Home / MAQOLALAR / MAHMUD ZAMAXSHARIYNING TILSHUNOSLIKKA OID ASARLARI

MAHMUD ZAMAXSHARIYNING TILSHUNOSLIKKA OID ASARLARI

Arab tilining qonun-qoidalari tizimi – nahv ilmini yaratgan va kamolga yetkazgan olimlar orasida bizning bobokalonimiz Mahmud Zamaxshariy muhim oʻrin egallaydi.

Alloma haqidagi maʼlumotlar asosan Oʻrta asr arab manbalarida keltirilgan. Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy 467/1075 yil 27 rajab oyi /19 martda Xorazmning Zamaxshar qishlogʻida tavallud topgan. Otasi unchalik badavlat boʻlmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi boʻlgan va aksar vaqtini ibodat bilan oʻtkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Onasi ham xudojoʻy boʻlgan.

Sharqda allomani chuqur hurmat va mehr bilan “Ustozul arab val ajam” (“Arablar va gʻayri arablar ustozi”), “Faxru Xorazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar.

Zamaxshariy hayoti davomida ilm oʻrganish maqsadida tinmay dunyo kezgan. Buyuk alloma Xuroson, Eron, Arabiston, Iroq, Yaman, Shom (Suriya) kabi davlatlarning Marv, Nishopur, Isfahon, Bagʻdod, Hijoz, Damashq va Makka kabi shaharlarida boʻlib, asarlari uchun boy manba toʻplagan.

 Maʼlumotlarga koʻra, olim oʻzining koʻplab asarlarini Makkada yozgan va xuddi shu yerda buyuk olim sifatida eʼtirof etilgan, shuhrat qozongan. 

Vatanimiz mustaqillikka erishgandan soʻng boshqa buyuk ajdodlarimiz qatorida Mahmud Zamaxshariy hayoti va ilmiy merosi ham ilmiy asosda keng oʻrganila boshladi.

Zamaxshariy oʻz davrining zabardast olimlaridan biri boʻlib, fanning turli sohalariga oid yetmishga yaqin asar yozgan. Afsuski, bizga shulardan baʼzilarigina yetib kelgan, xolos. Allomaning  asarlari roʻyxati turli manbalarda turlicha keltiriladi. Nemis sharqshunos olimi K.Brokkelman oʻzining “Arab adabiyoti tarixi” nomli asarida Mahmud Zamaxshariyning 31 ta asari boʻlgani haqida maʼlumot bergan boʻlsa, doktor Ahmad Muhammad Xufiy – “ Zamaxshariy” nomli risolasida uning 48 asari borligini aytib oʻtadi. Akademik A.Rustamovning “Mahmud Zamaxshariy” kitobida allomaning 39 ta asari boʻlgani haqida maʼlumotlar bor. B.Z.Xolidov oʻz maqolasida Zamaxshariy 55 ta asar yozganini taʼkidlaydi. Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosining yana bir tadqiqotchisi U.Uvatov “Nozik iboralar” nomli kitobida allomaning 34 ta asariga oid maʼlumot bergan[1].

1998 yili Bayrutda Mahmud Zamaxshariyning “Asosul balogʻa” asari chop etilgan va uning muqaddima qismida tadqiqotchi olim Muhammad Bosil Uyun Sud allomaning 65 ta asari roʻyxatini keltirgan.

I.Yu.Krachkovskiy, V.V.Bartolʼd, A.A.Borovkov, A.Krimskiy, V.L.Vyatkin; gʻarb olimlaridan K.Brokkelman, Goldsiyer, Vetshteyn, Nyoldeke, Poppe, Rayt, Bensing, Zayonchikovskiy Mahmud Zamaxshariyning ilmiy merosiga katta qiziqish bildirgan va alloma asarlari ustida izlanishlar olib borgan. Lekin birortasida “Al-Mufassal fi nahv” asari alohida koʻrib chiqilgan emas.

Arab olimlaridan Jurji Zaydon, Ahmad Muhammad Xudiy, Ali Bajoviy, Bahija Boqir Husniy, Muhammad Abul fazl Ibrohim, Husni Abdujalil Yusuf, Ibrohim Samaroiy, Muhammad Bosil Uyun Sud va boshqalar alloma ijodini har tomonlama oʻrganishga harakat qilgan[2] va bugungi kunda ham koʻpgina olimlar Mahmud Zamaxshariy asarlari ustida tadqiqotlar olib bormoqda.

Mahmud Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalarini, jumladan, arab tilining sarfu nahvini, adabiyotshunoslik, lugʻatshunoslik, tilshunoslik, geografiya, aruz, mantiq, diniy ilmlar, Qurʼon tafsirini mukammal egallagan. 

Buyuk allomaning bebaho merosi durdonalari orasida tilshunoslikka oid eng mashhur asarlaridan “Sharh abyat kitob Sibavayh” (“Sibavayh kitobining sharhi”), “Al-Mufassal”, “Al-Unmuzaj” (grammatikaga oid) alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, bobokalonimiz lugʻatshunoslik sohasida ham salmoqli ishlar olib borgan. Yangi usuldan foydalanib, dunyoga mashhur bir necha lugʻatni tuzgan. Shular jumlasiga “Al-Foiq fi gʻaribil hadis”, Asosul balogʻa (“Balogʻat asosi”), “Al-Muʼjamul arabiyyatul forisiyyat”, “Muqaddamatul adab”  asarlari kiradi. Shu bilan birga, Qurʼoni karimga yozgan sharhlarini oʻz ichiga olgan “Al-Kashshof” asari islom olamida tafsirga oid asarlar orasida eng mukammali ekanligi sharqshunos va arabshunos olimlar tomonidan tan olingan. Mazkur asarlarning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari turli mamlakatlar qoʻlyozma fondlarida saqlanmoqda hamda, koʻplab dorilfununlarda darslik sifatida haligacha qoʻllanib kelmoqda. Ular aksariyatiga atoqli va nufuzli olimlar tomonidan sharhlar yozilgan.

Mashhur tarixchi Ibn Qiftiy (vaf.1248 y., Halab) “Zamaxshariy ilmul adab, nahv va lugʻat bobida oʻzgalarga misol boʻladigan alloma boʻlib, hayoti davomida koʻplab buyuk olimu fuzalolar bilan uchrashgan. Alloma tafsir, hadis, nahv va boshqa sohalar boʻyicha yetuk, zukko boʻlib, uning bir qancha asarlari bordir. U oʻz asrida arab tilida ijod qilgan ajamlar (arab boʻlmaganlar) orasida eng buyugidir,” deb yozadi.

Arablarda ham bunday maqol bor: “Agar Zamaxshariy boʻlmaganida, arablar oʻz tilini bilmas edi”. Shunga koʻra, allomaning bunday tahsin-maqtovlarga erishishi va butun dunyoga mashhur tilshunos, grammatik olim boʻlib tanilishiga sabab arab tili grammatikasiga bagʻishlab yozilgan “Al-Mufassal fin nahv” – “Nahv (grammatika) haqida mufassal kitob” asari boʻlsa, ajab emas.

Iroqlik olim Fozil Solih Samariy maʼlumotiga qaraganda, Zamaxshariy qoldirgan boy ilmiy merosni quyidagicha tasniflash mumkin: diniy ilmlar, islom ulamolari va fiqhga oid asarlar; lugʻatshunoslik, arab tili grammatikasi (sarf va nah ); aruz va adabiyot nazariyasi; badiiy adabiyot (sheʼriy devonlar va nasriy asarlar); mantiq va falsafaga oid asarlar; joʻgʻrofiya va etnografiyaga oid asarlar.

Quyida alloma qalamiga mansub tilshunoslikka oid asarlar bilan tanishamiz. “Al-Mufassal fi sanʼatil iʼrob” – “Eʼrob sanʼati haqida mufassal kitob”, “ Muqaddamatul adab” – “Adab ilmiga kirish”, “ Asosul balogʻa” – “Balogʻat asosi” uning yirik asarlari boʻlsa,tubanda keltirilganlari muayyan darajada toʻldiruvchi va ilova vazifasini oʻtaydi:

  1. “Al-Unmuzaj fin nahv” – “Nahv ilmidan namunalar”.
  2. “Al-Foiq fi gʻaribil hadis” – “Hadislardagi notanish soʻzlarni izohlashga doir ajoyib asar”.
  3. “Samimul arabiya” – “Arab tilining negizi”.
  4. “Al-Muʼjamul arabiyyatul forisiyyatu” – “Arabcha-forscha lugʻat”.
  5. “Al- Minhoj fil usul” – “ Usul ilmidagi tartibotlar”.
  6. “Al-Mufrad val muallif fin nahv” – Arab tilida birlik va koʻplik”.
  7. “Sharh abyat kitob Sibavayh” – “Sibavayh kitobi baytlarining sharhi”.
  8. “Al-Asmo fil lugʻat” – “Tilda ismlar”.
  9. “Al-Amoliy fin nahv” – “Grammatik qoidalarda orfografiya”.
  10. “Ad-Durrud doirul muntahab fi kinoyot va istiorot va tashbehoti-l-arab” – “Arab kinoya, istiora va tashbehlaridan tanlangan durlar”.
  11. “Devonut tamsil” – Assimiliyatsiya haqida devon”.
  12. “Javohirul lugʻat” – “Til javohirlari”.
  13. “Kitabul ajnos” – “Jinslar kitobi”.
  14. “Al-Mufrad val murakkab fil arabiya” – “Arab tilida birlik va koʻplik”.
  15. “Shofiul ayyi min kalamish Shofeʼiy” – “Shofeʼiy soʻzi yordamida tilni davolash”.
  16. “Sharh “Muxtasaril Quduriy” – “Quduriyning “Muxtasar” asariga sharh”.
  17. “Sharhul fasih” – Saʼlabning “Fasih” asariga sharh.
  18. “Hoshiya alal “Mufassal” – “Mufassal asariga hoshiya”.
  19. “Sharhul baʼzi mushkilatul mufassal – “Mufassaldagi baʼzi qiyin masalalarga yozilgan sharh”[3].

Mahmud Zamaxshariy qomusiy olim sifatida tilshunoslik, adabiyot, geografiya, tarix va boshqa qator yoʻnalishlar boʻyicha maktab yaratgan. Alloma 200 dan ortiq shogirdi boʻlgan. Asarlarini bevosita oʻrganib, ilmu fanning sirlarini egallagan 100 dan ortiq olim gʻoyibdan oʻzini Zamaxshariyning shogirdi deb hisoblagan.

[1]  Nosirova M. Oʻrta asrlar arab nahvidan namunalar (Mahmud Zamaxshariyning “Unmuzaj fi nahv” risolasi asosida). – T.: ToshDSHI nashriyoti, 2004. 5-bet
[2] Nosirova M. Oʻrta asrlar arab nahvidan namunalar (Mahmud Zamaxshariyning “Unmuzaj fi nahv” risolasi asosida). – T.: ToshDSHI nashriyoti, 2004. 6-bet
[3] Nosirova M.  Tilshunoslik bilimlari tarixi (Arab tilshunosligi) – T.: Navroʻz, 2019. – B. 136.
Dildora MUSINOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …