nasabnomai Xoja Ahror”da keltirilgan nasab zanjiri va otasining ajdodlari roʻyxatida keltirilgan shaxslar soni va yozilishida ayrim farqlar bor (Xoja Isomiddin b. Xoja Abdumalik b. Xoja Mavlono b. Xoja Imodiddin b. Xoja Jaloliddin Muhammadan Sohibi karomot b. Mavlono Zayniddin Abdurahim b. Mavlono Burhoniddin Ali.) [1: 70b; 2:22a]. Lekin bu farqlar texnik xarakterda boʻlib, bu ikki shaxsning ota va oʻgʻil ekani ehtimoli juda yaqin.
Xoja Isomiddinning birodari Xoja Nizomiddin esa Xoja Ubaydulloh Ahrorning katta oʻgʻli Xoja Muhammad Aminning qaynotasi, ayni paytda koʻplab Ahroriylarning ona tarafdan bobosi ham edi. Xoja Isomiddindan soʻng shayxul islomlik mansabi uning Movarounnahr va Xurosonda katta taʼsirga ega boʻlgan oʻgʻli Xoja Burhoniddinga oʻtgan. U temuriy Abdulatif mirzo (h.y. 1449-50, Samarqand) oʻlimidan soʻng boshqa temuriy shahzoda Mirzo Abdullohni qoʻllab, Sulton Abu Saʼidga (h.y. 1451-1459, Movarounnahr; 1459-1469, Temuriylar saltanati) qarshi guruh yetakchilaridan biriga aylangan. Shu sababli Xoja Burhoniddin 855/1451 yilda, Sulton Abu Saʼid Samarqandni egallaganda Hirotga, Abulqosim Bobur (h.y. 1422-1454, Hirot) huzuriga ketishga majbur boʻlgan. Bu yerda u juda iliq kutib olingan. Saroyda va Xuroson aholisi orasida katta obroʻga ega shaxs sifatida isyonkor shahzodalar bilan sulhlarda vositachilik qilgan [4: 321-323]. Ayni paytda u Movarounnahrda ham tarafdorlari koʻpligi sabab Samarqand hukumati uchun xavfli shaxs hisoblangan. Shuning uchun Sulton Abu Saʼid Hirotga, Abulqosim Bobur saroyiga elchi yuborib, 859/1455 yilda Xoja Burhoniddinni Samarqandga qaytarishga muvaffaq boʻlgan [4: 377]. Movarounnahrga qaytgach, Xoja Burhoniddinning mavqei yanada ortgan. Lekin koʻp oʻtmay Toshkentdan Samarqandga koʻchib kelgan boshqa bir siddiqiy, Naqshbandiya tariqatining yangi rahnamosi Xoja Ubaydulloh Ahror bilan raqobatlashishiga toʻgʻri keldi. Temuriylar solnomalarida yuqori martabali ulamo va katta taʼsirga ega saroy mulozimi sifatida tasvirlangan Xoja Burhoniddin negadir Xoja Ubaydulloh Ahror manoqiblarida salbiy shaxs sifatida gavdalanadi. Ayniqsa, Xoja Burhoniddinning Xoja Ubaydulloh Ahrorni obroʻsizlantirish va uning mol-mulkini musodara qilish borasidagi harakatlari haqidagi hikoyalar keng tarqalgan. Bu ikki siddiqiyning raqobati Xoja Burhoniddinning Hirotga koʻchib ketishi va oʻsha yerda vafot etishi bilan yakuniga yetgan.
XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asr boshida shayxulislom mansabini egallagan Burhoniddin Margʻinoniy avlodlari Xoja Nizomiddin va Xoja Abulmakorim ham siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan. Samarqand taxti uchun kurashda temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Boburni qoʻllab-quvvatlagan Xoja Abulmakorim chingiziy Muhammad Shayboniyxon (h.y. 1501-1510) buyrugʻi bilan 1503 yilda qatl etilgan. Samarqand shayxulislom mansabining Margʻinoniylar qoʻlidan ketishining aniq sanasi nomaʼlum. Harholda, Xoja Abulmakorim oʻlimidan oldinroq, Muhammad Shayboniyxon tomonidan Keshdan Samarqandga chaqirilganda shayxulislom mansabiga qayta tayinlanmagan [8: 60-61]. Bu paytda shayxulislom mansabida Abullaysiylar xonadonidan (mashhur faqih va muhaddis Abullays Nasr b. Muhammad Samarqandiy (vaf. 373/983) avlodlari) Nizomiddin Xoja Xovand xizmat qilgan. Aftidan bu vaqtinchalik boʻlgan. Sababi keyinroq Xoja Abulmakorimning nabirasi Xoja Buzurg ibn Xoja Abdumalik shayboniy Abdulatifxon ibn Koʻchkunchixon (h.y. 1540-1552, Samarqand) tomonidan shayxulislom etib tayinlangan [1:180a; 2:33a]. Undan keyin bu mansabni egallagan Margʻinoniylar haqida maʼlumot uchramaydi. Taxminan XVI asrning oxirlariga kelib Samarqandda shayxulislom mansabi siddiqiylarning boshqa bir tarmogʻi boʻlgan Ahroriylar qoʻliga oʻtdi.
Umuman olganda, yozma manbalarda Burhoniddin Margʻinoniyning Abu Bakr Siddiq (r.a.) yoki Usmon ibn Affon (r.a.) avlodi ekani haqida maʼlumotlar uchraydi. Lekin XVI-XIX asrlar yozma manbalarida birinchi variant keng tarqalgan. Burhoniddin Margʻinoniy avlodlari ham “Sohibi Hidoya” avlodlari sifatida ham siddiqiylar xonadoni vakili sifatida Movarounnahr va Xurosonda alohida hurmat qozongan, uch yuz yil davomida Samarqand shayxulislom mansabini merosiy tarzda egallab kelgan. Lekin xonadonning XVI asrdan keyingi vakillari haqida hozircha aniq bir qaydlar maʼlum emas.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
- Abdulhay Husayniy. Nasabnomai Xoja Ahror. OʻzR FA SHI, qoʻlyozma №526/1.
- Abdulhay Husayniy. Nasabnomai Xoja Ahror. Sulaymoniya kutubxonasi, qoʻlyozma №1688.
- Abdurazzoq Samarqandiy. Matlai saʼdayn. II jild, birinchi qism. 1405-1429-yillar voqealari. Tarjimon A. Oʻrinboyev. – T.: Oʻzbekiston, 2008.
- Abdurazzoq Samarqandiy. Matlai saʼdayn. II jild, ikkinchi va uchinchi qismlar. 1429-1470-yillar voqealari. Tarjimon A. Oʻrinboyev. – T.: Oʻzbekiston, 2008.
- Zinda Alishayx Husayniy Qosimiy. Samaratul mashayix. OʻzR FA SHI, qoʻlyozma №1336.
- Zinda Alishayx Husayniy Qosimiy. Samaratul mashayix. OʻzR FA SHI, qoʻlyozma №2619.
- Muminov A.K. Xanafitskiy mazxab v istorii Sentralnoy Azii / pod redaksiyey S.M. Prozorova. – Almatы: Qazaq ensiklopediyasы, 2015.
- Muhammadyor ibn Qatagʻon. Musaxxirul bilod. Nashrga tayyorlovchi N. Jaloliy. – Tehron: Meros, 2006.
- Chexovich O.D. Vakufnыy dokument vremeni Timura iz kolleksii Samarkandskogo Muzeya // Epigrafika Vostoka. Vыp. 4. – Moskva-Leningrad, 1951.