Home / ALLOMALAR / FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (3-qism)

FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (3-qism)

(2-qism)Movarounnahr allomalari ijodida Abu Abbos Maʼmun ibn Maʼmun (Maʼmun II) davrida tashkil etilgan Xorazm Maʼmun akademiyasi (980-1037) alohida oʻrin egallaydi.

Bu ilmiy guruh – akademiya oʻz davrining zabardast olimlari – Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Iroq (vaf.1039), Abu Sahl Masihiy, Abul-Xayr Hammor, Abu Mahmud Hamid ibn al-Hizr al-Xoʻjandiy (XI asr), Abu Mansur as-Saolibiy (961-1038), Abu Abdulloh an-Naysaburiy (vaf.1014), Ahmad ibn Muhammad as-Sahriy (vaf. 1015), Muhammad Suhayliy al-Xorazmiy (vaf.1027) kabi olimlardan tashkil topgan edi. Ularga Abu Rayhon Beruniy rahbarlik qilgan.

Abu Rayhon Beruniy (973-1048) keng qamrovli ensiklopedist olim, tarix, astronomiya, astrologiya, xronologiya, geologiya, geodeziya, toponimika, farmakognoziya, mineralogiya, geografiya sohalarida sermahsul ijod qilgan va 200dan ziyod katta-katta kitob yozgan. U yoshligida Abu Nasr Arroq, al-Masihiy va al-Xirodjiy kabi oʻz davrining zabardast allomalaridan taʼlim olgan.

Abu Ali ibn Sino (980-1037) esa meditsina sohasida butun Sharq va Gʻarb olimlari tan bergan mutafakkirdir. Falsafa va mantiqqa oid yirik asarlar yozgan. Uning tibbiy metodlari hozirgi zamon meditsinasida ham bugungi kungacha muvaffaqiyatli qoʻllanilmoqda. U falsafada “Shayx ur-Rais” unvoniga sazovor boʻlgan.

Abu Sahl Masihiy (910-1011) yirik astronom, matematik, tabiatshunos, mantiqshunos, tabib va faylasuf boʻlgan. Uning “Tibbiyotga oid yuz savol” nomli kitobi ensiklopedik asar boʻlib, kasalliklar, ularning sabablari va davolash usullariga oid barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan. Bundan tashqari, turli fanlarga oid 8 asari bizgacha yetib kelgan.

Abu Mahmud Hamid ibn al-Hizr al-Xoʻjandiy (XI asr) katta tajribaga ega turkiy astronom boʻlib, astronomik kuzatishda qoʻl keladigan sekstant ixtiro qiladi. U astronomiya faniga oid gʻoyalarini Xorazmiy va Fargʻoniy asarlariga tayanib rivojlantirgan. Uning astronomik gʻoyalariga asoslanib, XVII asrda Hindistonning Jaypur shahrida astronomik sekstant oʻrnatiladi. Xoʻjandiy oʻz davrida Ray va Gurganjda katta observatoriyalar qurilishiga rahbarlik qilgan.

Abu Mansur as-Saolibiy (961-1038) arab tili, adabiyot, mantiq, tarix va falsafa sohalarida kuchli bilimga ega boʻlgan olim edi. U Nishopurda tugʻilgan va uzoq vaqtlar Jurjoniya, Marv, Buxoro, Gurganj va Gʻaznada yashagan. Uning “Yatimat ad-Dahr fi Mahosin Aql ul-Asr”, “Latoif ul-Maorif” va boshqa turli sohalarga oid 50 dan ziyod asar yozgan. Bu asarlarning koʻplari bizgacha yetib kelgan. “Yatimat ad-Dahr” asarida Oʻrta Osiyo va Xurosonda yashagan 124 olim, shoir va davlat arbobi haqida maʼlumot berilgan.

Abul-Xayr Hammor (942-1030) mantiqshunos, faylasuf va tibbiyotchi olim, Bagʻdod madrasalarida mudarrislik qilgan. Maʼmun ibn Muhammad Xorazmshoh uni Bagʻdoddan Xorazmga taklif qilib, oʻzining shaxsiy tabibi va nadimi maqomiga tayinladi. Akademiyada faol ilm bilan shugʻullangan. Sulton Mahmud Gʻaznaviy Xorazmni qoʻlga kiritgandan keyin uni oʻzi bilan Gʻaznaga olib ketadi. Oʻsha yerda Hammor 102 yoshida musulmonlikni qabul qilgan. U “Tabiblar tajribasi haqidagi kitob”ini Gurganjda yozgan.

Qoraxoniylar davrida ijod qilgan Yusuf Xos Hojib (1021-1075), Mahmud Qoshgʻariy (1030-1127) singari mutafakkirlar ham insoniyat sivilizatsiyasiga katta hissa qoʻshishgan. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) asari insoniyat erishgan eng mukammal axloqiy qadriyatlar haqidagi noyob asar hisoblanadi. Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk” (“Turkiy til ensiklopediyasi”) asari tom maʼnoda jahon turkologiyasining boshlanishi hisoblanadi.

Davomi bor…

Professor Baxtiyor TOʻRAYEV – falsafa fanlari doktori,
Anvar BOBOYEV

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …