Nuriddin Muhammad ibn Muhammad ibn Yahyo Avfiy Hanafiy (1171-1172/1233-1242) Buxoro shahrida shoir oilasida tugʻilgan. Otasi Marv shahrining qozisi, bobosi ham bu shaharning qozisi, taniqli muhaddis boʻlgan. Togʻasi Sharafuzzamon Majiddin esa, Gʻarbiy Qoraxonlar davlatining hukmdorlaridan biri Qilich Tamgʻochxonning shifokori boʻlgan. Yahyo Avfiy dastlab Buxoroda tarix, adabiyot, huquq, xattotlik va boshqa ilmlarni oʻrgangan. 1201 yilda Samarqandga kelgan va togʻasi orqali Qilich Tamgʻochxonning xizmatiga kirgan va valiahd Qilich Arslonxon Hoqon Nusratiddinning munshiysi boʻlgan. Samarqandlik olimlar bilan uchrashib, bilimi va tajribasini oshirgan.
Yahyo Avfiy adab ilmini kengroq oʻrganish, oʻz zamonasining yetuk adiblari bilan tanishish, ularning asarlarini tadqiq etish maqsadida Xuroson, Hindiston va boshqa yurtlar shaharlari boʻylab sayohat qilgan. 1203 yili Xorazmga, Hirotga, undan Nisoga, 1206 yili Seyiston, 1207 yili Nishopur, 1210 yili Qazvin, Isfizor va Eronning boshqa shaharlariga borgan. Safarlari davomida haqiqatan ham koʻplab olimu shoirlar bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻlgan.
Alloma 1219 yili safardan ona yurtiga qaytib kelganida, moʻgʻullar Movarounnahrning yirik shaharlarini istilosi qilgani bois, u Buxoroni tark etib, Lahur shahriga kelgan. Allomaning Hindistonda yashagan yili faoliyatining eng samarali davr boʻlgan. Yahyo Avfiy Sind shahrida (hoz. Karachi) 1220 yil mamluk hukmdorlaridan Malik Nasiriddinning vaziri Aynulmulk Fahriddin Husayniy bilan yaxshi aloqada boʻlgan va unga bagʻishlab “Lubabu albob” ( Idrok xulosalari) asarini (1222-1223) vazirga bagʻishlab yozgan.
Bu fors adabiyotidagi ilk tazkira boʻlib, 12 bobdan iborat. Asar koʻplab sharqshunos olimlar eʼtirof etilganiga sabab u moʻgʻul istilosidan avvalgi adabiyot va madaniyat arboblari haqida yagona manba sanalishidir[1]. Uch viloyatining hokimi Nosiriddin Qoboji 1222 yilda oʻz xizmatiga olgan. Yahyo Avfiy 1223 yili Gujarot shahriga qozilik qilgan kezlari Abu Ali Muhsin Tannuhiy (vaf.384/994) ning tasavvufga oid “Al-Faraj baʼdash shidda” (Qiyinchilikdan keyin albatta yengillik bor) ni fors tiliga tarjima qilgan. Sind hukmdorining boʻyrugʻiga binoan “Javamiul hikayat va lavamiʼ ur-rivaya” (Yorqin hikoyalar toʻplami va rivoyatlar jilosi) asarini yoza boshlagan. 1228 yili Sind shahri Dehli sultonligiga buysundirilgandan soʻng, hukmdor Shamsiddin Eltutmish xizmatiga kirgan va Dehliga koʻchib oʻtgan va asarini 1233 yili tugatgan.