Home / YANGILIKLAR / Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida

Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

bugungi kunda ma’naviy qadriyatlarimizning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’rifiy merosida ulug‘langan, xalqimiz tomonidan asrlar davomida e’zozlab kelinayotgan insonparvarlik, shukronalik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va saxovat tuyg‘ularini kuchaytirish hamda muborak Ramazon hayitini munosib nishonlash maqsadida:

1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 13 may – payshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021 yil 13 may Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–6122-son Farmoniga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi PF–6222-son Farmoni bilan 2021 yil 14–15 may kunlari qo‘shimcha dam olish kunlari sifatida belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon hayitining karantin talablariga muvofiq, xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda o‘tkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                        Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2021 yil 10 may

Manba: UzA

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …