Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida buyuk allomalarimizning nodir asarlari mazmun-mohiyatini oʻrganish va xalqimizga yetkazish maqsadida ularni saralash va bosqichma-bosqich tarjima qilishni tashkil etish vazifasi topshirilgan edi.
Topshirilgan vazifa ijrosini taʼminlash asnosida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi olimlari tomonidan moturidiya taʼlimotining asosiy manbasi – “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini oʻzbek tiliga tarjima qilishdek sharafli ishga qoʻl urildi. Xalqimizning aksariyati Qurʼoni karimdan “Fotiha” surasi va 30-juz suralarini yoddan bilishi inobatga olinib, dastlab asarning aynan shu qismlari tarjima qilindi va nashr etildi.
Sharq allomalari va mutafakkirlarining asarlari bir necha asrlar osha butunjahon maʼrifat maydonida oʻz ulugʻvorligini saqlab kelib, sharq va gʻarbda fan va madaniyat shakllanishining poydevori sifatida dunyo ilm maskanlarida asosiy darslik sifatida qoʻllanilgan va ulardan hozirgacha ham foydalanib kelinyapti.
Buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Xususan, yurtimizdan chiqqan faqih va kalom ilmi allomalarining islom huquqshunosligi, tafsir va aqida ilmi borasida toʻplagan ilmiy-amaliy tajribasi yurtimizda Qurʼon va fiqh ilmlari rivojiga munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Bu borada “Imomul huda” – Hidoyat imomi, “Musahhihu aqiydati ahlis-sunna” – Ahli sunna aqidasini toʻgʻrilovchi, “Imomul mutakallimiyn” – Mutakallimlarning imomi degan sharafli martabalar bilan eʼzozlangan Imom Moturidiy ilmiy merosining qadri va qiymati baland.
Uning bugungi kungacha yetib kelgan asarlaridan eng mashhuri va ilmiy qimmati bilan eng ahamiyatli sanalgani, shubhasiz, “Taʼvilot al-Qurʼon”dir.
“Taʼvilot al-Qurʼon” asari – moturidiya taʼlimoti asosi. Unda hanafiylik, Ahli sunna val jamoaning butun aqidasi taʼlif qilingan. Asarda moʻtazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha kabi botil firqalarning, munajjim, folbin va shular singari insonni sogʻlom fikrdan chalgʻituvchilarning qarashlari, gʻoyalari, iddaolari, hozirgi zamon istilohi bilan aytganda, demagogiyasi munoqasha qilingan va barchasiga ilmiy asosda raddiya berilgan.
Shu sababli ham Qurʼoni karimning tafsiri va taʼviliga bagʻishlangan bu asar asrlar davomida oʻzining ahamiyatini yoʻqotmay kelyapti, uning maʼno-mazmuni bugungi kunda ham oʻta dolzarb boʻlib, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda muhim oʻrin tutmoqda.
Asardan koʻplab hadislar, sahobalarning soʻzlari oʻrin olgan. Xususan, Abdulloh ibn Abbosdan naql qilingan rivoyatlar juda koʻp oʻrinda zikr etiladi. Tadqiqotchilar toʻqsonga yaqin sahoba va tobeʼinning nomlari qalamga olinganini hisoblab chiqqanlar. Bundan tashqari, yigirmadan ziyod lugʻat va tafsir ulamosi fikrlaridan foydalanilgani qayd etilgan. Ularning avvalida Ali ibn Hamza Kisoiy, Yahyo ibn Ziyod Farro, Abu Ubayda Maʼmar ibn Musanno, Ibn Qutayba, Mubarrad, Zajjoj turadi.
Taʼkidlash lozimki, yurtimiz musulmonlari Moturidiya taʼlimotiga eʼtiqod qilsa va muallif alloma vatandoshimiz boʻlsa hamki, buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiy qalamiga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” asari hozirgi davrga qadar Oʻzbekistonda jiddiy oʻrganilmagan edi. Turli fitnalar girdobidan omon qolib, eʼtiqodni sogʻlom tutish mashaqqatli boʻlib borayotgan, jahonda biri biridan murakkab va keskin siyosiy-ijtimoiy jarayonlar kuzatilayotgan, buzgʻunchi kuchlar Islom dinidan gʻarazli maqsadlar yoʻlida foydalanayotgan bugungi vaziyatda dinu diyonatimizning eng muhim asoslaridan biri boʻlgan bu asarni oʻzbek tiliga tarjima qilib nashr ettirish oʻta zarur va gʻoyat dolzarb ishlardan biriga aylandi.
Tarjimani mukammal amalga oshirish maqsadida asar yaqindan oʻrganildi. Xorijdagi moturidiyshunos olimlar bilan muloqotlar oʻtkazildi, ulardan maslahatlar olindi. Jumladan, Qurʼon, tafsir ilmlari boʻyicha taniqli olim, moturidiyshunos, Turkiyaning Fotih Sulton Mehmet universiteti doktori Ahmad Saʼd Damanhuriy, Turkiyaning Marmara universiteti professori, doktor Umar Chelik, taniqli moturidiyshunos olim, “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining turk tiliga tarjimoni, professor Yusuf Shavqiy Yavuz kabi olimlar bilan fikr almashildi. Yusuf Shavqiy Yavuz bilan uning Samarqandga tashrifi chogʻida ham bevosita muloqot qilindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasi oʻlaroq, bugun oʻzbek tilidagi “Taʼvilot al-Qurʼon” asari dastlabki 30-juzining nashri dunyo yuzini koʻrdi va bu, albatta, davlatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.
Eng ulugʻ, eng aziz ayyom arafasida iymon-eʼtiqodli xalqimizga oʻzbek tilida taqdim qilingan mazkur asardagi Qurʼoni karim suralarining tafsiri Quron oyatlari maʼnosini yanada yaxshiroq anglashga, buyuk Imom Moturidiy bobomiz taʼlimotini tushunishga asos boʻlib xizmat qiladi.
Imom Moturidiyning merosi nafaqat mutakallimlar, balki dunyoviy ilm vakillari, keng jamoatchilik tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Allomaning ilmiy merosida muborak islom dinining hayotbaxsh mazmun-mohiyatini toʻgʻri talqin qilish, turli bidʼat va xurofotlarga botgan guruh va toifalarga qarshi kurash alohida oʻrin egallaydi. Shu nuqtai nazardan ham Imom Moturidiy ilgari surgan gʻoyalar bugungi kunda ham gʻoyatda dolzarb boʻlib, nafaqat ilmiy, balki yuksak amaliy ahamiyatga egadir.