Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrifining uchinchi kunida Istanbul shahridagi Sulton Ahmad majmuasida joylashgan Dorul Maxtutot markazida oʻtkazilayotgan “Hijriy yettinchi asr qoʻlyozmalari: ilmlar va olimlar” nomli xalqaro konferensiyada ishtirok etishmoqda.
Dunyoning turli mamlakatlaridan oʻttiz nafarga yaqin olimlar qatnashayotgan mazkur konferensiya ishida delegatsiyamiz aʼzolari ham maʼruza bilan chiqish qilishlari koʻzda tutilgan.
Konferensiyaning ochilish marosimida Shayx Muhammad Avvoma, Dorul Maxtutot markazi direktori doktor Mahmud Misriy va yana bir qator nufuzli olimlar soʻzga chiqdilar va bugungi kunda qoʻlyozmalarni oʻrganishning ahamiyati, bu ilmning oʻziga xos jihatlari haqida soʻz yuritdilar.
Konferensiya doirasida bir necha qoʻlyozmalardan namunalar oʻrin olgan koʻrgazma ham tashkil etilgan boʻlib, unda yurtdoshimiz Abu Ali Ibn Sinoning Zohiriyya kutubxonasida saqlanayotgan “Al-Ishorat vat Tanbihot” asari nusxasi ham namoyishga qoʻyilgan.