Islom shaʼniga har xil asossiz va boʻhton gap-soʻzlar aytilayotganiga qaramay, u tinchlik, saxovat, adolat va mehr-oqibat dini ekanini hech kim inkor qila olmaydi. Ammo bugun ayrim musulmonlarning oʻz dini bilan yanglish munosabatda boʻlayotgani odamlarni undan qochirmoqda, islomni shafqatsizlik va vahshiylik dini deb jar solishiga sabab boʻlmoqda. Islom axloq-odob va tinchlik dini ekanining eng yorqin namunasi – bu Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar. Zero, u zot alayhissalom oʻz xulqlari bilan yon-atroflaridagi har bir kishi uchun unutilmas goʻzal ibrat boʻlganlar. Shuning uchun Paygʻambar alayhissalom bilan muloqotda boʻlgan moʻminlar ham, gʻayridinlar ham u zotni eng rostgoʻy, omonatdor, adolatli va yaxshi inson deya shohidlik bergan.
Islomda axloqning oʻrnini bayon qilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Men goʻzal axloqlarni tamomiga yetkazish uchun paygʻambar qilib yuborildim”, degan soʻzlaridan yaxshiroq soʻzni keltirish imkonsiz. Darhaqiqat, islom dinidan bexabar insonlarga uning sof insonparvarlik tamoyillarini soʻz bilan ifodalab berish mumkin boʻlganidek, jamiyatda ijtimoiy odoblarga rioya qilish bilan ham uni koʻrsatib berish mumkin. Ushbu maqolada musulmonlarning goʻzal odob-axloqi oldida hayrat yoqasini ushlab, islom va musulmonlar haqidagi buzuq tasavvurlarni chilparchin qilib yuborgan baʼzi bir gʻarblik olimlarning fikr va xulosalari keltirib oʻtilmoqda.
Adolat va tenglik
Britaniyalik mashhur adib va faylasuf Tomas Karlayl (vaf.1881) bunday degan:
“Islomda shunday yaxshi bir xislat borki, men uni eng ulugʻ va buyuk xislat deb bilaman. U ham boʻlsa odamlar oʻrtasidagi tenglikdir. Bu narsa eng toʻgʻri nazar va eng haq fikrdan dalolat boʻladi. Islomda odamlar barobardir. U sadaqani moʻminlar uchun suyukli sunnat amal sifatida joriy etibgina qolmasdan, balki har bir musulmon zimmasidagi majburiyat, dinning asosiy qoidalaridan biriga aylantirgan va uni boylarning mulkiga qarab belgilab bergan. Shunga koʻra, u umumiy boylikning qirqdan biri miqdoricha boʻlib, kambagʻallar, miskinlar va muhtojlarga beriladi. Yaratganga qasam ichib aytamanki, bu juda goʻzal ish. Bu sahro farzandi boʻlmish Muhammadning koʻksidan otilib chiqqan insonparvarlik, mehr-shafqat, birodarlik va tenglik sadosidir”. (Tomas Karleyl. “Qahramonlar”, Muhammad Saboiy tarjimasi. Dorul kotibil arabiy, Bayrut – 2017, 86-bet).
Musulmonlarning fazilatlari
Fransiyalik mutafakkir va huquqshunos olim Dominik Surdel (vaf.2014) musulmonlar axloqini bayon qilib quyidagilarni yozadi:
“Islom haqiqiy fazilatlar dini ekanini inkor qilish imkonsiz. Ayniqsa, uning ijtimoiy fazilatlarini. Ular Qurʼon chaqiriqlariga javob beradi. Biz ularni Alloh taoloning (bandalariga bergan) tavsiyalari ekanini, ular xuddi yaxshilikning davomidek namoyon boʻlishini koʻramiz. Bu narsa, masalan, quyidagi ajoib oyatda belgilab qoʻyilgan: “Yuzlaringizni Mashriq va Magʻrib tomonlarga burishingiz (ibodat qilishingizning oʻzi toʻla) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, paygʻambarlarga imon keltirgan, oʻzi yaxshi koʻrgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yoʻlovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yoʻlida beradigan, namozni toʻkis ado etib, zakotni toʻlab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, ogʻir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshilik (ahli)dir. Aynan oʻshalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan oʻshalar taqvodordirlar” (Baqara surasi, 177-oyat). Binobarin, oʻzaro hamkorlik, mehmondoʻstlik, saxiylik, jamiyat aʼzolari oʻrtasidagi omonatdorlik, xohish va qanoat oʻrtasidagi moʻtadillik – ana shular musulmonlarni boshqalardan ajratib turadigan fazilatlardir. Ular chinakam namuna boʻlib, inson tabiatining kuchi bilan yuksalishni istaydi. Musulmonlarga johiliyat davridagi arablar bexabar boʻlgan iftixor va ulugʻlikni ato qilish uchun ana shu fazilatlar kifoyadir”. (Dominik Surdel. “Islom”, Salim Qandalaft tarjimasi. Doru Havron, Damashq – 2003, 107-bet).
Tarixchi olim Uil Dyurant (vaf.1981) bunday degan: “Umuman olganda, savdo-sotiq muomalasida, ahdga vafo qilishda, boshqalar bilan tuzadigan kelishuvlarga rioya etishda musulmonlar oʻzga din vakillariga qaraganda yuksakroq koʻrinadi. Darhaqiqat, Salohiddin Ayyubiy salib yurishlarida ishtirok etganlar orasida eng fozili ekanini hamma hamma eʼtirof etgan. Musulmonlar yolgʻon gapirishga kelganda, oʻzlarini sharafli tutadilar. Yaʼni, oʻlimdan qutulib qolish yoki raqibni yengish yoki xotinning qalbiga shodlik solish yoki din dushmanlari bilan boʻladigan urushda ularni aldash kabi holatlardagina yolgʻon gapirish mumkin, deb biladilar. Islomiy odoblar oʻz ichiga takalluf va ochiq yuzlikni jamlagan, musulmon kishi gapni “Assalomu alaykum!”dan boshlab, nihoyatda odob bilan gapiradi. Musulmonlar ham xuddi yahudiylar kabi bir-birlariga egilib, hatto quchoqlashib salomlashadi. Buning eng goʻzal javobi “Sizga ham tinchlik, Allohning marhamati va barakotlari boʻlsin!” deyish boʻladi. Mehmondoʻstlik musulmonlarning umumiy sifatidir…
Odatda musulmonlar yumshoqlik, insoniylik va bagʻrikenglik namunasi boʻlib tanilgan. Ular – oʻrtahollarni vasf qiladigan boʻlsak – ongi tez, zehni oʻtkir, his-hayajonli boʻlgani bois qalblariga quvonch solish, shodlantirish oson kechadi. Oddiylikka rozi, musibatga xotirjamlik bilan sabr qiluvchi, hayotning barcha voqea-hodisalarini sabr, ulugʻlik, vazminlik va viqor bilan qabul qiluvchi kishilardir”. (Uil Dyurant. “Sivilizatsiya tarixi”. Muhammad Badaron tarjimasi. Bayrut – 2013. 11-jild, 141-bet).
Musulmonlarning jafokashlarga mehr-shafqatliligi
Ingliz sharqshunosi Tomas Arnold bir qator asarlarida musulmonlar bilan urushish uchun Sharqqa kelib, islom diniga oʻtib ketgan koʻplab salibchi askarlar haqida yozgan. Chunki, urushdan keyin ular oʻziga mehr beradigan, shafqat koʻrsatadigan kishilarni faqatgina musulmonlarning jang maydonlarida koʻrgan va ularning koʻpi islomni qabul qilgan. Buni oʻsha vaqtda Sharqqa borgan barcha gʻarbliklar qayd etgan. Bu muammoni hal etishning birgina chorasi sifatida tampliyerlar boshligʻi Amur de la Rosh (Amore de la Roche) 1266 yili Yevropaga chopar yuborib, Fransiya va Sitsiliyadagi Papa va uning noiblaridan kambagʻallar, qariyalar, qurol koʻtarishga kuchi yetmaydigan kishilarning dengiz orqali Falastinga oʻtishiga monelik qilishini soʻraydi. Chunki, bu shaxslar, Amur de la Rosh fikricha, arablar tomonidan yoki oʻlimga yoki asir olinishga yoki dinini oʻzgartirib, islomni qabul qilishga duchor boʻladi. Hatto islom diniga kirmagan taqdirda ham musulmonlar diyorida ularning himoya va eʼtibori ostida hayot kechirishni afzal koʻrib qoladi. Zero, ular oʻzlarining yangi xojalari – musulmonlardan butunlay rozi edi. (Tomas Arnold. “Islomga daʼvat”. Doktor Hasan Ibrohim Husan, doktor Abdul Majid Obidin tarjimasi. Maktabatun nahzatil misriya, Qohira – 1971, 108 va undan keyingi betlar).
Olmon sharqshunosi Zigrid Xunke (vaf.1999) salibchilardan asir tushgan askarning amir Komil Ayyubiyga yozgan muhim hujjatini qayd etgan. Salibchilar Dimyot degan joyda juda katta xunrezliklarni amalga oshirganiga qaramay, ulardan asir tushganlarga nisbatan amirning mehr-shafqat va kechirimlilik bilan muomala qilganini koʻrib, u qattiq taʼsirlangani uchun oʻsha hujjatni yuborgan edi. Xunke bunday yozadi: “Sulton Komil 1221 yili ushbu jangda gʻalaba qozongach, asirlarni siyladi, ulardan jonga jon qilib qasos olmadi. Ketma-ket toʻrt kun ularni taomlantirdi. Salibchilarning ochlikdan azob chekayotgan qoʻshiniga har kuni oʻttiz mingtadan non va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yuborib turdi.
Bu siylovga ana shu asirlardan biri – germaniyalik ilohiyotchi olim Oliveros ham shohid boʻlgan. U amir Komilga quyidagilarni yozadi: “Zamonlar osha hech kim bunday saxovat va olijanoblikni koʻrmagan. Ayniqsa, shafqatsiz dushman asirlariga nisbatan. Alloh bizni Sizning asirlaringiz boʻlishimizni xohlagan ekan, biz Sizni mustabid zolim, buyuk xoja sifatida koʻrmadik. Sizni faqat bizga yaxshiliklar qilgan mehribon ota, musibat va falokatlar vaqtida najotkor shaxs sifatida koʻrdik, xolos. Bu saxiylik, bagʻrikenglik va mehribonlik Allohning huzuridan ekaniga kim ham shubha qila olar edi?! Biz otalari, oʻgʻillari, qizlari, aka-ukalari va opa-singillarini qatl qilgan kishilarning asirlariga aylanib, ochlikdan oʻlishimizga yaqin qolgach, ular bizni oʻzlaridan ustun qoʻydilar. Faqat ularning rahm-shafqatlari ostida kuch-qudrat va saltanatsiz qolganimizda, qoʻllaridan kelgunicha bizga yaxshiliklar qildilar””. (Zigrid Xunke. “Alloh unday emas”. Doktor Gʻarib Muhammad Gʻarib tarjimasi. Dorush shuruq, Qohira – 1995, 33-bet).
Musulmonlarning gʻayridinlarga muomalasi
Musulmonlar haqida soʻz ketgan manba va adabiyotlarning barida bu mavzu keng yoritilgan. Chunki, u musulmonlar bilan gʻayridinlar oʻrtasidagi eng yorqin farqlardan biridir. Jazoirda harbiy xizmat oʻtagan fransuz yozuvchisi Genri de Kastri (vaf. 1927) quyidagilarni yozgan: “Men tarixni oʻqib chiqdim. Soʻng shunday fikrga keldimki, musulmonlarning nasroniylarga qilgan muomalasi xushmuomalalik va goʻzal xulqlilikka dalolat qiladi. Bu – oʻsha paytda ulardan boshqa hech kimda kuzatilmagan his-tuygʻu edi. Ayniqsa, shafqat va mehribonlik yevropaliklar uchun zaiflik belgisi hisoblangan bir paytda. Men bu haqiqatni taʼna qilish uchun hech qanday sabab koʻrmayapman”. (Anri de Kastri. “Islom: oʻylar va fikrlar”. Ahmad Fathi Zagʻlul tarjimasi. Maktabatun nofiza, Qohira – 2008, 79-bet).
Olmon sharqshunosi Adam Mes (vaf.1917) bunday yozadi: “Musulmonlar orasida Nasroniylarning mavjudligi hozirgi zamon islohotchilari jar solayotgan bagʻrikenglik asoslarining yuzaga kelishi uchun sabab boʻldi. Mushtarak hayot –bunday hayot uchun ittifoqlik boʻlishi zarur, albatta – ilk lahzadan boshlab Oʻrta asrlarda Ovrupoda maʼlum boʻlmagan bagʻrikenglikning bir koʻrinishini paydo qildi. Uning namoyon boʻlishiga dinshunoslik, yaʼni turli dinlar, millat va elatlar oʻrganiladigan fan, shuningdek, kuchli ishtiyoq bilan u fanni oʻrganishga kirishish bosh sabab boʻldi”. (Adam Mes. Muhammad Abdul Hodiy Abu Rayda tarjimasi, Hijriy IV asrda islom sivilizatsiyasi, al-markazul qovmiyya lit tarjama, Qohira – 2008, 1-jild, 55-bet).
Musulmonlarda hayvonotga munosabat
Mashhur fransuz sharqshunosi Gustav le Bon (vaf.1931) bunday yozadi: “Sharqliklar itlar va barcha hayvonlarga katta mehr bilan muomala qiladi va siz biror arabning biror hayvonga zarar yetkazayotganini koʻrmaysiz. Hayvonlarga zarar yetkazish – bu Yevropadagi aravakashlarning odati. Shuning uchun arablarga hayvonlarni himoya qilish uchun uyushmalar tuzish shart emas. Haqiqat shundaki, Sharq –hayvonlar uchun jannat, Sharqda itlar, mushuklar, qushlar va hokazolarga gʻamxoʻrlik qilinadi. Qushlar masjidlarda uchib yuradi, ularning ayvonlarida tinchgina in quradi, turnalar hech qanday zarar koʻrmasdan dalalarda boshpana topadi va siz biron bir bolaning qush uyasiga qoʻl tekkizganini koʻrmaysiz. Qohirada menga ishonch bilan aytdilarki, – baʼzi mualliflar zikr qilgan gaplar buni tasdiqlaydi – Qohirada bir masjid boʻlib, maʼlum bir soatlarda mushuklar ovqatlanish uchun u yerga kelar ekan. Bu narsa vaqf qiluvchilardan birining shartiga muvofiq uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan ekan. Bu kabi kichik narsalar musulmonlar xulq-atvoriga, shuningdek, yevropaliklar ulardagi muloyimlik va mehribonlikdan koʻp narsani oʻrganishi kerakligini koʻrsatadi”. (Gustav le Bon. “Arablar sivilizatsiyasi”. Odil Zuaytar tarjimasi. Muassasatu Hindoviy lit taʼlimi vas saqofati, Qohira – 2013. 372-bet).
Demak, islomdan bexabar yoki u haqda salbiy yo notoʻgʻri tasavvurda boʻlgan insonlarni bu din bilan, uning mohiyati toʻlaligicha ezgulikdan iborat mohiyati bilan yaqindan tanishtirishni maqsad qilgan musulmon avvalo oʻz axloqini Paygʻambar alayhissalom xulqlariga muvofiqlashtirib olishi zarur. Chindan ham Islom tinchlik, tenglik, adolat, saxovat va bagʻrikenglik dini ekanini amalda koʻrsatib hayot kechirishni oʻzi uchun bosh shior, bosh tamoyil etib belgilab olishi kerak.