Home / MAQOLALAR / “Sahihul Buxoriy”ni Misrga olib kirgan dastlabki inson

“Sahihul Buxoriy”ni Misrga olib kirgan dastlabki inson

“Sahihul Buxoriy” asarini Misrga ilk bor olib kirgan kishi bu – imom, hofiz, buyuk mujavvid, Abu Ali Said ibn Usmon ibn Said ibn Sakan Misriy Bazzoz boʻlib, asli Bagʻdod shahridandir. U 353/964 yili vafot etgan.

Uzoq vaqt hadis talabi bilan Jayhun va Nil daryolari oraligʻida joylashgan shaharlarni kezib yurgan Abu Ali Bazzoz hayotining soʻnggi yillarida Misrga kelib joylashgan. U 294/907 yili tavallud topgan.

U Bagʻdodda Abul Qosim Bagʻaviy, Ibn Abu Dovud va bu ikkisining zamondoshlaridan hadis eshitgan. Harron shahrida hofiz Abu Urvadan va bir guruh roviylardan hadis eshitgan. Damashqda u Ahmad ibn umayr ibn Javso, Said ibn Abdul Aziz Halabiy va ularning tengqurlaridan hadis eshitgan. Xurosonda esa “Sahihul Buxoriy”ni Muhammad ibn Yusuf Frab- riydan eshitgan.

Abu Ali Bazzoz shu bilan “Sahihul Buxoriy”ni ilk marta Misrga olib kirgan va u yerda hadis rivoyat qilgan shaxsdir. Undan soʻng Misrga Muhammad ibn Muhammad ibn Badr Bohiliy, Ali ibn Ahmad Allon va Abu Jaʼfar Tahoviy olib kirishdi.

Abu Ali Bazzoz Damashqda Muhammad ibn Xuraymdan va Hishom ibn Ammorning bir guruh shogirdlaridan ham hadis eshitgan. Nishopur shahrida esa Abu Homid ibn Sharqiy, Makkiy ibn Abdondan hadis eshitgan. Uning hadis talabi bilan koʻplab yurtlarni kezib yurishiga oʻzining tijorati ortidan tirikchilik qilishi unga qoʻl kelgan.[1]

Abu Ali Bazzozdan Abu Abdulloh ibn Manda, Abdulgʻani Azdiy, Ali ibn Muhammad Daqqoq, Abdurahmon ibn Umar ibn Nahhos, Abdulloh ibn Muhammad ibn Asad Qurtubiy, Abu Jaʼfar ibn Avnulloh va Qozi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Mufarrijlar hadis rivoyat qilishgan.
Ibn Hazm Abu Ali Bazzozning saylanmasi (Sahihi)ni maqtab gapirgan. Unda gʻarib hadislar ham bor.[2]
Undan “Sahihul Buxoriy”ni Ibn Asad Juhaniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yahyo ibn Mufarrij va Abu Jaʼfar ibn Avnullohlar rivoyat qilgan.[3]
Abu Ali Bazzoz 353 yilning muharram oyida vafot etgan.

 

“Sahihul Buxoriy”ning Hofiz Ibn Sakan qilgan rivoyati

 Ibn Sakanning rivoyati Andalus shahrida keng tarqalgan boʻlib, uchta yoʻl orqali yetib kelgan. Ular:
Birinchisi: Abdulloh ibn Asad Juhaniy (vaf. 310/922-395/1005).
Ikkinchisi: Abu Abdulloh ibn Mufarraj (vaf. 315/927-380/990).
Uchinchisi: Abu Jaʼfar ibn Avnulloh (vaf. 300/912-378/988).

Mazkur uch shaxs Sharq oʻlkalariga safar qilgan vaqtida Misrda Abu Ali Said ibn Sakan bilan uchrashishgan va undan hadis eshitib, soʻng Andalusga qaytganlar. Odamlar Abdulloh ibn Muhammad Juhaniy (vaf.395/1005)dan oʻzi eshitgan hadislarni rivoyat qilib berishini iltimos qilishganda u bosh tortgan va: “Modomiki, mening ikki nafar (saboqdosh) sherigim hayot ekan, men hadis rivoyat qilmayman”, degan. Sheriklari vafot etgach, hadis rivoyat qilish uchun ilm majlisi tashkil qilgan va odamlar undan hadis eshitganlar.[4]

Yuqorida nomlari zikr qilingan uch muhaddis Andalusdan boʻlgan. Shuning uchun ham bu rivoyat Andalusda mashhur boʻlib ketgan. Abu Ali Jayyoniy shunday deydi: “Darhaqiqat, “Al-jomiʼ”ni Ibn Sakandan andaluslik bir guruh shaxslar rivoyat qilishgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yahyo ibn Mufarraj, Abu Jaʼfar Ahmad ibn Avnulloh va boshqalar ana shular jumlasidandir. Ularning barchalariga Allohning rahmati boʻlsin!”.[5]

 

“Sahihul Buxoriy”ni Abdulloh ibn Asad Juhaniy orqali Ibn Sakandan rivoyat qilish bilan tanilgan roviylarning eng mashhurlari ikkitadir

 Birinchisi: Abu Umar Yusuf ibn Abdulbar (vaf. 463/1071).
Ikkinchisi: Abu Umar Ahmad ibn Muhammad ibn Yahyo Hazzo.
 “Sahihul Buxoriy”ni mazkur ikki roviydan Abu Ali Jayyoniy (vaf. 498/1104), Abu Abdulloh ibn Iso Qozi rivoyat qilgan. Qozi Iyoz ham ana shu ikki roviydan olgan.

Ibn Avnulloh (vaf. 378/988) va Ibn Mufarraj (380/990)larning rivoyati haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, u ham Andalus shahrida mashhur boʻlgan rivoyat hisoblanadi. Hofiz Abu Abdulloh ibn Nabbot “Sahihul Buxoriy”ni Ibn Sakan rivoyati orqali yuqorida nomlari oʻtgan ikki roviyning sanadi bilan rivoyat qilgan.

Undan Muhammad ibn Attob, undan farzandi Abu Muhammad Abdurahmon ibn Muhammad va undan Qozi Iyoz (vaf. 544/1149) rivoyat qilgan.

Ibn Sakanning mazkur rivoyati Andalusdan soʻng yana Sharq oʻlkalariga qaytib, IX va undan keyingi asrlarda mashhur boʻlib ketgan. Zero, Ibn Hajar Asqaloniy (vaf. 852/1448) Ibn Sakanning rivoyatini Abu Ali Jayyoniy (vaf. 498/1104) orqali ikki hofiz – Ibn Abdulbar va Abu Amr Hazzodan, ular esa Abu Muhammad Juhaniy orqali uning oʻzidan rivoyat qilishgan.

Yaʼni, Ibn Hajar Asqaloniy “Sahihul Buxoriy”ni Abu Ali Muhammad ibn Ahmad ibn Ali ibn Abdul Azizdan, u Yahyo ibn Muhammad ibn Saʼddan, u Jaʼfar ibn Ali Hamadoniydan, u Abdulloh ibn Abdurahmon Debojiydan, u Abdulloh ibn Muhammad Bathaliydan, u Abu Ali Jayyoniydan, u Ibn Abdulbar Qurtubiydan rivoyat qilgan. Abu Umar Hazzo esa Ahmad ibn Muhammad ibn Yahyodan, u Abdulloh ibn Muhammad ibn Asad Juhaniydan, u Abu Said ibn Sakandan, u Muhammad ibn Yusuf Firab-riy, u esa Imom Buxoriydan rivoyat qilgan.

 

Ibn Sakan rivoyati bilan tanishish haqida soʻz yuritar ekan, doktor Jumʼa Fathiy Abdulhalim quyidagilarni yozadi:

 «Kim “Sahihul Buxoriy”ning Ibn Sakandan qilingan rivoyati bilan tanishmoqchi boʻlsa, bu borada bir oz qiyinchiliklarga roʻbaroʻ keladi. Buning sababi, birinchi navbatda, dunyoning turli kutubxonalarida “Sahih”ning qoʻlyozma nusxalarini kataloglashtirish ishlari bilan shugʻullangan kishilar eʼtibor bilan yondoshmaganlar. Bu holat birgina Ibn Sakanning rivoyatiga tegishli emas. Yoʻqsa, undan keyin mashhur boʻlib ketgan Abu Zar Haraviy va boshqalarning rivoyatlarida ham bu kabi kamchiliklar uchramagan boʻlar edi…

Ustoz Muhammad Manuniyning [6] zikr qilishicha, Ibn Sakan rivoyat qilgan “Sahihul Buxoriy”ning birinchi jildi Toza shahrida joylashgan “al-Jomiʼ al-Aʼzam”dagi vaqflar xazinasida mavjud. Bu nusxa Abdul Muhaymin ibn Ali ibn Ali ibn Hirzulloh Tamimiy tarafidan hijriy olti yuz toʻqson sakkizinchi yilda koʻchirilgan. U Abu Umar Talmanakiy qoʻli bilan yozilgan Abul Hasan ibn Mugʻisdagi asl nusxa bilan solishtirib koʻrilgan va naql qilingan nusxadir».[7]

 

Ibn Sakandan rivoyat qilingan nusxaning ahamiyati va qiymati

 “Sahihul Buxoriy”ning Ibn Sakandan rivoyat qilingan nusxasi Imom Buxoriyning shayxlari (hadisdagi ustozlari)ni tanishtirishda oʻziga xos juda katta ahamiyatga egadir. Ana shu shayxlar juda mashhur boʻlganliklari bois ularning nasablari haqida koʻp hollarda soʻz yuritilmagan.

– Roviylar tarafidan sanadlar ichiga tushib qolgan ayrim xatoliklarni aniqlashtirish jarayonida rivoyatlar oʻrtasidan eng toʻgʻrisini tanlab olishda Ibn Sakandan rivoyat qilingan nusxaning ahamiyati juda kattadir.

Abu Ali Jayyoniy oʻzining “Taqyidul muhmal” nomli asarida roviylar tarafidan “Sahihul Buxoriy”ning sanadlarida yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni yoritib berish maqsadida alohida bir boʻlim ajratgan. U oʻzining mazkur asarida Ibn Sakandan koʻplab rivoyatlarni keltirib, ayrim oʻrinlarda uning fikrlariga qoʻshilgan boʻlsa, ayrim oʻrinlarda unga qarshi fikrlarni ilgari surgan, hatto unga qoʻshimcha qilgan joylari ham mavjud.[8]

“Sahihul Buxoriy”ning Ibn Sakandan qilingan rivoyatida boshqa roviylarda mavjud boʻlmagan ayrim farqlar uchraydi. Abu Ali Jayyoniy mazkur asarida Ibn Sakanning rivoyatida kelgan matnlar haqida soʻz yuritar ekan uning rivoyatida boshqa roviylarning manbalarida kelmagan baʼzi ziyodaliklar mavjudligini zikr qilib oʻtgan. Ular sanadlarda ham, matnlar ichida ham, ulamolar uni sahih deb baho berganliklari va boshqalarda namoyon boʻlgan.

Boshqa rivoyatlarda ismlari zikr qilingan ayrim roviylar Ibn Sakanning rivoyatida tushib qolgan yoki ayrim xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan oʻrinlar ham mavjud.[9]

Ibn Sakanning ushbu rivoyati Imom Buxoriy oʻzi­ning “Sahih”ida keltirib oʻtgan tarojumlar (bob­lar sarlavhalari) borasida ham oʻta ahamiyatlidir. “Sahihul Buxoriy”ning Ibn Sakandan qilingan rivoyatining ahamiyati faqatgina hadislarda uchraydigan chigalliklarni yechish bilan cheklanib qolmagan, balki boblarning sarlavhalarini bilishda ham oʻz taʼsiriga egadir. Jumladan, Savdo kitobida “Bob: Qassob va goʻsht sotuvchi haqida kelgan hadislar” deyilgan. Undan oldin esa “Bob: (Hoʻl va qurugʻi) aralashtirilgan xurmoni sotish” haqidagi bob, undan keyin “Bob: Savdoda yolgʻonni va aybini berkitib sotishni yuvib yuboradigan narsalar” haqidagi bob, deb zikr qilingan. Koʻpchilik roviylar ham xuddi shunday yoʻl tutishgan. Ibn Sakanning rivoyatida bu narsa beshta bobdan soʻng kelgan. Bu haqda Ibn Hajar oʻzining “al-Fath” nomli asarida quyidagilarni yozadi: “Ushbu sarlavha xuddi shu singari mana shu oʻrinda kelgan. Ibn Sakanning rivoyatida esa beshta bobdan keyin kelgan. Kasb-hunarlar haqidagi sarlavhalar ketma-ket kelganligi bois (uning tartibi) munosibroqdir”.[10]

 

“Sahihul Buxoriy”ning misrliklar tarafidan qilingan rivoyat yoʻllari

 Imom Buxoriy rahimahullohning “Sahih”i koʻplab yoʻllar orqali rivoyat qilingan:
Birinchisi: Abu Zar Haraviyning rivoyat yoʻli. Bu yoʻl marokashliklar, ikki haram ahli va yamanliklar orasida keng tarqalgan va mashhur boʻlgan.
Ikkinchisi: iroqliklar va shomliklar orasida mashhur boʻlgan Abulvaqt Abdul Avval ibn Iso Sajaziyning rivoyat yoʻli.
Uchinchisi: Abu Ali Kattoniy va Mustagʻfiriyning rivoyat yoʻli boʻlib, u movarounnahrliklar orasida tarqalgan.
Toʻrtinchisi: Karima binti Ahmad Marvaziyaning rivoyat yoʻli. Bu faqat misrliklarga xos boʻlgan yoʻldir. Zero “Sahihul Buxoriy” misrliklarga mana shu rivoyat yoʻli orqali yetib kelib mashhur boʻlgan.[11] Karima Marvaziya “Sahihul Buxoriy” asarini Kushmihaniy orqali Firabriydan rivoyat qilgan.

U shayxa, sanad sohibasi, zohida Ummulkirom Karima binti Ahmad ibn Muhammad ibn Hotam Marvaziyadir. Karima Marvaziya Shohjonning Marviga mansub boʻlib, katta Marv nomi bilan tanilgan bu shahar Xurosonda joylashgan shaharlarning eng mashhuridir. Uning otasi Kushmihanlik, onasi esa Sayyoriyning avlodlaridan. Otasi Baytil Maqdisga chiqib ketgan. U Abu Haysam Kushmihaniydan “Sahihul Buxoriy”ni eshitgach, keyinroq Makkaga qaytib kelgan.

Karima Marvaziyaning shayxlari haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, u Kushmihaniydan tashqari yana Zohir ibn Ahmad Saraxsiydan (vaf.389/999), Abdulloh ibn Yusuf ibn Bomuyah Isfahoniydan (vaf.409/1018) ham hadis eshitgan.

Karima Marvaziya vafot etguniga qadar Baytulloh­ning yonida yashab qoldi. Shuning uchun uning oldiga turli yurtlardan ulamolar tashrif buyurar va haj amallarini ado etish asnosida undan hadislar eshitishar edi. Abu Bakr Xatib, Abu Tolib Husayn ibn Muhammad Ziynabiy, Muhammad ibn Barakot Saidiy va koʻplab shaxslar Karima Marvaziyadan hadis rivoyat qilganlar.

Karima Marvaziya “Sahihul Buxoriy”ni Kush­mihaniydan eshitgan. Koʻpgina imomlar ham Karima Marvaziyaga uni oʻqib berishgan. U hadis rivoyat qilar ekan, ularni oʻzidagi asl bilan solishtirib koʻragan. U ibodatjoʻy va yaxshi ayol boʻlish bilan birga bilimli, tushunchasi keng ham boʻlgan. U “Sahihul Buxoriy”ni juda koʻp marta rivoyat qilgan. Shulardan birini uning shogirdi Abu Bakr Xatib haj vaqtida odamlarga oʻqib bergan. Karima Marvaziya umuman turmush qurmay yashagan va toʻrt yuz oltmish beshinchi yili, ayrim manbalarda oltmish uchinchi yili Makkada vafot etgan. Aytishlaricha, u yuz yil umr koʻrgan.

Karima Marvaziya “Sahihul Buxoriy”ni faqat oʻzida mavjud aslidan olib rivoyat qilgan. Rivoyat qilgan vaqtda ham uni oʻsha asl bilan solishtirib olgan. Shuningdek, u “Sahihul Buxoriy”ning oʻzidagi nusxasiga juda ham eʼtiborli boʻlgan. Shuning uchun uning rivoyati mashhur boʻlib ketgan. Karima Marvaziya yuz yil umr koʻrgani tufayli uning sanadi oliy sanad hisoblangan. Negaki, u 463/1071 yili vafot etguniga qadar hadis rivoyat qilgan.

Zahabiy bunday degan: “Abulgʻanoim Narsiy dedi: «Karima Marvaziya mening oldimga “Sahihul Buxoriy”ning bir nusxasini olib chiqdi. Men uning qarshisida oʻtirib olib, yetti varaq hadis yozdim va oʻziga oʻqib berdim. Men (yozib olgan hadislarimni undagi nusxaga) bir oʻzim solishtirib koʻrishni istar edim. Ammo u: “Yoʻq! Men bilan birga solishtirib koʻrmaguningcha rozi emasman”, dedi. Shunday qilib, men u bilan birga solishtirib koʻrdim”».

“Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyati turli yurtlarga keng tarqalib ketgan, ulamolar hadis eshitish maqsadida uning huzuriga chopishgan. Karima Marvaziyadan “Sahihul Buxoriy” asarini rivoyat qilganlar:

Arab tili shayxi Abu Abdulloh Muhammad ibn Barakot Saidiy, Abu Sodiq Murshid ibn Yahyo ibn Qosim Madiniy Misriy, Abul Hasan Ali ibn Husayn ibn Umar ibn Farro Mavsiliy Misriy, Imomul Haramayn Husayn ibn Ali ibn Husayn Abu Abdulloh Shofiʼiy, Abul Qosim Xalaf ibn Ibrohim ibn Xalaf ibn Said Muqriy Hassor, Abul Isbaʼ Iso ibn Muhammad ibn Abul Bahr va Ahmad ibn Xalifa ibn Mansur.

Birinchisi: arab tili shayxi Abu Abdulloh Muhammad ibn Barakot ibn Hilol ibn Abdul Vohid Saidiydan “Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyatini Abul Qosim Abdulloh ibn Ali ibn Masʼud Buvsiriy (vaf.598/1201) eshitgan. Keyinchalik bu rivoyat mashhur boʻlib ketganidan uni Buvsiriydan juda koʻpchilik roviylar rivoyat qilishgan. Jumladan:

  1. Hasan Ali ibn Shujoʼ Zarir. (vaf.661/1263). Undan Sharafuddin Yuvniyniy (701/1301) rivoyat qilgan.
  2. Abu Abbos Ahmad ibn Ali ibn Yusuf Damashqiy Yuvniyniy. (vaf.622/1225).
  3. Abu Amr Usmon ibn Abdu Rahmon ibn Rashiq Rubaʼiy.
  4. Abu Tohir Ismoil ibn Abdul Qaviy ibn Abul Iz ibn Azun. (vaf.667/1268).

Mazkur uch roviyning rivoyat yoʻllari orqali Karima Marvaziyaning rivoyat yoʻli “Fathul Boriy” asarida Ibn Hajarga borib tutashgan.

Ikkinchisi: Abul Hasan Ali ibn Husayn ibn Umar ibn Farro Mavsiliy Misriydan “Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyatini Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Artohiy rivoyat qilgan. Undan Abul Hasan Ali ibn Shujoʼ Zarir, Ibn Rashiq Rubaʼiy, Ibn Marvon va boshqalar rivoyat qilishgan.

Ibn Shujoʼdan Hofiz Sharafuddin Yuvniyniy rivoyat qilgan. Qolganlaridan esa “Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyat yoʻli “Umdatul qoriy” asarida uning muallifi Badriddin Ayniyga, “Irshod as-soriy” asarida uning muallifi Qastaloniyga borib tutashgan.

 

Qolgan rivoyat yoʻllari haqida soʻzlaydigan boʻlsak, ular:

Abul Qosim Xalaf ibn Ibrohim Muqriy Hassor. (vaf.511/1117).
Abul Isbaʼ Iso ibn Muhammad Abul Bahr.
Ahmad ibn Xalifa ibn Mansur.
Qozi Iyoz (vaf.544/1149) “Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyatini mazkur roviylar orqali naql qilgan.

 

[1] Siyaru aʼlomin nubaloi, 16-jild, 117-bet. Tarixul islom, 8-jild, 55-bet.
[2] Siyaru aʼlomin nubaloi, 16-jild, 118-bet.
[3] Tarixul islom, 8-jild, 55-bet.
[4] As-sila, 1-jild, 245-bet.
[5] Taqyidul muhmal, 3-jild, 1068-bet.
[6] Odob fakulteti va dor al hadis al hasaniyadagi oliy taʼlim oʻqituvchisining mazkur soʻzlari uning “Sahihul Buxoriy fid dirosotil magʻribiya” nomli ilmiy maqolasida kelgan.
[7] Doktor Jumʼa Fathi Abdul Halim. Rivoyotul-jomiʼis-sahih va nusaxuh, 1-jild, 227-bet.
[8] Oʻsha manba, 1-jild, 233-bet.
[9] Oʻsha manba, 1-jild, 238-bet.
[10] Oʻsha manba, 1-jild, 249-bet.
[11] Doktor Usoma Sayyid Azhariy. Asoniyd al misriyyin, 157-bet.
Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …