Ayni kunlarda rasmiy tashrif bilan yurtimizda mehmon boʻlib turgan Indoneziya Respublikasi parlamenti Vakillar palatasi Spikerining sanoat va taraqqiyot masalalari boʻyicha oʻrinbosari Rahmat Gobel boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari 19 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markaz direktori Sh.Ziyodov mehmonlarga mazkur ilmiy muassasaning tashkil etilishi, maqsad va vazifalari, xalqaro hamkorlik, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar haqida soʻzlab berdi.
Oʻz oʻrnida Rahmat Gobel yurtimizga tashrifi doirasida 18 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashgani, muloqot davomida ikki mamlakat oʻrtasida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan oʻzaro fikr almashilganini qayd etdi.
Martabali mehmon Oʻzbekistonda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, diniy-maʼrifiy va boshqa sohalarda keng koʻlamli yangilanishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab, yurtimizda buyuk allomalar xotirasi va merosiga hurmat va ilm ahliga qaratilayotgan eʼtiborni yuqori baholadi.