Home / MAQOLALAR / Qadimiy shahardagi tabarruk manzillar bunyodkorliklar tufayli yanada obod va diltortar qiyofa kasb etyapti

Qadimiy shahardagi tabarruk manzillar bunyodkorliklar tufayli yanada obod va diltortar qiyofa kasb etyapti

Davlatimiz rahbarining shu yil 9 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida yurtimizda yashab oʻtgan buyuk allomalarning maqbaralari, tabarruk qadamjolarni obod qilish orqali sayyohlikni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu bejiz emas. Zero, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar oqimi oxirgi uch yil mobaynida musulmon oʻlkalardan keladiganlar hisobiga sezilarli darajada oshdi. Bu oʻrinda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi ulugʻ qadamjolar ahamiyatini alohida taʼkidlash lozim.

Samarqand ziyorat turizmi sohasida ulkan salohiyatga ega. Qadimda ham bu hudud turli oʻlkalardan kelgan sayyohlarni oʻziga rom etgan. VII asr boshlarida Markaziy Osiyoda boʻlgan xitoylik elchi Vey Sze Samarqandning barcha aholisi mohir savdogar, bola besh yoshga kirishi bilanoq unga savod oʻrgata boshlaydilar, oʻqishni bilib olganidan soʻng uni savdo ishlarini oʻrganishga jalb qilishlari haqida yozgan.

Samarqand qariyb uch ming yillik tarixga ega boʻlgan shahar sifatida dunyoga tanilgan. U oʻrta asrlarda ham ilm-fan, madaniyat, savdo va hunarmandchilik rivojlangan maskan boʻlgan. Mashhur arab sayyohi Ibn Battuta “Sayohatnoma” asarida “Dunyoda Samarqand kabi havosi musaffo, osmoni moviy, zamini koʻm-koʻk, suvi zilol, aholisi goʻzal xulqli va xorijdan kelgan insonlarga muhabbat va doʻstona munosabat qiladigan jannatmonand shaharni koʻrmadim”, deya taʼrif etgan.

Hozir ham Samarqand dunyo ahlini keng turistik imkoniyatlari bilan oʻziga rom etib kelmoqda. Har yili shaharga dunyoning koʻplab mamlakatlaridan minglab sayyoh keladi. Viloyatda hozirgi kunda 1851 ta moddiy-madaniy meros obyekti mavjud boʻlib, ular orasida ziyorat qilinishi mumkin boʻlgan joylar juda koʻp.

Samarqandda koʻplab madrasa, masjid, islom bilimlari va fanning turli sohalariga hissa qoʻshgan buyuk allomalar abadiy qoʻnim topgan maqbaralar mavjud. Shohi Zinda, Ruhobod, Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Moturidiy, Maxdumi Aʼzam Dahbediy, Xoja Ahror valiy, Shayx Xudoydod valiy va boshqa koʻplab ziyoratgohlar shular jumlasidan.

Islom dini hamda musulmon ummati eʼtiqodini mustahkamlashda buyuk ishlari bilan nom qozongan allomalar manzillarini oʻrganish, ularni obodonlashtirish ishlari uzluksiz olib borilib, ziyorat qilinadigan maskanlarga aylantirilmokda. Bunday joylar nafaqat yurtimiz ahli, balki islom olami uchun ham tabarruk hisoblanadi. Mazkur omillar soʻnggi yillar davomida yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish, uni jahon miqyosiga olib chiqish uchun asos boʻlib xizmat qildi. Natijada bu borada salmoqli yutuqlar qoʻlga kiritildi.

Jumladan, Shohi Zinda ziyoratgohidagi Qusam ibn Abbos qabri mahalliy va xorijiy sayyohlar ziyorat qiladigan manzillaridan biri hisoblanadi. Bu zot maqbarasi qadimda ham xalqaro darajadagi ziyoratgoh boʻlgan. Ibn Battuta Samarqandga sayohatida Qusam ibn Abbos qabrini ziyorat qilib, quyidagilarni yozib qoldirgan: “Samarqand tashqarisida Qusam ibn Abbos ibn Abdumuttalibning qabri bor. Samarqand aholisi dushanba va juma kunlari shu qabrni ziyorat qilish niyatida bu yerga keladi. Totorlar (turkiy xalqlar) ham qabrni ziyorat etish uchun keladilar va ulugʻ nazrlar qiladilar (koʻplab pul sadaqa qiladilar), dirham (kumush pul) va dinor (oltin pul) ehson etadilar. Bularning hammasi ziyoratchilarni taʼminlash hamda zoviya (xonaqoh) va maqbarada xizmat qiluvchilarning taʼminotiga sarflanadi”.

Shohi Zinda majmuasida sayyohlarni oʻziga tortadigan yana bir asosiy jihat meʼmoriy obidalardagi arab va fors xatida yozilgan bitiklardir. Majmuaning deyarli barcha inshootida Qurʼon oyatlari, hadisi shariflar va hikmatli soʻzlar bitilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida bunday deydi: “Yer yuzida Samarqanddek goʻzal va yoqimli shahar kamdir. Hech bir dushman qahr va gʻalaba bilan unga yoʻl topmagani uchun uni “Baldai mahfuza” (qoʻriqlangan, muhofazaga olingan shahar) deydilar. Sahobadan Qusam ibn Abbos u yerga borgandir. Hozirda mozori (Shohi Zinda) mashhurdir”.

Samarqandda ziyorat turizmini rivojlantirishdan koʻzlangan asosiy maqsad keladigan sayyohlar soni va viloyatning sayyohlik salohiyatini oshirish hamda Oʻzbekistonning islom dunyosidagi ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida xalqaro miqyosda eʼtirof etilishiga erishishdan iborat. Ziyorat turizmi, yaʼni muqaddas joylarni ziyorat qilish ikki asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga olib, bular ekskursiyaviy-maʼrifiy va diniy koʻrinishdan iborat.

Imom Buxoriy ziyoratgohi islom olamining Samarqanddagi tabarruk maskani boʻlib, har yili bu yerga nafaqat yurtimiz, balki boshqa mamlakatlardan ham minglab musulmon keladi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, qis­qa muddatda markaz qurib bitkazilib, unda Imom Buxoriy hayoti va ilmiy safarlarini aks ettirgan muzey ishga tushdi. Markaz yonida yoshlarga islom bilimlari, xususan, hadis ilmini chuqur oʻrgatadigan Hadis ilmi maktabi ham taʼsis etildi. Ayni kunlarda mazkur ilm dargohlarida ilmiy tadqiqot va izlanishlar olib borilmoqda.

Samarqandga kelgan nufuzli mehmonlar va davlat arboblari Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bilan birga, bu tabarruk maskanlarda olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishmoqda. Davlatimiz rahbari shu yil 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan, ziyorat turizmi­ni rivojlantirish boʻyicha loyihalar bilan tanishgan edi. Loyihaga koʻra, Imom Buxoriy majmuasidagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida bobomiz maqbarasi hozirgi koʻrinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofi kengaytirilib, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, sakkiz ming oʻrinli masjid quriladi. Majmua atrofida toʻrtta ulkan mino­ra qad rostlaydi. Hozirgi ayvonlarga qoʻshimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi. Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish uchun zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga toʻla mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiye­na shoxobchalari quriladi. Qayd etilishicha, majmuada qurilish ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, oʻz holida saqlash uchun barcha zarur choralar koʻriladi.

Imom Buxoriy hazratlari vafot etgan 870 yilda azim Samarqandning Moturid degan mahallasida ilohiyot ilmining boʻlgʻusi yorqin yulduzlaridan biri, kalom ilmi asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy dunyoga keladi.

U kishi oʻz ilmiy ijodi bilan yuksak martabaga erishdi. Tabarruk nomiga xilma-xil sharafli unvonlar qoʻshib zikr qilingan. Imom Moturidiy qadamjosi ham bugungi kunda sayyohlar ziyoratgohiga aylangan. Ayniqsa, maqbaradagi tarix zarvaraqlaridan soʻzlovchi qayroqtoshlardagi bitiklar kalom ilmi tadqiqotchilarining eʼtiborini tortadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yilning 21-23 fevral kunlari Buxoro shahrida mamlakatimizning xalqaro maydondagi mavqeini oshirish maqsadida Ziyorat turizmi boʻyicha birinchi xalqaro forum oʻtkazildi. Forum doirasida Oʻzbekistonning ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida tan olinishiga doir Buxoro deklaratsiyasi imzolanishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Samarqandda ziyorat turizmida istiqbolga erishish uchun xizmat koʻrsatish madaniyatini keskin koʻtarish, ziyoratchilarga qulay sharoitlar yaratish, ularning Oʻzbekiston haqida yaxshi taassurotlar bilan ketishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish, ziyoratchilarni yana qayta-qayta kelishga ragʻbatlantirish lozim.

Eng avvalo, viloyatimizdagi qadamjolarning turistik xaritasini tuzish, masjidlar va tahoratxonalarni zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilish, turli tillarda buklet va tarqatmalar tayyorlash, targʻibot ishlarini yaxshi yoʻlga qoʻyish, transport xizmati koʻrsatishni yaxshilash, turli mobil ilovalar yaratish zarur. Shuningdek, “Halol” xalqaro standartlariga muvofiq ovqatlanish joylarini tashkil etish, sayyohlar uchun ziyoratgohlarda internet tarmogʻini taʼminlash va gid-tarjimonlarni tayyorlash masalasiga eʼtiborni kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Tohir IBODULLAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 15 aprel, №75 (331)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …