Home / MAQOLALAR / DЕHQON ELNI BOQADI

DЕHQON ELNI BOQADI

Oʻlkamizga bahor keldi. Dono xalqimiz aytganidek “Bogʻbon bogʻini tuzar, dehqon dalasin kezar” palla kirdi, dala qirlarlarda ekin tikin ishlari boshlab yuborildi. Xalqimiz rizqi roʻzi, dasturxonimizning toʻla-toʻkisligi va el-yurt farovonligi eng avvalo, zahmatkash dexqonlarimiz yetishtiradigan mahsulotlar, ona tabiat noz-neʼmatlar bilan oʻlchanadi. Har bir ongli inson kurrai zaminning qaysi joyida yashamasin, albatta oʻzining, oilasining hayoti saxovatli ona zamini bilan, dehqonu bogʻbonlarning mehnati bilan chambarchas bogʻlanganini his qilishi tabiiy. Xalqimizda dehqon azaldan ulugʻlanib kelingan, dehqonchilik moʻtabar kasb sifatida qaralgan. Yer dehqonni boqadi, dehqon esa elni boqadi, deydilar. Bu hikmatli soʻz doimo diqqatimiz markazida turishi, qishloq xoʻjaligi sohasidagi faoliyatimiz va eʼtiborimizning asosiy mezoniga aylanishi darkor. Muqaddas dinimiz Islom dinida ham dehqonu bogʻbonlarimiz ulugʻlanib, savobda hech bir kimsa ularga barobar boʻla olmasligi aytilgan.

Darhaqiqat, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bu xususda bunday deb marhamat qilganlar:

“Qaysi bir musulmon biror daraxt yoxud biror ekin eksayu, uning hosilidan inson, qush, yoki hayvon yesa, buning uchun unga sadaqa (savobi) boʻladi”. (Imom Buxoriy rivoyati.)

Yaʼni, koʻchat yoki ekin ekib, uni yetishtirgan kishining ekkan narsasidan har qanday jonzot qanday holatda isteʼmol qilishidan qatʼiy nazar ziroat sohibining nomai aʼmoliga “U sadaqa qildi, ehson qildi”, deb xayru ehson savobi yozilar ekan.

Boshqa bir rivoyatda: “Qaysi bir musulmon biror ekin eksayu, undan yeyilsa, albatta, uning uchun sadaqa, hatto oʻgʻirlangani ham uning uchun sadaqa, yirtqichlar yegani ham uning uchun sadaqa, qushlar yegani ham, albatta, uning nomidan sadaqa qilgan savobi yoziladi. Oʻsha ekilgan narsadan biror jonzot manfaat olsa, buning uchun, albatta, uni yetishtirgan kishiga sadaqa savobi bordir” , deyilgan.

Hatto uning ekinidan bir inson ijozatsiz isteʼmol qilsa dehqonu bogʻbonga ham ajr-savob yozilaverar ekan. Albatta, ter toʻkib qilingan mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni biror hayvon payhon etsa yoki biror kimsa olib ketsa bu achinarli hol. Lekin bogʻbonu dehqon bobolarimiz oʻsha hayvon yeganiyu, soʻroqsiz olib ketilgan narsasi sababli ham savobga musharraf boʻlaverishini unutmasligi kerak. Bu holat uning uchun sadaqa sifatida nomai aʼmoliga yozib qoʻyilishi toʻgʻrisida yana koʻplab hadislarni keltirish mumkin.

Ha, yer yuzidagi tirik jon borki, dehqonu bogʻbonlarning mehnati samarasidan manfaatdor, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Alloh taolo ularni hamma jonzotlarning rizqiga sababchi qilib qoʻygan. Shuning uchun ham qiyomat qoim boʻlib, jannatga kirishga haqli boʻlganlar jannat eshiklari oldida toʻplanib: “Kim birinchi kiradi”, deyilganida, ularga: “Dehqonlar”, deyilar ekan.

Ziroatchilik bilan shugʻullanish ana shunday ulugʻ va savobli ish. Yer yuzi bogʻbonu dehqonlarimiz qoʻli bilan obod boʻladi. Shu sababli boʻlsa kerak, islom ulamolari nuqtai nazarida kasblarning ichida eng afzali dehqonchilik hisoblanadi. Biz ham dehqonu bogʻbonlarimizga kuch-quvvat, hosillariga baraka boʻlsin, deymiz.

Nodir Qobilov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …