Shu boisdan ham din ilmini taqvodor ustozni tanlab, tanib, undan soʻng oʻrganmogʻi lozim. Shunda hozirgidek bilib-bilmasdan har-xil oqimlarga ergashishlar boʻlmaydi.
Asar kolofoni 102a varaqda joylashgan boʻlib, unda asar 1164/1751 yilda koʻchirilgani haqidagi maʼlumot keltirilgan:
تمت كتابته ونقص قرأته فى الامبول تمت كتابته وتصحيحه 1164[1].
“Maktabatul Jomiʼil Islom” kutubxonasida №3280 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma 93 varaqdan iborat. Asar xattot Sayyid Darvish Abdurahim Diyorbakriy tomonidan nasx xatida koʻchirilgan boʻlib, poygirlari keltirilgan. Barcha varaqlaridagi satrlar ramka ichiga olingan boʻlib, 13 qatorni tashkil etadi. Asarning 28a-b va 93a varaqlariga bir turdagi muhr va 5b varaqda oʻrtasi arab xatida, cheti lotin xatida yozilgan zamonaviy muhr (pechat) qoʻyilgan. Muhrlar juda xira boʻlgani uchun ularni oʻqish mushkul.
Asar 1b varaqdan basmala bilan boshlangan. Undan soʻng Alloh taologa hamd, Paygʻambar alayhissalomga salovat, muallif va birinchi bob nomi keltirilgan.
الحمد لله وسلام على عباده الذين اصطفى قال الشيخ الحافظ ابو عيسى محمد بن عيسى بن سورة الترمذى رحمه لله باب ما جاءَ فى خلق رسول الله صلى عليه وسلم
Asar oxiri 93a varaqda quyidagicha tugagan:
فاردنا ايصال كلام مهم للّا يحصل لبعض الناس تردّد فى هذالامر وتعثربه شبهة فيض والله يهدی مایشأ الى صراط مستقیم.
Asar kolofoni 93a varaqda joylashgan boʻlib, xattot nomi Sayd Darvish Abdurahim Diyorbakriy ekanligi keltirilib oʻtilgan.
صرده عبده الفقيرالحقير المحتاج الى رحمة ربّه القدير السيد درويش عبدالرحيم دياربكری[2].
Fransiya milliy kutubxonasida №5971 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma ham toʻliq boʻlib, 29 varaqdan iborat. Asar satrlari 29 qatorni tashkil etib, ular rangli ramka ichiga olingan. Asarning poygiri va 1b varagʻida zarhal unvoni bor. Asar mazkur varaqdan basmala bilan boshlanib, yuqoridagi nusxalar kabi Alloh taologa hamd, Paygʻambar alayhissalomga salovat keltirib, undan soʻng asar muallifi va birinchi bob nomini keltirgan holda davom etib ketgan.
الحمد لله وسلام على عباده الذين اصطفى قال الشيخ الحافظ ابو عيسى محمد بن عيسى بن سورة الترمذى رحمه لله باب ما جاءَ فى خلق رسول الله صلى عليه وسلم[3].
Bu nusxa ham nasx xatida koʻchirilgan. Uning matnidagi faqat “haddasana” soʻzi baʼzi oʻrinlarda qizil siyohda yozilgan.
Asar oxiri 29a varaqda Ibn Sirriyn rahimahulloh: “Hadis dindir, dinlaringizni kimdan olayotganingizga qarang” dedi, rivoyati bilan tugagan.
حدثنا محمد بن على ثنا النضر قال انا ابن عوف عن ابن سيرين قال هذا الحديث دين فانظروا عمن تأخذون دينكم .
Asar kolofoni 29a varaqda boʻlib, unda quyidagi soʻzlar yozilgan.
تم بعون الله و توفيقه .
Asar muqovasi va tayaksi qora charmdan boʻlib, muqova chetiga oq rangli ramka chizilgan.
Amerika Qoʻshma Shtatlari Michigan universiteti kutubxonasida №211 raqamlar ostida saqlanayotgan qoʻlyozma ham toʻliq boʻlib, 79 varaqdan iborat. Mazkur nusxa Abu Sano Hammod ibn Hibatulloh ibn Hammod ibn Fuzayl Haroniy rivoyati asosida yozilgan[4]. Asar nasx xatida koʻchirilgan. Matn satrlari 13 qatorni tashkil etadi. Asarning poygirlari va 2b varagʻida koʻk va zarhal rangli unvoni bor. Qogʻozlari sariq rangli. Bu nusxada faqat “bob” va “haddasana” soʻzlari qizil siyohda yozilgan. Asarning 48b, 49b, 72a-76b varaqlaridagi matnning harakat – eʼrobi qoʻyilgan. Uning 50a, 54a, 57a, 62a, 79b varaqlarida muhrlar boʻlib, barchasi xira boʻlgani uchun ularni oʻqib boʻlmaydi.
Mazkur asar ham 1b varaqdan basmala bilan boshlangan. Undan soʻng Alloh taologa hamd, Paygʻambar alayhissalomga salovat va rovilar silsilasi keltirilgan.
الحمد لله رب العالمين و الصلوة والسلام على سيدا محمد وآله وصحبہ اجمعین اخبرنا الشيخ الفقيہ الامام العالم رضی الدین ابوالثناء حمّاد بن هبة الله بن حماد بن الفُضيل الفيضلى الحراني …قال اخبرنا ابوعيسی محمد بن عيسى بن سورة الترمذی الحافظ قال باب صفة رسول الله صلّى الله عليه و سلّم.
Mazkur nusxaning boshqalaridan farqli jihati shundaki, asar boshida Imom Termiziydan to Abu Sano Hammod ibn Hibatulloh ibn Hammod ibn Fuzayl Haroniygacha boʻlgan roviylar silsilasi keltirilgan. Alohida eʼtiborga molik tomoni, bu nusxaning roviysi Hammod ibn Hibatulloh Haroniyga ustozlaridan ikki yoʻl bilan yetib kelgan. Birinchi yoʻl ustozi Abu Shujoʼ Umar ibn Abulhasan Muhammad ibn Abu Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Nasr Bastomiydan ijoza olish orqali boʻlsa, ikkinchi yoʻl ustozi Abulmahosin Masʼud ibn Muhammad ibn Gʻonim Gʻonimiyga Havot, degan joyda oʻqib berish orqali yetib kelgan. Har ikki yoʻnalishda ham Imom Termiziydan Abu Sano Hammod ibn Hibatulloh ibn Hammod ibn Fuzayl Haroniygacha boʻlgan sanadi oltita roviyni tashkil etadi. Bu esa mazkur nusxa ishonchli roviylar orqali, uzluksiz sanad bilan yetib kelganiga hujjat boʻlib, shubhalarga oʻrin qoldirmaydi.
Asarning oxiri 79b varagʻida oldingi nusxalar kabi Ibn Sirriyn rahimahulloh: “Hadis dindir, diningizni kimdan olayotganingizga qarang” dedi, degan quyidagi rivoyat bilan tugagan.
حدثنا محمد بن على اخبرنا النضر اخبرنى ابن عوف عن ابن سيرين قال هذا الحديث دين فانظروا عمن تأخذوا دينكم.
Asar muqovasi va tayaksi toʻq malla rangli charmdan, cheti va oʻrtasida zarhal rangli naqshlari bor.
Mazkur nusxalar turli zamonlarda, har xil joylarda, boshqa-boshqa xattotlar tomonidan koʻchirilgani bois ularning yozilishi va hajmi bir-biridan farq qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Imom Termiziyning “Shamoilun nabaviy” asari Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning shamoyillarini oʻrganishda, yoshlarning imonli, eʼtiqodli boʻlib ulgʻayishida va ularni vatanparvarlik ruhiyatida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Asarning nusxalari esa mazkur asarni oʻrganishda tahqiq, tadqiq va tahlil etishda tadqiqotchilar uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi.