Gʻiyosuddin al-Koshiy (vafoti – 1429 yil). Jamshid ibn Masʼud ibn Mahmud Gʻiyosuddin al-Koshiy – XIV-XV asrda riyoziyotchilar, tabiblar va hunarmandlari bilan shuhrat qozongan Koshonda tugʻilgan. U yoshlik yillarini Koshonda oʻtkazib, riyoziyot va falakiyot ilmi bilan shugʻullangan, qadimgi grek va eron olimlarning asarlarini tarjima qilib, ularga sharhlar yozgan. Al-Koshiy tabobat, mantiq, huquqshunoslik, adabiyot fanlarini yaxshi bilgan. Hirotga kelib, Shohruh saroyida xizmat qilgan va unga atab “Elxon zij”ini takomillashtirish uchun “Hoqon ziji” (“Ziji Hoqoniy dar takmili “Ziji Elxoniy”) nomli astronomik asar bitgan. Bu kitob oʻz davrida astronomiya sohasidagi eng yetuk asarlardan hisoblangan.
Mirzo Ulugʻbek Qozizoda Rumiyning maslahati bilan 1416 yili al-Koshiyni Samarqandga taklif etgan va u umrining oxirigacha shu yerda yashagan. XIV-XV asrlar riyoziyot va falakiyot ilmining buyuk allomalaridan biri sifatida ajoyib qomus – “Miftoh al-hisob” (“Hisob kaliti”) asari bilan Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida mashhur edi. Ushbu asarda sistemali ravishda bayon etilgan oʻnli kasrlar taʼlimoti al-Koshiyning yuqori ilmiy yutuqlaridan biri sanaladi. Riyoziyot fanida taqribiy hisob usulini rivojlantirish borasida ham al-Koshiyning xizmati katta. Bu masalaga u “Risola al-muhitiya” (“Doira haqida risol”») asarini bagʻishlagan va oʻrta asr matematikasi rivojiga muhim hissa qoʻshgan.
Ali Qushchi (Vafoti – 1474 yil). “Oʻz davrining Batlimusi” deb tanilgan Ali Qushchining toʻliq komi Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi boʻlib, u Samarqandda tugʻilib oʻsgan. Ulugʻbek siroyidagi Muhammad ismli ovchi qushlarga qarovchi bir kishining oʻgʻli boʻlgani uchun unga Qushchi laqabi berilgan. Otasidan yetim qolganidan soʻng Ulugʻbekning tarbiyasida boʻlgani bois “Zij”ning soʻzboshisida “farzandi arjumand” deb tilga olingan. Boshlangʻich va sharʼiy bilimlarni Samarqand olimlaridan, matematik va astronomik bilimlarni esa Qozizoda Rumiy bilan Ulugʻbekdan olgan. Rasadxona qurilishi bilan bogʻliq ishlar avjiga chiqqanda avval Jamshid al-Koshiy, keyin Qozizoda Rumiy vafot etadi va shu bois Ulugʻbek qurilish ishlari va astronomik kuzatishlarga Ali Qushchini mutasaddiy qilib qoʻygan.
Ali Qushchining ilmiy asarlari Ulugʻbekning “Ziji”dek shuhrat qozonmagan boʻlsa ham, fan tarixida nihoyatda muhim oʻrin tutadi. U oʻrta asrlar Movarounnahr buyuk olimlarining eng soʻnggi namoyandasi va ayni paytda Usmoniy turklarning birinchi eng yirik va koʻzga koʻringan olimi boʻlgan. Turk tarixchilarining eʼtirof etishicha, Istanbulga Ali Qushchi kelguniga qadar “ilmi hayʼatda u daraja bir sohib vuqufi mavjud boʻlmagan edi”. Ali Qushchi, jumladan, quyidagi asarlar muallifidir: “Risola fil-hisob” (“Hisob haqida risola”), “Risolai kusur” (“Kasrlar risolasi”), “Risola at-fathiya” (“Gʻalaba risolasi”), “Risola al-Muhammadiyyaa fil-hisob” (“Hisob haqida” – bu kitobda birinchi marta “musbat” va “manfiy” soʻzlari hozirgi biz qoʻllayotgan maʼnoda ishlatiladi), “Sharhi “Ziji Ulugʻbek”, “Xitoynoma”, “Risolai mantiq”, “Risola fi halla ash-shakl al-hilol” (“Hilolsimon shakllarni oʻlchash haqida risola”), “Sharhi Miftohal-ulumi Taftazoniy” (“Taftazoniy “Miftoh al-ulum”ining sharhi”), “Risola dar ilmi hayʼat” (“Astronomiya ilmi haqida risola”). Ali Qushchining shogirdi Abulqodir ibn Hasan Roʻyoniy soʻnggi risola haqida bunday deydi: “Men astronomiyaga doir koʻp asarlarni oʻrgandim, lekin Ali Qushchining risolasini oʻqiganimdan soʻng astronomiya sohasidagi barcha anglamagan narsalarim menga ayon boʻldi».
Lutfiy (1366-1465). Mavlono Lutfiy – shoir va mutafakkir, oʻz zamonining “Malik ul-kalomi”. Shayx Ahmad Taroziyning Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlab yozilgan “Funun al-balogʻa” asaridagi “Maʼdan ul-latoyif Lutfiyi Shoshiy” soʻzlariga asoslanib, Lutfiyning ona yurti Toshkent boʻlgan, degan fikr ilgari suriladi.
Lutfiy ham zohiriy-dunyoviy, ham diniy-tasavvufiy ilmlarni chuqur egallagan, davr va zamoniga ochiq nazar bilan qarashga qodir, haqiqat va maʼrifatga sodiq ijodkor boʻlgan. Navoiy soʻzi bilan aytganda, u – “forsiy va turkiyda naziri yoʻq” shoir. Lutfiy turkiyda yaratilgan sheʼrlari bilan mashhurlikka yetishgan boʻlsa-da, forsiyda ham oʻzining shoirlik iqtidori va mahoratiga koʻpchilikni iqror eta olgan. Ayni paytda Lutfiy sheʼriyat bilan tariqatni, majoz bilan haqiqatni uygʻunlashtirgan. Ammo soʻnggi nafasigacha shoirlik burchi va ilhomiga sodiq qolib, oʻzbek sheʼriyati xazinasini biri biridan qimmat nazm durdonalari bilan boyitdi. Shu bilan bir qatorda, shoirlik nechogʻlik “maʼruf va mashhur” boʻlmasin, “darveshlik tariqini dagʻi ilikdan” (Navoiy) chiqarmagan. Xuddi shu narsa uning nafaqat oʻz zamondoshlari va ijod ahli orasida, balki davr hukmdorlari oldida ham yuqori mavqega koʻtarilishiga bir asos boʻlgan. Olim E.Ahmadxoʻjayevning aniqlashi boʻyicha, Lutfiy qalamiga mansub mavjud sheʼrlarning umumiy miqdori 2774 bayt yoki 5548 misradan ortiq.