Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xalqaro hamkorlari soni 30 taga yetdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xalqaro hamkorlari soni 30 taga yetdi

Bugun 13 avgust kuni ZOOM dasturi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Malayziya milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, Malayziya milliy universiteti prorektori Mohd Exvan Xoji Toriman, mazkur universitet qoshidagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Fariza Sham, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Marosimni Oʻzbyekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov ochib berdi. U nutqida mazkur ikki ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik munosabatlarining takomillashib borishi ikki davlat oʻrtasida rivojlanayotgan diplomatik aloqalar zamirida yuzaga kelayotganini hamda ajdodlarning buyuk ilmiy merosini oʻrganish, tadqiq etish va keng targʻib qilishda hamjihat faoliyatga ehtiyoj mavjudligini alohida taʼkidladi. Notiq shuningdek, mustahkamlanayotgan hamkorlik rishtalari allomalarning dunyo ahamiyatiga molik asarlari tub mohiyatini ochib, ularning hali oʻrganilmagan qirralarini namoyon etishga munosib zamin hozirlashiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, tadbirda soʻzga chiqqanlar imzolanayotgan memorandum tomonlararo tajriba almashish, oʻzaro elektron kitoblar va qoʻlyozmalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma onlayn seminar, vebinar va konferensiyalar oʻtkazish, olimlar hayoti va ilmiy merosiga oid asarlar katalogini yaratish va nashr etish, qoʻshma ilmiy-texnik tadqiqotlar oʻtkazish va shu kabi boshqa muhim tadbirlarni amalga oshirishda mustahkam asos vazifasini oʻtashiga umid bildirishdi.

Darhaqiqat, Malayziyaning yuksak ilmiy salohiyatga ega mazkur ilm muassasasi bilan hamkorlik tobora keng quloch yoyib bormoqda. Xususan, joriy yilning 4 fevral kuni Oʻzbekistondagi Islom sivizilatsiyasi markazi va Malayziyaning islom sivilizatsiyasi instituti bilan videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan muloqot va unda faoliyatga doir erishilgan bir qator kelishuvlar hamkorlikni yangi bosqichiga olib chiqdi.

Oʻzaro hamfikr faoliyatning debochasi sifatida bir qator qoʻshma loyihalar amalga oshirildi. Joriy yilning 8-9 aprel kunlari “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusida oʻtkazilgan onlayn seminar, 31 may kuni Oʻzbekistonning madaniy va tarixiy merosini targʻib qilish, islom dinining boy va tarixiy qadriyatlarini ochib berish maqsadida islom olamining buyuk olimi Imom Buxoriy hadislaridan ilhomlangan ijod ahlining islom sanʼatiga oid onlayn oʻtkazilgan “Buxoriy: Islom sanʼati koʻrgazmasi” shular jumlasidandir.

Marosim doirasida boʻlib oʻtgan konstruktiv muloqotdan soʻng, oʻzaro hamkorlikka oid ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xorijdagi hamkorlari soni 30 taga yetdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …