Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Turkiyadagi eng nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri – Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori, professor Ibrohim Aydinli 18 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Mehmon dastlab Markaz muzeyi, unda saqlanayotgan eksponatlar va nodir qoʻlyozmalar bilan tanishdi.
Tashrif doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Anqara Yildirim Boyazid universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tashrif chogʻida boʻlib oʻtgan qisqa muloqot chogʻida tomonlar ikki ilm dargohi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining faollashishi Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasida rivojlanayotgan munosabatlar zamirida yuzaga kelayotganini, ajdodlar bebaho ilmiy merosini oʻrganish, tadqiq etish va keng targʻib qilishda hamjihatlikda ish yuritish bu maqsadlarga birgalikda erishish yoʻlidagi eng dolzarb vazifalardan ekani alohida taʼkidlandi.
Ibrohim Aydinli oʻzi rahbarlik qilayotgan universitetdagi islom ilmlari va huquqshunoslik fakultetlari huzuridagi islom huquqi kafedralari imkoniyatlaridan toʻla foydalangan holda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikni kengaytirish ulugʻ allomalarning dunyo ahamiyatiga molik asarlari tub mohiyatini ochib, ularning hali oʻrganilmagan qirralarini yuzaga chiqarishga munosib zamin hozirlashiga ishonch bildirdi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov ushbu muassasa tadqiqotchilari malakasini oshirishda Anqara Yildirim Boyazid universiteti koʻrsatayotgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirib, oʻzaro mustahkamalanayotgan hamkorlik aloqalari istiqbolda ikki tomon uchun ham manfaatli tarzda yanada rivojlanishi uchun barcha asoslar yetarli ekanini, bugun imzolangan memorandum buning yorqin tasdigʻi boʻlganini taʼkidladi.
Tashrif nihoyasida mehmonga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan adabiyotlar taqdim etildi.
Mehmon samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.
Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori, professor Ibrohim Aydinli mamlakatimiz boʻylab tashrifini davom ettirmoqda.