Home / MAQOLALAR / BOSHGA MASʼH TORTISH VA XILOL QILISH TARTIBI

BOSHGA MASʼH TORTISH VA XILOL QILISH TARTIBI

Qoʻlni yuvgan zahoti aʼzoni silashga masʼh deyiladi. Yoki aʼzolarni yuvganidan keyin masʼh qilinadigan oʻrinlarni nam qoʻl bilan silash masʼh boʻladi. “Masʼh” deb lugʻatda nam qoʻlni yurgizishga aytiladi.

Masʼh qilingandan keyin qoʻlda qoladigan namlik boshqa aʼzoni masʼh qilishga yaramaydi. U xoh yuviladigan, xoh masʼh qilinadigan aʼzo boʻlsin. Mahsiga va yaraga masʼh tortish ham xuddi shunday.

Hanafiy mazhabida boshning toʻrtdan biriga masʼh tortish farz, hamma joyiga bir marta masʼh tortish esa sunnatdir.

Boshqa mazhablarda biroz farqli. Yaʼni, oyatni boshqa tarafdan taʼvil qilgan Imom Shofiʼiyga koʻra, boshdagi bir yoki uch tola sochga masʼh tortish ila farz ado boʻladi. Molikiylarga koʻra esa boshning hamma joyiga masʼh tortish farz hisoblanadi. Ularning zikr qilishicha, “Qoʻlimni devorga surtdim, deyish bilan devorning hamma joyi nazarda tutiladi. Chunki devor jamlangan ism, undan barcha joylari ham oʻsha devordan, deb hisoblanadi.

Mugʻiyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam tahorat qilib peshonasi (boshning peshona qismi)ga masʼh tortdi va sallasi hamda ikki mahsisiga masʼh tortdi” (Imom Muslim rivoyati). Bu hadisdan peshona qismiga masʼh tortishning sunnat ekani taʼvil qilingan. Demak, bosh barmoqni sochga bir marta yoki uch marta tekkizish bilan bosh masʼh qilingan, boʻlmaydi.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh nazdida soqolning toʻrtdan birini xilol qilish farz. Toʻrtdan biri deganda, yuzdan soʻng boshning tuk chiqqan joyining toʻrtdan bir boʻlagi tushuniladi.

Mazhabimizda Imom Shofeʼiy rahmatullohi alayhga xilof ravishda soqolning uchigacha suv tekkizish vojib emas (unda boʻyindagi va yuzdagi tuklarni hamda kiprikchalik soqol boʻlsa ham uni yuvish vojibligi aytilgan. Aksincha boʻlsa, zohiri, yaʼni koʻrinib turgan qismi yuviladi).

Ikkala rivoyatdan ham mashhurrogʻi Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning rivoyati: “Yuzni toʻsib turgan tukni xilol qilish farz”. Qozixonning “Sharhu Jomiʼus sagʻir”ida ham shunday deyilgan. Bu soqoli tutamlanadigan darajada uzun boʻlgan kishilarga tegishlidir. Agar soqoli kalta boʻlsa, uning tagiga suv yetkazish vojib boʻladi.

Tahorat qilinib, soʻngra tirnoqlar olinsa, qayta tahorat qilish shart boʻlmaganidek, masʼh qilinganidan soʻng soch olinsa ham uni qaytadan masʼh qilishi shart emas.

Soqolni va panjalarni xilol qilish, uch bor yuvish va boshning hamma joyiga bir marta masʼh tortish va uning suvi bilan ikki quloqqa masʼh tortish, niyat va tartib Hanafiy mazhabida sunnatdir (“Sharhul viqoya”).

Boshga bir marta masʼh tortish Imom Shofiʼiy rahmatullohi alayhga xilofdir. Chunki shofiʼiylar boshga uch marta masʼh tortish sunnat, deb hisoblaydi.

Boshga olgan suv bilan quloqqa masʼh ham tortish Imom Shofiʼiy rahmatullohi alayhga xilofdir. Yaʼni, shofiʼiylarga koʻra, ikki quloqqa masʼh tortish uchun yangi suv olish sunnat boʻladi.

Tahoratda soqolni, barmoqlar orasini xilol qilish, har bir aʼzosini uch martadan yuvish, boshning hamma joyiga bir marta masʼh tortish sunnatdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: “Qachon Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat olsalar, kaftlariga suv olardilar. Soʻngra qoʻllarini iyaklarining tagiga kirgizib, soqollarini xilol qilardilar va:“Rabbim menga shunday qilishni buyurgan”, derdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Soqolni oʻng qoʻl bilan boʻyin tarafdan boshlab xilol qilinadi. Qoʻl panjalarining orasini xilol qilish uchun barmoqlarni bir-birining ustidan orasiga kirgiziladi.  Oyoq panjalarini orasini chap qoʻlning kichik barmogʻi ila xilol qilinadi. Bunda oʻng oyoqning kichik barmogʻidan boshlab chap oyoqda tugatiladi (“Umdatur rioya”).

Tahoratda yuviladigan har bir aʼzoni uch martadan yuvish sunnatdir. Ammo uch marta masʼh tortish talab etilmaydi. Agar shunday qilinsa, bidʼat boʻladi (“Raddul muhtor”, “Tatarxoniya”).

Izoh: Ayrim ulamolar boshning hamma joyiga masʼh tortish sunnat yoki mustahabligi toʻgʻrisida bahslashishgan.

Bizning mazhabimizda, Shofeʼiylardan farqli oʻlaroq, boshga bir marta masʼh tortiladi. “Hazrat Ali roziyallohu anhu tahorat oldi. Shunda aʼzolarini uch martadan yuvdi. Boshiga esa bir marta masʼh tortdi. Va aytdiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tahoratlari mana shunday edi” (Imom Termiziy rivoyati).

Boshga olgan suv bilan deyilganida, boshga masʼh tortish uchun hoʻllangan qoʻl bilan ikki quloqqa masʼh tortish tushuniladi. Shofeʼiylarda esa ikki quloqqa masʼh tortish uchun yangi suv olish sunnatdir. Olayotgan tahorati bilan namoz oʻqishni niyat qilish, Qurʼonda bayon etilgan tartib asosida tahorat olish sunnatdir. Shofeʼiylarda esa niyat ham, tartib ham farzdir.

Boshga masʼh tortish tartibi bunday: ikki qoʻlni yangi suv bilan yuvib tashlab, qoʻlni boshning old tarafidan bosh va koʻrsatkich barmogʻidan boshqa panjalarini qoʻyib, boʻyin tarafga tortiladi. Boʻyinning soch chiqqan joyidan qaytarib kafti bilan boshning ikki yon tarafini silab, peshonaning soch chiqqan joyigacha kelinadi. Soʻng bosh va koʻrsatkich barmoq bilan quloq orti va chuqurchalarini masʼh qilinadi (“Raddul muhtor”, “Tobiinul haqoyiq”, “Al-Minhon”).

Ubaydulloh ibn Masuʼdning “Sharhul viqoya” asari asosida
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Abduvohid OʻROZOV tayyorladi.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …