Home / MAQOLALAR / “SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI

“SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI

“Sahihul Buxoriy”ning tafsir ilmidagi ahamiyati

 Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻiyra ibn Bardizbah. Boshqa bir rivoyatda – Bazduzbah. Buxorocha bu soʻzning maʼnosi dehqon.

Aslida majusiy boʻlgan Mugʻiyra Buxoro voliysi Yamon Juʼfiy qoʻllarida islomga kirganlar. Ismoil ibn Ibrohim oʻqimishli boʻlganlar.

Bizga Hasan ibn Ali, u kishiga Jaʼfar Hamadoniy, u kishiga Abu Tohir ibn Silafa, u kishiga Abu Ali Bardoniy, u kishiga Hannod ibn Ibrohim, u kishiga hofiz Muhammad ibn Ahmad, u kishiga Abdurahmon ibn Muhammad va Muhammad ibn Husayn xabar berdilar. Bularga Isʼhoq ibn Ahmad ibn Xalaf, u kishiga Buxoriy aytib berganlar: “Otam Molik ibn Anasdan hadis eshitganlar. Hammod ibn Zaydni koʻrganlar. Abdulloh ibn Muborak bilan ikki qoʻllab salomlashganlar”.  

Abu Abdulloh 194 yil shavvol oyida tavallud topganlar. Buni Abu Abdullohning “Shamoilul Buxoriy” kitoblarini jamlagan kotib Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Buxoriy aytganlar. Bu – katta kitob. Menga Ahmad ibn Abul Xayr bu toʻgʻrida Muhammad ibn Ismoil Tarasusiydan xabar berdilar. Hofiz Muhammad ibn Tohir u kishiga ijozat xati berganlar va aytganlar: “Bizga Ahmad ibn Ali ibn Xalaf, u kishiga Abu Abdulloh Sulamiyni ziyorat qilish uchun Marvdan kelgan Abu Tohir Ahmad ibn Abdulloh ibn Mahravayh Forisiy Muaddib, u kishiga Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf ibn Matar Firabriy, u kishiga bobolari: “Men Muhammad ibn Abu Hotimdan eshitdim”, deb xabar berganlar va kitobni mana shu sanad bilan zikr qilganlar”.

Soʻngra Abu Abdulloh haqlarida Ismoil ibn Abdurahmon, u kishiga 616 yilda faqih Abdulloh ibn Ahmad, u kishiga Muhammad ibn Abdulboqiy, u kishiga Abu Bakr Ahmad ibn Ali, u kishiga hofiz Hibatulloh ibn Hasan, u kishiga Ahmad ibn Muhammad ibn Hafs, u kishiga Muhammad ibn Ahmad ibn Sulaymon, u kishiga Xalaf ibn Muhammad, u kishiga Muhammad ibn Ahmad ibn Fazl Balxiy xabar bergan ekanlar: “Otamning: “Yoshlik paytlarida Muhammad ibn Ismoilning koʻzlari koʻrmay qoldi. Onalari tushlarida Ibrohim alayhissalomni koʻrdilar. Ibrohim alayhissalom aytdilar: “Ey ona! Sening koʻp yigʻing va duolaring bilan Alloh taolo oʻgʻlingga koʻz nurini qaytardi”. Tong otganda qarasak, haqiqatan Alloh unga koʻz nurini qaytaribdi, deganlarini eshitdim”.

Yuqoridagi sanad bilan Muhammad ibn Abu Hotimgacha rivoyat qilinadi: “Bir kuni Abu Abdullohdan: “Ilmga tashnaligingiz qanday boshlandi?” deb soʻradim. “Maktabdaligimdayoq menga hadis yodlash ilhomi berildi”, dedilar. Men yana: “Oʻshanda necha yoshda edingiz?” deb soʻradim. Aytdilar: “Oʻn yoki undan kichikroq yoshda edim. Oʻn yoshdan soʻng boshlangʻich maktabdan chiqdim. Ustoz Doxiliy va boshqalarning saboqlariga qatnay boshladim. Bir kuni Doxiliy bizga hadis oʻqib berayotganlarida: “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan”, degan sanadni aytdilar. Men u kishiga: “Abu Zubayr Ibrohimdan rivoyat qilmagan”, dedim. Shunda meni jerkib berdilar. U kishiga: “Asl manbaga qarang”, dedim. Uyga kirib kitoblariga qarab chiqdilar va mendan: “Aytganing toʻgʻri ekan, ey bola. Buni qanday bilding?” deb soʻradilar. Men: “Ibrohimdan Abu Zubayr emas, Zubayr ibn Adiy rivoyat qilganlar”, dedim. Mendan qalamni olib kitobdagi xatoni tuzatib qoʻydilar. “U kishining xatolarini tuzatganingizda necha yoshda edingiz?” deb soʻralganda, Abu Abdulloh: “Oʻn bir yoshda edim. Oʻn olti yoshga yetganimda, Ibn Muborak va Vakiʼning kitoblarini yodladim. Ularning hadis toʻgʻrisida yozgan soʻzlarini bilar edim. Oʻsha vaqtda onam va akam Ahmad bilan Makkaga bordik. Haj qilib boʻlganimizdan soʻng akam onamni olib qaytdilar. Men hadis ilmini oʻrganish uchun qoldim”, deb javob berdilar”.

Ustozlari va shogirdlari bayoni

Imom Buxoriy Buxorodan safar qilishlaridan oldin oʻzlaridan yoshlari katta boʻlgan Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Yamon Juʼfiy Musnadiy, Muhammad ibn Salom Paykandiy va boshqalardan hadis eshitganlar. Bular – imom Buxoriyning ilk  ustozlari.

Soʻngra Balxda Makkiy ibn Ibrohimdan hadis eshitganlar. Bu kishi Buxoriyning sanaddagi oliy (yuqori) shayxlaridan. Marvda Abdon ibn Usmon, Ali ibn Hasan ibn Shaqiq, Sadaqa ibn Fazl va boshqalardan, Naysoburda Yahyo ibn Yahyo va boshqalardan, Rayda Ibrohim ibn Musodan hadis  eshitganlar.

210 yilning oxirida Iroqqa kelganlarida Bagʻdodda Muhammad ibn Iso ibn Tabboʼ, Surayj ibn Noʻmon, Muhammad ibn Sobiq va Affondan hadis eshitganlar.

Basrada Abul Osim Nabil, Ansoriy, Ibn Avnning shogirdlari Abdurahmon ibn Hammod Shuʼaysiy, Muhammad ibn Arʼara, Hajjoj ibn Minhol, Badal ibn Muhabbir, Abdulloh ibn Rajo va boshqalardan hadis eshitganlar.

Kufada Ubaydulloh ibn Muso, Abu Nuʼaym, Xolid ibn Maxlad, Talq ibn Gʻannom, Xolid ibn Yazid Muqriydan (bular Hamzaning shogirdlari), Makkada Abu Abdurahmon Muqriy, Xallod ibn Yahyo, Hasson ibn Hasson Basriy, Abul Valid Ahmad ibn Muhammad Azraqiy va Humaydiydan, Madinada Abdulaziz Uvaysiy, Ayub ibn Sulaymon ibn Bilol, Ismoil ibn Abu Uvaysdan, Misrda Saʼid ibn Abu Maryam, Ahmad ibn Ishkob, Abdulloh ibn Yusuf, Asbagʻ va boshqalardan, Shomda Abul Yamon, Odam ibn Abu Iyos, Ali ibn Ayyosh, Bishr ibn Shuʼayb, Abul Mugʻiyra Abdulquddus, Ahmad ibn Xolid Vahbiy, Muhammad ibn Yusuf Firyobiy, Abu Musʼhir va bulardan boshqa koʻplardan hadis eshitganlar.       

Imom Buxoriyning eng oliy shayxlari Abu Osim, Ansoriy, Makkiy ibn Ibrohim, Ubaydulloh ibn Muso, Abul Mugʻiyra va boshqalar toʻgʻridan-toʻgʻri tobeʼinlarning oʻzlaridan hadis rivoyat qilganlar.

Oʻrta shayxlari Avzoʼiy, Ibn Abu Ziʼb, Shuʼba, Shuʼayb ibn Abu Hamza va Savriydan hadis rivoyat qilganlar.

Quyi tabaqa shayxlari – Molik, Lays, Hammod ibn Zayd va Abu Avonaning shogirdlari.

Toʻrtinchi tabaqa shayxlari – Ibn Muborak, Sufyon ibn Uyayna, Ibn Vahb va Valid ibn Muslimning shogirdlari.

Imom Buxoriy beshinchi tabaqa shayxlari Muhammad ibn Yahyo Zuhliydan koʻp hadis rivoyat qilganlar. U kishini tadlis etganlar.

Imom Buxoriydan juda koʻplar hadis rivoyat qilishgan. Ulardan: Abu Iso Termiziy, Abu Hotim, Ibrohim ibn Isʼhoq Harbiy, Abu Bakr ibn Abu Dunyo, Abu Bakr Ahmad ibn Amr ibn Abu Osim, Solih ibn Muhammad Jazara, Muhammad ibn Abdulloh Hazramiy Mutayyan, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Abdulloh ibn Nojiya, Abu Bakr Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma, Umar ibn Muhammad ibn Bujayr, Abu Quraysh Muhammad ibn Jumʼa, Yahyo ibn Muhammad ibn Soʼid, “Sahihi Buxoriy”ning roviysi Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Mansur ibn Muhammad Mizbazda, Abu Bakr ibn Abu Dovud, Mahomiliyning oʻgʻillari Husayn va Qosim, Abdulloh ibn Muhammad ibn Ashqar, Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris, Mahmud ibn Anbar Nasafiy va boshqa son-sanoqsiz roviylar.

Bizga Muammal ibn Muhammad va boshqalar, ularga Abul Yumn Lugʻaviy, u kishiga Abu Mansur Qazzoz, u kishiga Abu Bakr Xatib, u kishiga qozi Abu Bakr Ahmad ibn Hasan Harashiy Naysoburda xabar berganlar: “Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Balxiyning: “Muhammad ibn Yusuf Farabriydan rivoyat qilinadi: “Imom Buxoriydan “As-Sahih”ni toʻqson ming odam eshitdi. Bugungi kunda mendan boshqa uni rivoyat qiladigan qolmadi”, deb aytganlarini eshitdim”, deganlar”.

Amir, hofiz Abu Nasr ibn Mokulo aytganlar: “Buxoriyning oʻzlaridan “Sahihi Buxoriy”ni rivoyat qilgan oxirgi shaxs – Abu Tohir Mansur ibn Muhammad ibn Ali Bazdiy. U kishi Bazda ahlidan boʻlib, siqa edilar. 329 yilda vafot etganlar”.

Bu ikkala hadis sahih, oliy sanadlardan. Imom Buxoriyning “As-Sahih”laridan boshqa kitoblarida bu hadislar keltirilmagan.

Ammo “Sahihi Buxoriy”dagi men eshitgan hadislar olti mashhur hadis kitobining eng oliy sanadlilaridir. Men uni 692 yilda eshitdim. Bilmadim, 715 yilda holat qanday boʻlarkan?! Chunki kundan-kunga sanad uzoqlashyapti. Agar kishi hadis eshitish uchun bir yil safar etsa, hargiz zoye qilmabdi. Sanadning oliyligi 730 yilgacha davom etsa qanday boʻlar ekan?! Mazkur kitob Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamgacha boʻlgan sanad jihatidan mashhur olti kitobning eng aʼlosidir. Chunki Abu Abdulloh ushbu jamoaning eng yoshi ulugʻi boʻlib, sanadda peshqadamlarni koʻrganlar. Qolgan beshtalari esa sanadda oraga bitta odam qoʻshib hadis eshitganlar.

Azizxoʻja INOYATOV
Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi
 
davomi bor…

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …