Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan seminar ana shunday nomlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy–tadqiqot markazi, Jizzax politexnika instituti va Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy–tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi J.Jumayev hamda katta ilmiy xodim T.Evadullayevlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirda dastlab, maʼruzachilar tomonidan bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari, yoshlarning bilim olishlari, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashlari uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar xususida fikr yuritildi.
Shuningdek, barqaror tinchligimizni, osuda hayotimizni koʻra olmaydigan, ongu-tafakkurini buzgʻunchi gʻoyalar egallagan, gʻaraz niyatli turli oqim va guruhlar, ularning qabih niyatlari, yovuz maqsadlariga erishish yoʻlida muqaddas islom dinini niqob qilib olishgani haqida maʼlumotlar berildi. Eng yomoni, diniy ekstremizm va aqidaparastlikni targʻib qilishda, jamiyatda norozilik kayfiyatini tarqatishda yoshlarimiz eng koʻp murojaat qiladigan ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanishayotganligi aytib oʻtildi. Ayrim hollarda yoshlarning bilib-bilmay bu oqimlar taʼsiriga tushub qolishayotganligi maʼruzachilar tomonidan afsus bilan tilga olindi.
Maʼruzachilar bugungi globallashuv sharoitida maʼnaviy tahdidlar kuchayib borayotganini, bu salbiy illatlarni eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozimligi aytib oʻtishdi. Yoshlarimizni turli yot gʻoyalar, “ommaviy madaniyat”, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, giyohvandlik, ekstremizm va terrorizm kabi salbiy illatlardan saqlash, ogoh va hushyor boʻlish, kelajigimiz egalarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish uchun faqat maʼrifatga, maʼnaviyatga tayanish lozimligi taʼkidlandi. Maʼrifat, ilm ularning maʼnaviy olamini, dunyoqarashini boyitish bilan birga yoshlarimizdagi vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirishga ham xizmat qilishi, aytib oʻtildi.
Samimiy muloqot tarzida oʻtgan tadbirda talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob olishdi.