Yurtimizda eng ulugʻ, eng aziz ayyom — Mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda xalqimiz qalbida faxr-iftixor tuygʻusi tobora yuksalmoqda. Tokio — 2020 yozgi Olimpiada oʻyinlarida sportchilarimiz qoʻlga kiritgan yutuqlar Ona Vatanimiz istiqlolining 30 yilligiga munosib sovgʻa sifatida barchamizga cheksiz quvonch ulashdi. Zero, ikki yuzga yaqin davlat vakillari ishtirok etgan nufuzli sport musobaqasida mamlakatimiz bayrogʻi bir necha bor koʻtarilib, davlatimiz madhiyasi yangraganda butun dunyo ahli xalqimizga oʻz hurmatini bajo keltirgani sharaflidir.
Uch kun oldin ushbu nufuzli sport musobaqasining uzviy davomi sifatida Tokio — 2020-yozgi Paralimpiya oʻyinlari ham yakuniga yetdi. Quvonarlisi, mamlakatimiz sharafini himoya qilgan matonatli sportchilarimiz dunyo ahli koʻz oʻngida yuqori natijani namoyish etdi. Ular matonat bahslarida 8 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza medalga sazovor boʻlib, umumjamoa hisobida 162 davlat sportchilari oʻrtasida 16-oʻrinni egalladi. Bu shukuh har bir vatandoshimiz qalbida iftixor tuygʻusini uygʻotishi tabiiy.
Binobarin, ushbu natija bilan Oʻzbekiston terma jamoasi Osiyo mamlakatlari va MDH davlatlari boʻyicha 4-oʻrin hamda Markaziy Osiyo davlatlari ichida 1-oʻrinni egalladi. Bilamizki, Paralimpiya oʻyinlari — nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarning eng yirik xalqaro sport anjumani hisoblanadi. Shu bois, ham kunchiqar yurtda oʻtkazilgan XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida har bir sportchining chiqishini nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo ahli katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Mazkur bellashuvlarda Oʻzbekiston jamoasi tarkibida 48 nafar sportchimiz sportning 8 turida ishtirok etdi. Vakillarimiz musobaqalarning dastlabki kunlaridanoq oʻzlariga bildirilgan ishonchni oqlab, yuksak natijalarni qayd etdi.
Yangi Oʻzbekistonda hech kim hech qachon eʼtibordan chetda emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan bayram tantanalarida Tokioda oʻtayotgan sport oʻyinlarida qatnashayotgan yigit-qizlarimizni olqishlab oʻtgani eʼtiborga molik. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Bugungi kunda yangicha va mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yoshlarimiz jahon maydonlarida turli soha va yoʻnalishlarda yuksak marralarni egallamoqda.
Mana, yaqinda Yaponiyada boʻlib oʻtgan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida mohir sportchilarimiz gʻolib va sovrindor boʻlib, barchamizni quvontirdilar. Ayni kunlarda Tokioda yozgi Paralimpiya oʻyinlari qizgʻin davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston jamoasi aʼzolari bugungi kunga qadar 5 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, oʻzlarining tengsiz matonatini namoyon etmoqdalar.
Yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan mana shu jasoratli oʻgʻilqizlarimizga yangi muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilaymiz”.
Albatta, mazkur bayram tadbiridagi xalqimizning olqishi sportchilarimiz kuchiga yanada kuch, shijoatiga shijoat qoʻshgan boʻlsa, ajab emas. Dunyoda imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, turli sohalarda ulkan choʻqqilarni zabt etgan insonlar kam emas. Yurtimizda ham mana shunday insonlar uchun qulay shart-sharoitlar, bepul va sifatli taʼlim olish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shu maʼnoda, Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etayotgan har bir sportchimiz yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, haqiqiy maʼnoda QAHRAMON boʻldi! Ular oʻz jismoniy va ruhiy imkoniyatlarini ezgulikka, sogʻlom turmush tarziga bagʻishlab, pirovardida, Vatan sharafini yuksakka koʻtarishdi.
Bu bilan toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, jamiyat, xalqqa nafi tegmaydigan, yurti uchun yonib-kuymaydigan ayrim insonlarga oʻrnak boʻldi. Ular barcha mashaqqatlarga sabr qildi. Buning ajrini olmoqda ham. Dunyo ahli, xususan, xalqimiz ehtiromi, Prezidentimiz eʼtirofi orqali!
Atoqli maʼrifatparvar Abdulla Avloniy “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida “Inson har bir ishni sabr va matonat ila yurutsa, maqsudiga tinch va rohatda borub yetar”, deb yozadi. Darhaqiqat, inson boshiga tushgan musibatlarga bardosh berishi kerak. Orzu qilgan oliy maqomlarga yetish yoʻlida sabrli boʻlishi lozim. Zero, hayot soʻqmoqlarida duch kelinadigan turli sinovlar va mashaqqatlar faqat sabr va matonat oldida yengiladi.
Alloh taolo bu haqida Qurʼoni karimning “Zumar” surasi 10-oyatida “Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, toʻliq beriladi”, deb marhamat qiladi. “Nahl” surasining 96-oyatida esa shunday deydi: “Albatta, biz sabr etganlarni qilib yurgan amallarining eng goʻzaliga beriladigan ajr bilan mukofotlaymiz”.
Shak-shubha yoʻqki, Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan har bir yigit-qiz haqiqiy matonat va jasorat sohiblaridir. Taqdirning ishlarini qarangki, hayot davomida matonat va iroda sinovidan bot-bot oʻtadigan yigit-qizlarimiz bellashuvlarga kirishmasdanoq yana kutilmagan sinovlardan oʻtishlariga ham toʻgʻri keldi. Besh nafar sportchimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangani uchun bahslarda qatnashish imkoniyatiga ega boʻlmabdi. Olti nafar para atletimiz sogʻligʻidagi muammolar musobaqalar oldidan yanada kuchaygani sababli kurashni erta toʻxtatishga majbur boʻlishdi. Ammo har neki boʻlganda ham, jasoratli oʻgʻil-qizlarimiz biz uchun qahramon! Namuna boʻlgulik qahramon!
Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan yangi Oʻzbekistonning barcha jabhalarida rivojlanish va oʻzgarishlar boʻy koʻrsatmoqda. Mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ham bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, oʻz qiziqishi va intilishiga koʻra, kasb-hunar egallashi, sport bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 18-may sanasida “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori imzolandi. Buning natijasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga sport bilan shugʻullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda ular oʻrtasida sport bilan shugʻullanuvchilar qamrovini yanada oshirish boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda. Barcha turdagi sport taʼlim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sport boʻlimlari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Iqtidorli, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yoʻnaltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishini taʼminlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimi joriy etilmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 25-iyunida “2021-yilda Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegasiyasining ishtirokini taʼminlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining imzolanishi ayni muddao boʻldi.
Yurtimiz sportchilarining har tomonlama tayyorgarligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan sportchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatlarini yanada rivojlantirish koʻzda tutildi.
Quvonarlisi, mazkur islohotlar natijasida Tokio maydonlarida qoʻlga kiritilgan yutuqlar barchamizni behad quvontirdi. Ayollar oʻrtasida para-yengil atletikaning nayza uloqtirish turida F13 klassida Nozimaxon Qayumova 42.59 metr natija bilan chempion boʻldi. Ahamiyatlisi, Nozimaxon Qayumova Rio paralimpiadasida ham jamoa hisobiga oltin medalni yozib qoʻygan edi. Shuningdek, para-dzyudo boʻyicha 100 kilogramm vazn toifasida qatnashgan Sharif Xalilov ikki karra Paralimpiya oʻyinlari sovrindoriga aylanganini eʼtirof etish joiz.
Metin irodali farzandimiz Feruz Sayidov Paralimpiya oʻyinlari gʻolibiga aylangani sharafiga yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilganida Feruzbekka qoʻshilib quvonchdan yigʻladik. Oʻsha on mana shunday oʻgʻlonni kamolga yetkazgan yurt vakili sifatida faxr va iftixor tuygʻusini, xuddi oʻzimiz chempion boʻlgandek hisni tuydik.
Albatta, mazkur muvaffaqiyatlarning zamirida imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay oʻzida kuch va matonat toʻplab, hayotda oʻz nomim va izimni qoldiraman, deb astoydil niyat qilgan, bu yoʻldagi barcha qiyinchiliklar va mashaqqatlarni yengib oʻtgan sportchi yigit-qizlarning zahmatli mehnati yotibdi. Ammo bu yutuqlarga ularning ogʻir kunida hamroh boʻlgan, qoʻlidan tutgan, oʻz kuchiga boʻlgan ishonchni uygʻotishga undagan ota-onalari, yaqinlari va ustozlarining hissasi borligini aytishni istardim.
Birgina misol. Barchamiz ayollar oʻrtasida uzunlikka sakrash boʻyicha bahslarda ishtirok etgan Asila Mirzayorovaning medal uchun soʻnggi imkoniyatini hayajon bilan kuzatdik. Shogirdi uchun koʻz va tirgak boʻlgan murabbiy Sardor Abduxoliqov haqiqiy ustoz mehri va shijoatini namoyon etdi. U chin murabbiy qanday boʻlishiga namuna.
Muxtasar aytganda, sabr va matonat timsollariga aylangan, imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, oʻzida kuch va iroda topib, sportimiz rivoji uchun munosib hissa qoʻshgan va qoʻshayotgan yigit-qizlarimizni har qancha eʼtirof etsak arziydi.
Muzaffar KOMILOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2021-yil 8-sentabr, 179-son