Oʻzbekiston qadimdan ilm-maʼrifat diyori, sivilizatsiyalar kesishgan chorraha, taraqqiyot oʻchogʻi boʻlib kelgan. Men, “Hidoyat imomi Abu Mansur Moturidiyning hayot yoʻli” kitobi muallifi sifatida aytishim mumkinki, aniq tarixiy va ilmiy faktlar Oʻzbekiston diyori tarixan yuksak ilmiy salohiyatga ega boʻlganini koʻrsatadi.
Buxoro va Samarqand Somoniylar davlatidagi asosiy ilm-fan markazlaridan edi. Ayniqsa, Buxoro madaniy taraqqiyot jihatidan davlatning eng muhim shahri sanalgan. Buxoro vasfida buxorolik mashhur olimlardan biri, “Yatimat-ud dahr” kitobi muallifi Abu Mansur Saolabiy quyidagilarni yozadi: “U ulugʻvorlik yurti, saltanat qiblasi, zamon ulugʻlari yigʻilgan makon, yer ahli adiblari yulduzlarining chiqar joyi va zamon fozillari toʻplangan yerdir”. Shuning uchun ham Buxorodan koʻra, aholisi ilm ahliga ehtiromliroq biror shahar koʻrilmagan. Somoniylar davrida Buxoro shahridagi ilmiy yuksalish koʻplab ilmiy muassasalar faoliyatida namoyon boʻlgan. Olimlar munozara uchun ilmiy muassasalarda toʻplanishar, bunday mashvaratlar baʼzi hollarda amirning qarorgohida ham oʻtkazilardi. Rivoyat qilinishicha, amir Ismoil ibn Ahmad olimlarni oʻziga yaqin tutar, munozaralarini diqqat bilan tinglar edi.
Samarqand shahri ham ulkan ilmiy taraqqiyotning guvohi boʻlgan koʻhna zamindir. Samarqandda yuksalgan ilmlar va bu zamindan yetishib chiqqan Abu Mansur Moturidiy, Lomishiy Samarqandiy, Alouddin Samarqandiy, Alouddin Usmandiy Samarqandiy, Badruddin Samarqandiy, Saʼdiddin Taftazoniy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi singari dunyoga mashhur allomalar Samarqandni ham Buxoro kabi tolibi ilmlar uchun qiblaga aylantirganidan dalolat qiladi.
Movarounnahr mintaqasi islom ummatining koʻzga koʻringan koʻplab ulamolarini yetishtirdi. Ularning turli fanlar boʻyicha yozgan asarlari bu diyordagi ulkan ilmiy muhitning samarasi edi. Xususan, oltita ishonchli hadis toʻplami ichidan uchtasining sohiblari Movarounnahrda tugʻilgani va shu yerda yashab ijod qilgani fikrimizning yaqqol isbotidir.
Hozirgi kunda ham Oʻzbekiston jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan ana shunday ulugʻ maqomni saqlab qolishga, yuksak taraqqiyot choʻqqisini qayta zabt etishga intilmoqda. Men birinchi bor Oʻzbekistonga 2020 yilning mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun kelgan edim.
Bu yerda davlat tomonidan ilmiy-maʼrifiy sohaga berilayotgan eʼtiborni koʻrib hayratlandim. Ushbu anjumandan keyin Oʻzbekiston Prezidenti qaroriga asosan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilayotgani haqida xabardor boʻldim va ilmiy faoliyatimni yurtingizda davom ettirishga qaror qildim. Taʼkidlashim zarurki, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishi olamshumul voqea boʻlib, bu yangilikni dunyo afkor ommasi, taniqli ulamolar katta mamnuniyat bilan qarshi oldi. Chunki bugungi kunda Imom Moturidiyning ilmiy merosini oʻrganishga butun dunyoda katta qiziqish bildirilmoqda.
Moturidiylik taʼlimoti sunniylik yoʻnalishidagi ikki yirik maktabning biri boʻlib, u oʻz moʻtadilligi bilan ajralib turadi. Buning asosiy sababi shuki, Imom Moturidiy oʻz taʼlimotini davrning ijtimoiy-siyosiy jihatlarini ham hisobga olgan holda yaratgan. Shuning uchun moturidiylik taʼlimotini oʻrganishga qiziqish katta. Bu taʼlimot dunyoning koʻplab yirik taʼlim muassasalarida, xususan, al-Azhar universitetida ham oʻqitiladi. Bugungi kunga qadar al-Azhar universitetida moturidiylik taʼlimoti boʻyicha 150 dan ziyod ilmiy ish chop etilgan boʻlib, ayni paytda bajarilayotgan ilmiy izlanishlar soni bundan bir necha barobar ziyoddir. Qayd etish kerakki, Buyuk Britaniyaning nufuzli Oksford universiteti ham moturidiylik taʼlimotining bugungi ahamiyati juda katta ekanini alohida eʼtirof etgan.
Oʻzbekistondagi Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi islom dinining insonparvarlik mohiyatini, maʼrifiy jihatlarini ilmiy asosda oʻrganadigan va tadqiqotlar olib boradigan, tadqiqot natijalarini xalqaro jamoatchilikka yetkazadigan nufuzli xalqaro muassasalardan biri boʻlishiga ishonaman. Shuningdek, hozirgi vaqtda islom olami Imom Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik taʼlimoti va uning ezgu gʻoyalarini targʻib qiladigan ana shunday ilmiy markazga katta ehtiyoj sezmoqda. Oʻzbekiston bu sohada tajribaga ega. Chunki Oʻzbekiston qadimdan ilm-maʼrifat markazi boʻlgan, ishonchim komilki, bundan keyin ham ana shu yuksak maqomni saqlab qoladi.
Biz Imom Moturidiy taʼlimotini keyingi avlodlarga sof holda yetkazishimiz zarur. Moturidiylik aqida va kalom ilmi borasida dunyodagi eng kuchli maktablardan biri boʻlgan. Bu maktabning tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Xususan, moturidiylik taʼlimoti islom tarixidagi zabardast olim Abu Hanifadan oʻtib kelayotgan ulkan meros hisoblanadi. Hozir moturidiylik maktabi ilmiy merosini tiklash vaqti keldi. Chunki bu maktab taʼlimotidan uzoqlashish natijasida turli gʻarazli kuchlar va ekstremistik oqimlar faoliyati kuchaya boshladi. Dunyo miqyosida diniy ixtiloflar murakkablashib, mutaassib oqimlar faoliyati tobora kuchayib bormoqda. Ana shunday mafkuraviy kurash jarayonida yoshlarni islomning anʼanaviy taʼlimotiga zid boʻlgan yot gʻoyalardan himoya qilish, xususan, ilgari surilayotgan notoʻgʻri aqida va tushunchalarni moturidiylik taʼlimoti asosida tuzatish dolzarb ahamiyatga ega. Imom Moturidiyning “Kitab at-tavhid”, “Taʼvilot ahl as-sunna” asarlarini tarjima qilish, oʻrganish va yoshlarga yetkazish orqali ularni turli gʻarazli kuchlarning yot gʻoyalari xurujidan saqlab qolish mumkin.
Hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarining taxminan 40 foizi ushbu taʼlimot vakillari sanaladi. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiyning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng miqyosda targʻib qilishda nihoyatda katta imkoniyatga ega. Qolaversa, Oʻzbekiston hukumati mazkur xalqaro markaz faoliyati uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan. Mening istagim — dunyodagi barcha musulmon ummati fiqh, aqida va tasavvuf ilmlarini Oʻzbekistondagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati orqali oʻrganishlari kerak. Bu mening orzuim, ushbu orzuim amalga oshishini istayman va bunga ishonaman.
Bu markaz nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun islom olamida ulkan ilmiy taraqqiyot poydevori sifatida xizmat qiladigan dargoh boʻlib qolishiga tilakdoshman.