Hanafiy mazhabining buyuk faqihlaridan biri Shamsulaimma Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Sahl Saraxsiy 1009 yili Saraxsda tugʻilgan. U ustozi Halvoiydan soʻng “Shamsulaimma” (“Imomlar quyoshi”) unvoniga sazovar boʻlgan.
Bu davrda Movarounnahrda qoraxoniylar (927–1212) sulolasi hukmronlik qilardi. Alloma yoshlik chogʻidan ilmga qiziqqan va oʻtkir zehnli boʻlgan. Saraxsda boshlangʻich diniy taʼlimni olib, Qurʼoni karimni toʻliq yod olgan, hadis, sarfu nahv (grammatika), balogʻat ilmlarini egallagan.
Keyinchalik u Movarounnahrning turli shaharlarida, jumladan, Samarqand va Buxoroda ilmini boyitgan. Buxoroda uzoq muddat yashagan. Bu yerda Abu Muhammad Abdulaziz ibn Ahmad Buxoriydan (1057) fiqh, usuli fiqh, hadis, kalom, tafsir ilmlaridan dars olgan.
U Buxoroda Shamsulaimma Halvoniy (vaf.1057-y), Shayxulislom Ali Sugʻdiy (vaf.1069-y) va Abu Hafs Umar ibn Mansur Bazzozdan ilm oʻrgangan[1].
Imom Saraxsiyning hayotida turli noxushliklar ham sodir boʻlgan. Tuhmatchi-hasadgoʻylar hayit kunida qoraxoniy hukmdor Ibrohimxon shaʼniga tegadigan yomon soʻzlar bilan Saraxsiyni qoraladilar. Ibrohimxon uni Buxorodan Oʻzganga surgun qildi.
Bu haqda quyidagicha keltirilgan: “Saraxsiy Movarounnahrning Fargʻona vodiysidagi Oʻzgand shahriga koʻchib bordi. U yerda xoqonning saroyida istiqomat qildi. Imom Saraxsiy “hoqonning iddasi chiqmagan ayolga uylanishi harom” deb fatvo chiqargani uchun hijriy 466-yilda zindonga solindi”[2]. U yerda oʻn besh yil bandi boʻldi. Tarixiy maʼlumotlarda alloma oʻzining mashhur “Al-mabsut” asarini qamoqda shogirdlariga yoddan aytib yozdirgani qayd etilgan.
Shamsulaimma Saraxsiy Imom Shofeʼiyga qaraganda oʻn barobar koʻp matnlarni bilardi[3]. U oʻzining maʼlumotlarini hisoblab koʻrganda 12000 jildga yetgan ekan.
Mahmud ibn Abdulaziz Oʻzgandiy, Ruknuddin Masʼud ibn Hasan, Abu Bakr Muhammad ibn Ibrohim Hasiriy (vaf. 1107 y), Abu Amr Usmon ibn Ali Baykandiy (vaf.1158 y), Abu Muhammad Abdulaziz ibn Umar Moza (vaf. 1111 y) kabilar Saraxsiyning shogirdlari boʻlishgan. Burhoniddin Margʻinoniyning ilk ustozi, bobosi Abu Hafs Umar ibn Habib (vaf. 1141 y) ham olimning shogirdi boʻlgan.
Saraxsiy “Al-mabsut”, “Usulul-fiqh” (“Fiqh nazariyasi”), “Sharhi kitobi siyari kabir” (“Katta siyrat kitobining sharhi”). “Ashrotus soat” (“Qiyomat shartlari”), “Sharh kitoban nafaqot lil Xassof” (“Xassofning “Nafaqalar kitobi”ga sharh”), “Sharh adabul qoziy lil Xassof” (“Xassofning “Qozilik adabi”iga sharh”), “Sharhul jomiʼil kabir” (“Katta majmuaga sharh”), “Sharhul jomiʼus sagʻir” (“Kichik majmuaga sharh”), “Al-favoidul fiqhiyya” (“Fiqhga doir foydalar”), “Kitobul hayz” (“Hayz kitobi”), “Sharh Muxtasar at-Tahoviy” (“Tahoviyning Muxtasariga sharh”) kabi qimmatli asarlarni yozgan.
Muhammad Shayboniyning “zohir ar-rivoya” turkumiga kiruvchi oltita kitobi moʻtabar hisoblanadi. Mazkur asarlarning eng muhim qoidalarini keyinchalik Abul Fazl Marvaziy oʻzining “Al-kofi” kitobida umumlashtirgan. Shamsulaimma Saraxsiy esa bu kitobni batafsil sharhlovchi “Al-mabsut” asarini yaratgan.
“Al-mabsut” hanafiylik mazhabiga oid eng obroʻli asarlardan biri deb tan olindi[4].
Alloma “Sohibul Mabsut” nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Ushbu kitob haqida Ibrohim ibn Ali Tartusiy (vaf. 1357 y.): “Saraxsiyning “Mabsut” asari shunday bir kitobki, unga zid boʻlgan boshqa fiqhiy qoidaga amal qilinmaydi, ungagina ishoniladi, uning asosidagina fatvo chiqarilib, unga asosan taʼvil qilinadi”, deb yozgan.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHQMning nodir manbalar fondida “Mabsut” asarining turli asrlarda kotiblar tomonidan koʻchirilgan sakkizta qoʻlyozma nusxasi saqlanmoqda[5].
Asar ilk bor 1906-1913 yillari Qohirada Muhammad Roziy Hanafiy va bir guruh olimlar tomonidan 30 jildda nashr etilgan. Ikkinchi marta 2001 yili Bayrutda Abu Abdulloh Muhammad Hasan Ismoil Shofeʼiy tomonidan chop etilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Abu Bakr Saraxsiy “Sharhus siyaril kabir” asarining “Bob ash-shurut”gacha boʻlgan qismini tutqunlikda, oʻta ogʻir sharoitlarda taʼlif etgan.
“Sharhus siyaril kabir” asari hanafiylik fiqhi asoschilaridan boʻlgan va islom xalqaro huquqining shakllanishida katta rol oʻynagan olim Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “As-siyarul kabir” asari sharhidan iborat.
“Sharhus siyaril kabir” 1825 yil Yevropada nashr qilinganidan keyin Gʻarb olimlari ham islom xalqaro huquqi masalalariga qiziqa boshlagan va Abu Bakr Saraxsiyning ilmiy maqomini eʼtirof etgan. Asar 1917 yilda toʻrt jildda Hindistonning Haydarobod shahrida ham nashr etilgan.
Arab davlatlari uyushmasi qoʻlyozmalar maʼhadi tomonidan “Sharhus siyaril kabir”ning 28 ta qoʻlyozmasi topilgan. Ulardan oltitasini asos qilib doktor Salohiddin Munajjid tomonidan tayyorlangan nusxa kitob shaklida 1971 yili Qohirada chop qilingan.
Saraxsiy hayotining oxirgi yillarini Balxda oʻtkazdi. Uning vafot etgan yili haqida turli maʼlumotlar bor.
“The Biographical Encyclopedia of Islamic philosophy” kitobida: “Shamsulaimma Abu Sahl Muhammad ibn Ahmad Saraxsiy 1009-yil Mashhad va Marv oraligʻidagi Saraxs hududida tugʻilgan va 1090 yilda Fargʻonada vafot etgan. Oʻn besh yil davomida Oʻzganda qamoqda yotgan”,[6] deb keltirilgan.
Ammo Balxlik Safiyuddin Voiz Balxiy 1213-1214 yillarda yozilgan “Fazoili Balx” (“Balx fazilatlari”) asarida alloma 1094 yili Balxda vafot etgani va Navbahor nomli qabristonga dafn qilingani, qabriga yozilgan sanani oʻz koʻzi bilan koʻrganini qayd qilgan.