Home / YANGILIKLAR / MILLATLAR VA KONFЕSSIYALARARO MUNOSABATLAR — MAMLAKAT BARQARORLIGI GAROVI

MILLATLAR VA KONFЕSSIYALARARO MUNOSABATLAR — MAMLAKAT BARQARORLIGI GAROVI

Bugun mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Buni yangi Oʻzbekistonning tashqi va ichki siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-maʼrifiy sohalardagi tub islohot va evrilishlarda ham koʻrish mumkin. Prezidentimiz tashabbusi va xalqimiz birdamligida qabul qilingan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosidagi yangilanishlar tom maʼnoda xalqimiz hayotidagi farovonlik va mamlakat taraqqiyotida oʻz boʻy-bastini koʻrsata boshladi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda diniy-maʼrifiy, taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan islohotlar va uning natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanayotir. Mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni taʼminlashga qaratilgan izchil va puxta oʻylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Eʼtiborlisi, BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil 19 sentyabrda Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslari asosida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Bu rezolyutsiyaning asosiy maqsadi barcha uchun taʼlim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf qilishdan iborat. Hujjatda bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni oʻrnatish, diniy erkinlikni taʼminlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka katta eʼtibor qaratilgan.

Mazkur rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va eʼtiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida maʼrifat, taʼlim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Taʼkidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashash, taʼlim olish, mehnat qilish, iqtidorini namoyish etish va oʻz diniy eʼtiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “mustaqillik yillarida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi. Bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash Oʻzbekistonda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Bularning barchasi hayotda oʻzining toʻliq ifodasini topdi”.

Darhaqiqat, Bosh qonunimizning 4-moddasida Oʻzbekiston oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida koʻrsatib oʻtilgan boʻlsa, 18-moddada mamlakatimizda jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, barcha qonun oldida tengligi belgilab qoʻyildi.

2017 yil 19 mayda Prezidentimizning “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingandi. Mazkur hujjatda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash kabi masalalarning ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanishi ham davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashda muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiya, 153 ta milliy-madaniy markaz, 38 ta Doʻstlik jamiyati, 2276 ta diniy tashkilot teng huquqli hamda oʻzaro hamjihatlik sharoitida faoliyat yuritib kelmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimiz taʼlim muassasalarida oʻqish 7 ta tilda olib borilmoqda. Teleradio koʻrsatuv va eshittirishlar 12 ta tilda efirga uzatilib, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilyapti. Respublikamizdagi turli milliy markazlar davlat tadbirlari va umumxalq bayramlarida faol ishtirok etib keladi. Mustaqillik bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan “Oʻzbekiston — umumiy uyimiz”, “Vatan bitta, Vatan yagona”, “Bizning kuchimiz — birlik va hamjihatlikda” kabi  festivallar millatlararo doʻstlik rishtalarining yanada mustahkamlanishini taʼminlamoqda.

Ularning huquq va erkinligi, manfaatlarini himoya qilish, taʼlim olish, kasb-hunar egallash, milliy anʼana hamda qadriyatlarini rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan. Turli millat va din vakillarining har qanday tajovuzdan bexavotir oʻz ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat.

Buning ahamiyatini Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida millatlararo munosabatlar masalasiga alohida eʼtibor qaratganidan ham anglash mumkin. Davlatimiz rahbari jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zaruratini qayd etib, BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul Xalqaro doʻstlik kuni sifatida keng nishonlanishi, shu bois, mazkur sanani Oʻzbekistonda Xalqlar doʻstligi kuni deb belgilashni taklif etgani yurtimizda istiqomat qiluvchi koʻp millatli fuqarolarimizni benihoya quvontirdi.

Oʻzbekistonning bu sohadagi saʼy-harakatlari dunyoning nufuzli siyosatchilari, davlat va jamoat arboblari tomonidan ham koʻtarinkilik bilan kutib olinmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Zayd al-Husayn oʻz intervyusida bugungi tahlikali zamonda Oʻzbekistondagi mavjud dinlararo va millatlararo totuvlik hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar turli davlatlar uchun oʻrnak boʻlishga loyiq ekanini qayd etib oʻtdi.

Mamlakatimizda bu sohada ijobiy va oʻzaro hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar natijasida millatlararo va dinlararo munosabatlarning yangi tizimi yaratildi. Mazkur tizim turli millat va din vakillari oʻrtasidagi millatlararo va dinlararo muloqot, konstruktiv yondashuv va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligiga asoslanadi.

Ming yillar davomida Buyuk ipak yoʻlining muhim chorrahasi boʻlib kelgan yurtimiz taraqqiyotida xalqimizga xos bagʻrikenglik, mehmondoʻstlik, oʻzga madaniyat vakillariga hurmat tuygʻulari asosiy omillardan boʻlgan. Bugungi kunda ham oʻlkamizda turli xalqlar urf-odat va anʼanalari oʻzaro uygʻunlikda rivojlanib bormoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz tomonidan diniy maʼrifat sohasida yuritilayotgan siyosat haqiqiy maʼnoda dunyo mamlakatlarida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikning asosi boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz.

Shuhrat YOVQOCHЕV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori,
siyosiy fanlar doktori, professor
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 5 may, №90 (346)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …