Joriy yilning 15 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Igʻdir universiteti hamkorligida “Imom Moturidiyning moʻtaziliya maktabiga raddiyalari” mavzuida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Unda Turkiyaning Igʻdir universitetining ilohiyot fakulteti oʻqituvchisi, dotsent Yulduzbek Musaxanov seminar mavzusi yuzasidan maʼruza qildi.
Seminarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, hamkor tashkilotlar, yurtimiz va xorijdagi ilmiy doiralar vakillari, diniy yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari olimlari va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Maʼruzachi nutqi avvalida Imom Moturidiy shaxsiga oid qiziqarli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi va mavzuning ahamiyatli jihatlarini yoritib berdi.
Taʼkidlanganidek, Abu Mansur Moturidiy asarlarida dinlar oʻrtasida bagʻrikenglik, hurmat va umuman hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalasiga hayotiy zarurat sifatida yondoshilgan. Alloma qarashlarida ilgari surilgan chuqur ilmiy va nazariy mulohazalar asosidagi qoida va mezonlar maʼrifiy islomni tushunish va oʻrganishning muhim sharti hisoblanadi.
Maʼruzada Moturidiy tomonidan moʻtaziliya maktabi kabi botil oqimlarga qarshi mantiqiy va ilmiy dalillar asosida raddiyalar berilishining yuksak tarixiy qiymati haqida soʻz bordi. Unga koʻra, diniy-eʼtiqodiy ixtiloflar murakkablashib, yot mutaassib oqimlar faoliyati kuchayib borgan bir sharoitda, sof aqida va kalom ilmlari xulosalariga tayangan moturidiya taʼlimotining vujudga kelishi jamiyatni bagʻrikenglik va moʻtadillik gʻoyalari asosida birlashtirishga va yot gʻoyalarni xalq orasidan siqib chiqarishga zamin yaratdi.
Maʼruzachi nutqi davomida Moturidiya taʼlimotining moʻtaziliylar qarashlaridan ustunlik jihatlarini allomaning mazkur maktab vakillariga bergan ilmiy asoslangan raddiyalari orqali batafsil koʻrsatib berdi.
Seminar qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlib, uning yakunida ishtirokchilarning barcha savollariga ilmiy asoslangan javoblar qaytarildi.