Home / ALLOMALAR / ALOUDDIN ALI IBN YAHYO SAMARQANDIY (860/1456)

ALOUDDIN ALI IBN YAHYO SAMARQANDIY (860/1456)

Mufassir, mutasavvif alloma Alouddin Ali ibn Yahyo Samarqandiyning hayotiga oid maʼlumot manbalarda yetarli emas. Yahyo Samarqandiy alloma Alouddin Buxoriyning[1] talabalaridan boʻlib, mantiq ilmida juda iqtidorli notiq sanalgan. Alloma Movarounnahrdan Turkiyaning Karaman shahriga borib, vafotiga qadar oʻsha yerda yashagan. U tafsir ilmini chuqur oʻrgangan, tafsir kitoblariga sharh yozgan.

Alouddin Samarqandiyning “Bahrul ulum” (“Ilmlar dengizi”) nomli asari boʻlib, u kitob toʻrt jilddan iborat. Muqaddimasida tafsir ilmining ahamiyati va Qurʼoni karimning moʻjiza ekani taʼkidlangan.

Birinchi jild “Fotiha” surasi bilan boshlanib, “Moida” surasining oxirgi oyatlari bilan yakunlanadi. Ikkinchi jildi “Moida” surasining oxirgi oyatlarigacha boʻlgan qismni mujassamlashtirgan. Uchinchi jildga “Isro” surasidan “Luqmon” surasigacha boʻlgan tafsirlar kiradi. Toʻrtinchi jild “Luqmon” surasidan “Mujodala” surasining ilk oyatlarigacha davom etgan.

Alloma oyatlarni sharhlash paytida hadislardan unumli foydalangan. Xususan, Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Masʼud va Anas ibn Molik kabi sahobalar, Dahhoq, Mujohid, Hasan Basriy, Ato ibn Abu Raboh, Ikrima, Said ibn Jubayr, Shaʼbiy, Zuhriy, Suddiy, Zayd ibn Aslam, Rabiʼ ibn Anas, Kaʼb Axbor va Muqotil ibn Sulaymon kabi tobeinlardan boʻlgan mufassir sahobalardan iqtibos keltirgan. Shuningdek, asarni yozishda Mahmud Zamaxshariy, Umar Bayzoviy va Nizomiddin Nisoburiy kabi yetuk allomalarning sharhlaridan, ularning usullaridan foydalangan.

Allomaning “Hoshiya ala sharhish shamsiyya”, “Hoshiya ala sharhil matoliy” va “Hoshiya ala sharhil mavoqif” asarlari mavjud boʻlib, ularning qachondir mavjud boʻlgani haqida manbalarda maʼlumotlar keltirilgan, lekin bu kitoblar bizning davrimizgacha saqlanib qolmagan.

Nemis sharqshunos olimi Karl Brokkelman maʼlumotlariga koʻra, allomaning “Bahrul ulum” qoʻlyozmasi Tunisdagi “Zaytuna” masjid kutubxonasidan topilgan (I-son, 40/1). Shuningdek, Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasidagi “Asad Afandi” (№67, №68) “Qilich Ali Posho” (№106-109) “Laleli” (№98), “Hasan Husnu Posho” (№55) fondlarida qoʻlyozma nusxalari roʻyxatdan oʻtkazilgan va saqlanmoqda. Ar-Riyod shahridagi “Markazul malik Faysal lil buhus vad dirosotil islomiya” kutubxonasida asarning “Jumʼa surasi” (inv. №76-05226), “Baqara surasi” (inv. №77-05226) ga oid qismlari mavjud.

Alouddin Samarqandiy tafsirining eng ahamiyatli jihati oyat va suralarning nozil boʻlish vaqti va sabablari, suralarning fazilatlari oyatdan tashqari hadislar bilan yoritib berilganidir. Shuningdek, allomaning asarlari tafsir, Qurʼon va kalom ilmlari bilan bogʻliq turli masalalarga alohida toʻxtalib oʻtilgani va mutavotir hadislar bilan keng yoritib berilgani bilan ahamiyatlidir. Alloma yetuk notiq boʻlgani sababli eng mos hadislarni keltiradi va ularni oʻzgacha bir donolik bilan izohlaydi, ayrim oyatlarni tafsir qilar ekan, mohirlik bilan badiiy sanʼat usullarini qoʻllaydi. Shu bois boʻlsa kerak, keyingi mufassirlar oʻz ijodida Alouddin ibn Yahyoning maʼlumot, usul va uslublaridan keng foydalangan. Oʻrni kelganda esa, baʼzi tasavvufiy mulohazalarni ham keltirib, Sahl Tustariy va Nizomiddin Nisoburiy singari mutasavvif mufassirlarning fikrlarini kiritadi.

Alouddin Samarqandiy 860/1456 yili Karamanda vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan.

Turkiya diyonat vaqfi Islom ensiklopediyasidagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi
Daurbekova Iroda, Halimova Dildora
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimlari

[1] Alouddin Abdulaziz ibn Ahmad ibn Muhammad Buxoriy (730/1330) fiqhshunos, “Kashful asror fi sharhi Usulil Bazdaviy” asarining muallifi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …