Xabar berilganidek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Sh.Ziyodov 8 aprel kuni Turizmni rivojlantirish instituti va Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida oʻtkazilayotgan “Ziyorat – turizm: tarix, faktlar, shaxslar” nomli xalqaro onlayn seminarda ishtirok etib, maʼruza qildi.
Sh.Ziyodov dastlab yurtimizda soʻnggi yillarda ziyorat turizmini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berib, Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyotini Samarqanddagi muqaddas qadamjolar, xususan, Imom Buxoriy majmuasi misolida atroflicha yoritib berdi.
Anjumanda olim yurtimizda turizm milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sifatida baholanib, keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilayotgani, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar soni oxirgi uch yil mobaynida sezilarli darajada oshgani, bu borada Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi muqaddas qadamjolar, diqqatga sazovor tarixiy maskanlar alohida ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
– Samarqand ziyorat turizmi yoʻnalishida ulkan salohiyatga ega boʻlgan hududlardan hisoblanadi. Tarixda ham bu diyor turli oʻlkalardan kelgan sayyohlarni oʻziga rom etib kelgan. Har yili bu shaharga xorijiy mamlakatlardan minglab sayyohlar keladi. Viloyatda hozirgi kunda 1851 ta moddiy-madaniy meros obyekti mavjud boʻlib, ular orasida ziyorat qilinishi mumkin boʻlgan qadamjolar juda koʻp. Bunga sabab Samarqandda koʻplab madrasa va masjid, islom bilimlari va ilm-fanning turli sohalari rivojiga munosib hissa qoʻshgan buyuk allomalar hoki abadiy qoʻnim topgan maqbaralar mavjud. Shohi Zinda, Ruhobod, Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Moturudiy, Maxdumi Aʼzam Dahbediy, Xoja Ahror Valiy, Shayx Xudoydodi Valiy va boshqa koʻplab ziyoratgohlar shular jumlasidandir,– dedi Sh.Ziyodov.
Seminar davomida ishtirokchilarga muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning hayoti va boy ilmiy-maʼnaviy merosi haqida atroflicha maʼlumotlar berildi. Ushbu merosni oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish maqsadida olib borilayotgan tadqiqot ishlari haqida soʻz yuritdi.
Olim ziyorat turizmi taraqqiyotida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining oʻrni va ahamiyati qanday boʻlishi haqida oʻz mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, ushbu sohani taraqqiy ettirishga xizmat qiluvchi ayrim takliflarini aytdi.
– Eng avvalo, viloyatdagi muqaddas qadamjolarning turistik xaritasini ishlab chiqish va zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilish, u yerlarda ayollar uchun qulayliklar yaratish, turli tillarda buklet va tarqatma materiallar tayyorlash, targʻibot ishlarini muntazam yoʻlga qoʻyish, transport va boshqa xizmat koʻrsatish tizimlarini yaxshilash, mobil ilovalar ishlab chiqish, “Halol” xalqaro standartlariga muvofiq oshxona va ovqatlanish shaxobchalarini tashkil etish, tezkor internet tarmogʻi bilan taʼminlash va gid-tarjimonlarni tayyorlash masalasiga eʼtiborni kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi, – dedi Sh.Ziyodov.