Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi” nomli kitobi chop etildi. Unda Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansni qurish boʻyicha qilinayotgan ishlar va milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritiladi.
Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining syezdida prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi kitobi taqdim etildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.
Kitob muqaddima, 7 boʻlim va xotimadan iborat.
Boʻlimlar quyidagicha nomlangan:
- “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi”
- “Xalqparvar davlat”
- “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”
- “Adolatli ijtimoiy siyosat”
- “Maʼnaviy taraqqiyot”
- “Xavfsizlik va tashqi siyosat”
- “Oʻzbekiston va umumbashariy muammolar”.
Kitob soʻzboshida aytilishicha, ushbu kitobda Yangi Oʻzbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar va islohotlarning maqsadi, mazmun-mohiyati hamda ustuvor yoʻnalishlari, milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritiladi.
“Yangi Oʻzbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirga davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan gʻoyaviy-maʼnavyi asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng koʻlamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”, — soʻzlari bilan kitob boshlanadi.
Prezident matbuot kotibining maʼlum qilishicha, Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi ham “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” deb nomlanadi.