Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning ilmiy merosi oʻz zamonasining diniy va ijtimoiy fanlarini toʻla-toʻkis qamrab olgani bilan hozirgi zamon ilm-fani uchun juda katta ahamiyat kasb etadi. Zero, uning “Al-Jomeʼ as-Sahih”, “Al-Adab al-Mufrad” kabi asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlib, insonlar qalbiga halollik, adolat, iymon-eʼtiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, vatanparvar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-eʼtiborli boʻlish kabi yuksak insoniy fazilatlarni singdiradi.
Islom olamida “Hadis ilmida amirul moʻminin” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan Imom Buxoriy alohida eʼtiborga molik buyuk olimdir. Uning hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganar ekanmiz, turli yoʻnalishlarda yozgan asarlari gʻoyatda ibratli va koʻp jihatlari bilan har qanday davr uchun ham katta ahamiyat kasb etishiga amin boʻlamiz.
Manbalarda uning qalamiga mansub asarlarning soni yigirma toʻrtga yetishi qayd etiladi. Muhaddisning asarlari nafaqat hadis, balki tarix, fiqh, tafsir, odob‑axloq va aqoid kabi ilmlarni oʻz ichiga oladi. Imom Buxoriy yoshligida hadis ilmini oʻrganish bilan bir qatorda, buxorolik ustozlaridan arab tili, aqida, mantiq, balogʻat, islom tarixi va ayniqsa, fiqh ilmini mukammal oʻzlashtirib borgan[1].
Imom Buxoriyni nafaqat muhaddis sifatida eʼtirof etish mumkin, balki hayoti davomida yozgan asarlaridan adib, faqih, mutakallim ekanligi namoyon boʻladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Imom Buxoriy buyuk olim va mujtahid boʻlgan.
Yaqin yillargacha Muhammad ibn Ismoil Buxoriy faqat muhaddis olim sifatida maʼlum edi. Uning hadis ilmiga doir asarlaridan boshqa asarlari mamlakatimizda koʻpchilikka maʼlum emas edi. Diyorimizda olib borilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlar va ilmiy tadqiqot natijalarining samarasi oʻlaroq, kun sayin muhaddisning hayoti va ilmiy merosiga doir yangiliklar kashf boʻlmoqda.
Ulamolar asrlar davomida Imom Buxoriy fiqhiy mazhablardan qaysi biriga mansub boʻlganligi borasida turli xil fikrlarni ilgari surganlar[2]. Jumladan, baʼzilar Imom Buxoriy Shofiʼiy mazhabining mashhur olimlari Imom Zargaroniy, Abu Savra, Karobisiyga shogird boʻlgani uchun oʻsha mazhabga amal qilgan, deydilar. Shuningdek, Tojuddin Subkiy “Tabaqotush Shofiʼiya” nomli kitobida, Siddiq Hasanxon “Abjadul ulum” nomli kitobida va Ibn Hajar “Fathul Boriy” nomli kitobida Imom Buxoriyning shofiʼiy mazhabiga mansubligini aytishgan.
Boshqa ulamolar Imom Ahmad ibn Hanbalning darslarini eshitgani uchun Imom Buxoriy hanbaliya mazhabida edi, deb fikr bildiradilar. Jumladan, Ibn Qayyum oʻzining “Eʼlomul muvaqqaʼiyn” kitobida va Ibn Abu Yaʼlo Farro “Tabaqotul hanobila” kitobida Imom Buxoriyni hanbaliy mazhabiga mansub boʻlgan ulamolardan, deganlar.
Molikiy mazhabining vakillari esa Imom Buxoriyni oʻz mazhabiga mansub boʻlgan, chunki u Imom Molikning “Al-Muvatto”sini Abdulloh ibn Yusuf Tinnisiy, Sayyid ibn Anbar va Ibn Bukayrdan rivoyat qilgan, deydilar.
Hanafiy mazhabi ulamolarining fikrlariga kelsak, ular Imom Buxoriyga sahih hadislarni alohida bir kitob qilib jamlashni taklif qilgan shaxs hanafiy mazhabida boʻlgan Isʼhoq ibn Rohuvayh boʻlgan, Imom Buxoriy undan saboq olgan, binobarin, u ham hanafiy mazhabiga mansubdir, deganlar[3].
Keyingi vaqtlarda baʼzi ulamolar bu fikr va tahlillarni rad etib, alloma u yoki bu ustozidan hadislar rivoyat qilsa, uning mazhab izdoshi boʻlishi shart emas, degan fikrga keldilar.
Imom Muhammad Zakariyo Kandehlaviy aytadiki, “Mening fikrimcha, Buxoriy hech bir mazhabga tobe emas. Agar u shofiʼiy mazhabiga tegishli biror masalani keltirgan boʻlsa, boshqa oʻrinlarda oʻziga yarasha hanafiy va molikiy mazhablariga tegishli masalalar haqida ham fikr yuritgan”.
Haqiqatan ham bir shaxsdan hadis rivoyat qildi yoki ilm oʻrgandi, degani bu oʻsha shaxsning mazhabida boʻldi, degani emas. Agar shunday boʻlganida, har qaysi imom oʻzidan oldin oʻtgan imomning mazhabida boʻlar edi. Vaholanki, bunaqa emas. Maʼlumki, Imom Shofiʼiy Imom Molikdan saboq olgan va uning “al-Muvatto” asarini yod bilgan. Imom Ahmad Imom Shofiʼiydan fiqhni oʻrgangan, Imom Shofiʼiyning oʻzi esa Imom Ahmaddan hadisni oʻrgangan. U Imom Ahmadga “Sizlar sahih xabarlarni bizlardan koʻra yaxshiroq bilasizlar. Shuning uchun agar birorta sahih xabar topilib qolsa, bizni ham xabardor qilib qoʻysangiz. Toki men uning oldiga boray. U Kufada boʻladimi yoki Basrada yoxud Shomdami, baribirdir”, degan edi.
Imom Buxoriyning zamondosh shogirdi Imom Termiziy oʻzining “Mazahib al-Aimma” asarida Imom Buxoriy mazhabi haqida maʼlumot keltirmagan. Mashhur toʻrt mazhab asoschilari ham turli ustozlardan saboq olsalar-da, oʻz bilimi, tajribasiga suyanib, alohida mazhab-yoʻllariga asos solganlar.
Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, Imom Buxoriy oʻz kitobida agar biror mazhab asoschisi fikriga qoʻshilmasa, oʻsha mazhab asoschisini nomini aytmasdan, “baʼzi kishilarning fikrlariga ixtilof holatida shuni aytamanki” deb, hurmat bilan chetlab oʻtadi[4]. Buning sababi esa alloma keltirilgan hadis yuzasidan oʻz fikrini bildirar ekan, boshqa mazhab asoschilari va tarafdorlarini kamsitmaslik edi.
Shunga oʻxshash misollarni juda koʻp keltirish mumkin. Imom Buxoriy baʼzi hadislarda bir mazhab nuqtai nazaridan yondashsa, boshqa hadislarda boshqa mazhabga yondashadi. Hatto baʼzi hadislarda toʻrt mazhabga ham yondashmasdan oʻz fikrini bayon etgan. Bu esa Imom Buxoriyning biror muayyan mazhabning izidan bormaganligiga yaqqol dalildir.
Shayx Tohir Jazoiriy, shayx Muhammad Zakariyo Kandehlaviy va boshqalar Imom Buxoriyning oʻzi mujtahid olim boʻlgan, deydilar va bu fikrni koʻpchilik qoʻllab-quvvatlaydi[5].
Abu Musʼab Ahmad ibn Abu Bakr Madiniy “Muhammad ibn Ismoil bizning nazdimizda Ibn Hanbaldan koʻra faqihroq va idrokliroqdir”, deganida uning huzurida oʻtirganlardan baʼzilari “Chegaradan oshirib yubordingiz”, deya unga eʼtiroz bildiradilar. Shunda Abu Musʼab: “Agar siz Molikni koʻrgan va u bilan Muhammad ibn Ismoilning yuziga qaragan boʻlganingizda edi, fiqh va hadis borasida har ikkalasi ham birdir, degan boʻlar edingiz”, deb javob beradi[6].
Ibn Hajar Imom Buxoriyning tarjimai holi borasida uni fiqhiy mazhablardan biriga taqlid qilgan deb sifatlagan kishilarga javob tariqasida: “Chunki, undan kelib chiqadiki, Buxoriy tarjimai hollarda mazhabga taqlid qilgan. Ammo u haqida keng tarqalgan mashhur gap shuki, u hadislardan fiqhiy ahkomlarni chiqarib olgan, ularning roviylariga tarjimai hollar yozgan, undan boshqalar idrok qilmaydigan narsalar sababli hadis sohasining mohirlaridan boʻlgan bir kishidir”, deydi[7].
Shunday boʻlsa-da, avval oʻtgan imomlardan ayrimlari Buxoriyni oʻzlarining mazhablariga mansub deganlarini ham inkor etib boʻlmaydi. Ammo eng ishonchli yakuniy mulohaza shuki, yuqorida oʻtganidek, Imom Buxoriy oʻzining mustaqil mazhabiga ega mujtahid boʻlgan, fiqhni barcha mazhablardan olgan, raʼy va hadis maktablaridan xabardor boʻlgan, soʻngra ana shu mazhablarning orasidan oʻzi tanlab olgan turli xil qarashlari bilan mustaqil boʻlib chiqqan. Imom Buxoriyning fiqhini oʻrganish uchun yoʻlga qoʻyilgan maxsus tadqiqotlarning barchasi ana shu fikrga ittifoq boʻlgan. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning yakuniy natijalaridan shunday xulosaga kelish mumkin, Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih”dagi fiqhiy qarashlari muayyan bir mazhabga mansub emas, aksincha, mustaqil mujtahid boʻlgani namoyon boʻladi. (davomi bor)