Nasaf azal-azaldan dunyo ilm-fani va madaniyati ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshgan shaharlardan biri hisoblanadi. Qadimiy qoʻlyozma va bibliografik qomusiy asarlar varaqlab koʻrilsa, bu barokatli kentdan koʻplab olimu ulamolar yetishib chiqib, Nasafiy nisbasi bilan samarali ijod qilganining guvohi boʻlamiz.
Tarixiy manbalardan maʼlum boʻlishicha, mana shu koʻp sonli ulugʻ nasafiylar orasida IX asrning ikkinchi yarmi va X asrning birinchi yarmida samarali faoliyat koʻrsatgan yirik olim Abu Mutiʼ Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 930-y.) asos solgan Nasafiylar sulolasi namoyandalari alohida oʻrin egallaydi. Ushbu sulolaning bir necha vakili diyorimizda qator ilmlarning, xususan, islomiy bilimlarning ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshgan. Misol tariqasida, uch avlod osha mazkur suloladan yetishib chiqqan Abu Muin Nasafiy (1027-1114) oʻzining maʼnaviy ustozi, buyuk mutakallim imom Abu Mansur Moturidiy taʼlimotini yanada rivojlantirib, uning butun Sharq mamlakatlariga tarqalishida beqiyos xizmat koʻrsatgan olim sanaladi.
Bu oʻrinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Termizga tashrifi chogʻida aytgan “Nasafiy allomalar hayoti va ilmiy merosini toʻliq oʻrganib, joylarda keng targʻib etishimiz lozim. Yoshlarimiz ongiga ular qanday ulugʻ bobolarimizning davomchilari ekanini qanchalik chuqur singdirsak, maʼnaviy boyligini shunchalik oshirgan boʻlamiz. Shunda yosh avlod olim va mutafakkir ajdodlarimizga munosib boʻlib, ulardan oʻrnak olib yashaydi”, soʻzlapini keltirishimiz oʻrinlidir [Mirziyoyev Sh.M. 2016 yil oktyabr. Surxondaryo viloyati, Imom Termiziy ziyoratgohidagi suhbat].
Alloh taolo Qurʼoni karimda buyuk martabani kimlarga berishi va uning maqomi naqadar yuksak ekanligi haqida bunday marhamat qiladi: “Alloh kimni hidoyatga yoʻllashni iroda etsa, uning koʻksi (qalbi)ni islom uchun (keng) ochib qoʻyadi. Kimni adashtirishni iroda qilsa, koʻksini goʻyo osmonga koʻtarilib ketayotgandek tor va siqiq qilib qoʻyadi. Shunday qilib, Alloh imon keltirmaydiganlarga (loyiq) jazoni ravo koʻrgay” [Anʼom surasi, 125-oyat. –B.144].
Bu xususda koʻplab hadislar ham kelgan boʻlib, ulardan birida bunday deyiladi:
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo ummatimni zalolatda birlashtirmaydi, dedilar” [Imom Termiziy rivoyati].
Shuningdek, Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh bir kishiga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi”, deb aytdilar”. [Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan].
Alloh taolo ilmning fazilatlari va uning martabasi haqida Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “U Oʻzi xohlagan kishilarga hikmat (paygʻambarlik yoki Qurʼon ilmi) beradi. Kimga (mazkur) hikmat berilgan boʻlsa, demak, unga koʻp yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar” [Baqara surasi, 269-oyat. –B. 45].
Taʼkidlanganidek, Nasaf zaminidan yetishib chiqqan Abu Muin Nasafiy moturidiya taʼlimotining keng yoyilishi va rivojlanishida beqiyos xizmat koʻrsatgan. Aqida masalalari har qanday davrda ham, har qanday jamiyatda ham alohida ahamiyat kasb etgan. Shu bois bu hayotiy muhim masala har doim ilm ahlining diqqat eʼtiborida boʻlib kelgan.
Abu Muin Nasafiy bu yoʻnalishda bir necha asar yaratgan. Xususan, “Tabsiratul adilla fi usulid din”, “At-tamhid li qovaʼidit tavhid” va “Bahrul kalom” shular jumlasidandir. Ularning oʻnlab qoʻlyozma nusxalari dunyo kutubxonalari fondlarida saqlanmoqda, uchalasi ham tahqiq qilinib, dunyoning turli shaharlarida nashr etilgan.
Abu Mansur Moturidiyning “Tavhid” va Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitoblarini tahqiq qilgan olimlar quyidagicha eʼtirof qiladi: “Abu Muin Nasafiyning shoh asari – “Tabsiratul adilla” moturidiylik taʼlimotida “Tavhid”dan keyingi kitob hisoblanadi. Balki “Tabsiratul adilla” “Tavhid”ga sharh, tafsir va bayon deb, eʼtibor qilinadi. Chunki, “Tabsiratul adilla” koʻp oʻrinda “Tavhid”ning uslublarini bayon qilib, unga keng qamrovli tafsilotlar bilan boyitilgan asardir”.
Abu Muin Nasafiy oʻzining “Bahrul kalom” asarida mutʼa (vaqtincha, kelishuv asosidagi qisqa muddatli nikoh) haqida fikr va mulohazalar bildirib, bunday deydi: “Mutʼa nikohi xuddi mast qiluvchi ichimliklar kabi harom. U Alloh taoloning “Zinokor ayol va zinokor erkakning har biriga yuz darra uringiz!” [Nur surasi, 2-oyat. –B. 350] oyati bilan bekor qilingan”. Bu gaplar bugungi kunda tobora avj olayotgan “erkin nikoh”, “fransuzcha nikoh”, “shvedcha nikoh” kabi gʻayriaxloqiy odatlarni koʻr-koʻrona oʻzlashtirayotganlar uchun oʻziga xos ogohlantirish va tarbiya manbaidir.
Muxtasar aytganda, Nasafiy yozgan asarlar orasida mazkur uchtaning oʻziyoq tafsir, aqida ilmlari boʻyicha qimmatli manba boʻlib, ayni odob-axloq, taʼlim-tarbiya masalalarida koʻp-koʻp foyda beradigan kitoblardir.
Shu maʼnoda, mustaqillik sharofati bilan koʻplab allomalarimiz qatorida Abu Muin Nasafiyning hayoti va asarlarini ilmiy asosda oʻrganish ishlari yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻlib, xalqimiz buni asrlar davomida kutib yashagan edi.
Bugungi avlodning vazifasi ajdodlarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur tadqiq etish va keng targʻib qilishda izchillikni saqlash va faollikni oshirishdan iboratdir.