Home / FOTO LAVHALAR / “Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashda parlamentning roli”

“Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashda parlamentning roli”

2021 yil 25 iyunda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Samarqand viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi hamkorligida oʻtkazilgan parlament forumi shu mavzuga bagʻishlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, rasmiy din vakillari, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlar va diniy konfessiyalar rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan forumni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov hamda Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Forum ishining asosiy qismida Oʻzbekistonning millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining ustivor yoʻnalishlari, mazkur sohadagi faoliyat ustidan parlament nazorati mexanizmi, Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikning tarixiy ildizlari, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashning huquqiy asoslari, Oʻzbekiston Respublikasida millatlararo munosabatlarni mustahkamlashda parlamentning oʻrni va shu kabi boshqa mavzularga oid qiziqarli maʼruzalar tinglandi. Ularda tanlangan mavzu pirovardida oʻta aktualligi, mazkur dolzarblik doimiy ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Forumda ishtirokchilar shuningdek, mamlakatimizda millatlararo totuvlikni hamda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash yoʻnalishida olib borilayotgan amaliy tadbirlarni eʼtirof etishdi. Jumladan, Oʻzbekistonda taʼlim 7 tilda, yaʼni oʻzbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirgiz va turkman tillarida olib borilishini, tele-radio koʻrsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilayotganini, gazeta va jurnallar 10 tadan ortiq tilda chop etilayotganini mamlakatdagi millatlararo totuvlik va hamjihatlik muhitining amaldagi namunasi sifatida baholashdi.

Tadbir davomida respublikamizda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaralari birma-bir koʻrsatib oʻtilib, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik oʻzaro bir-birini befarqlik asosida emas, balki oʻzaro tushunish, muloqotga kirishish va hamjihatlikda hayot kechirishga asoslanishi lozimligiga ahamiyat qaratildi.

Forum yakunida Oʻzbekistonning siyosati – milliy hamjihatlik va diniy bagʻrikenglik siyosati ekanligi alohida taʼkidlandi va ushbu siyosat mamlakatimizda tinch va farovon hayotni taʼminlash, muhim madaniy-maʼrifiy vazifalarni hal etish, shuningdek xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng imkoniyat yaratishi qayd etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …