Joriy yilning 21 oktyabr kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya Islomni anglash instituti bilan hamkorlikda “Islom va hozirgi zamon” mavzusida onlayn-vebinar oʻtkazildi.
Mazkur ilm dargohlari oʻrtasida ilmiy-tadqiqotlar, dasturlar va nashrlar sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2020 yil 4 iyunda imzolangan oʻzaro hamkorlikka oid memorandum asosida erishilgan kelishuvlar hamda ilmiy tadqiqotchilarning oʻzaro tajriba almashinuvi boʻyicha amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar negizida tashkil etilgan ushbu vebinarda ikki ilmiy muassasa rahbar va olimlari, dinshunos mutaxassislar, mustaqil tadqiqotchi hamda tinglovchilar jami 40 ga yaqin nuqtadan turib ishtirok etishdi.
Vebinarning ochilishida soʻzga chiqqan Malayziya Islomni anglash instituti bosh kotibi oʻrinbosari Mohd Zaydi Ismoil oʻz nutqida tanlangan mavzuning dolzarbligiga eʼtibor qaratib, mazkur tadbir islom diniga nisbatan tushunmovchiliklar va salbiy tasavvurlarni oldini olishda konstruktiv hissa qoʻshishiga umid bildirdi.
Vebinar doirasida oʻtkazilgan muloqot davomida insoniyat bugungi kunda duch kelayotgan turli muammolarga Islom sivilizatsiyasining boy merosini hamda islom dini gʻoyalarini targʻib qilish orqali yechim topish imkoniyatlari muhokama qilinib, dasturdan oʻrin olgan maʼruzalar asosida oʻzaro zaruriy maʼlumotlar va fikr almashinuviga erishish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Onlayn vebinarda Kuala-Lampurdagi Malayya universiteti professori, doktor Azizan Binti Bahoruddinning “Islom va atrof-muhit barqarorligi” nomli hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyevning “Alouddin Usmandiy va uning Islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzuidagi maʼruzalari tinglandi.
Notiqlar oʻz maʼruzalarida bugungi davrning ijtimoiy-iqtisodiy, demografik va ekologik muammolar va ularning kelib chiqishini diniy nuqtai-nazardan tavsiflab, globallashuv jarayonlarida ushbu muammolar yechimida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlarga ahamiyat qaratishdi. Maʼruzachilar cheklangan resurslar sharoitida muammolarni bartaraf etish va ularni oldini olishda inson omilini birlamchi hisoblab, insoniyat aql va ahloqqa tayanib ish koʻrishi va insonparvarlik tamoyillariga amal qilishi lozimligini taʼkidladilar. Islomning ezgulik gʻoyalari hamda islom sivilizatsiyasi yutuqlari ham tarixning har bir tadrijiy bosqichida insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilgan.
Maʼruzachilar, shuningdek, ilk musulmon olimlarining ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissalari va bu orqali zamonaviy dunyoga koʻrsatayotgan taʼsirlarini movarounnahrlik alloma Alouddin Usmandiy misolida tasvirlab berishdi.
Movarounnahr tarixi, madaniyati va maʼnaviyatini yuksak darajaga koʻtarishda 1095 yilda Samarqandda tugʻilgan va oʻz davrining mashhur faqihi va mutakallimi boʻlgan Usmandiyning oʻrni beqiyos. U 64 yillik umri davomida oʻzidan aslo dolzarbligini yoʻqotmaydigan ulkan ilmiy meros qoldirib, qator islomiy ilmlar, ayniqsa, fiqh, hadis va kalom ilmi, shuningdek turli mazhablar oʻrtasidagi ixtiloflarni oʻrganadigan ilm al-xilof (munozara ilmi) boʻyicha qilgan ulkan xizmatlari uchun “Olamning ustuni”, “Ustun”, “Dinning ustuni” kabi yuksak unvonlar sohibi boʻlgan. Alloma asarlarida eʼtiqodni sogʻlomlashtirish va tuzatishga alohida eʼtibor qaratilib, eng avvalo ilm turlari, inson hayoti va jamiyatdagi oʻrni haqida qimmatli fikrlar bildirilgan va toʻgʻri maʼlumotlarga ega boʻlish uchun olamni bilish kerak, degan gʻoya ilgari surilgan. Usmandiyning ilmiy merosi hozirgi gʻoyalar kurashi avj olgan bir davrda yoshlarga muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda kuchli mafkuraviy immunitet hosil qilish uchun muhim manba hisoblanadi.
Tadbir qiziqarli savol-javoblar hamda qizgʻin bahs va munozaralarga boy boʻldi.
Vebinar tashkilotchilari maʼruzalar mohiyatidan kelib chiqib, ularda bildirilgan fikrlar va keltirilgan qimmatli maʼlumotlardan dunyoning bugungi holati va undagi tahdidlarni toʻgʻri baholash, yuzaga kelishi ehtimoli boʻlgan ziddiyatlarni oldini olish maqsadlarida oʻrinli foydalanish foydadan xoli boʻlmasligini taʼkidlashdi va bu kabi tadbirlar davomiyligini taʼminlash zaruratini qayd etishdi.
Tadbir turli millat vakillari oʻrtasida butun insoniyatni qiziqtirgan masalalar yuzasidan oʻzaro bilim va tajriba almashish maydoniga aylandi.