Home / FOTO LAVHALAR / “BIZ YOT GʻOYALAR VA AXBOROT XURUJLARIGA QARSHIMIZ”

“BIZ YOT GʻOYALAR VA AXBOROT XURUJLARIGA QARSHIMIZ”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Muhammad Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida “Biz yot gʻoyalar va axborot xurujlariga qarshimiz” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Markaz ilmiy xodimlari, mazkur oliy oʻquv yurti oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Uchrashuvda bugungi globallashuv davrida yoshlar ongu tafakkuriga salbiy taʼsir etuvchi turli mafkuraviy nayranglar, axborot xurujlaridan saqlanish, internet va ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish haqida soʻz yuritildi.

– Yurtimizda  oʻqib ilm olaman, yaxshi kasb hunar egallayman, degan yoshlar uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Bu ezgu saʼy-harakatlar bugungi kunda ham jadallik bilan davom ettirilmoqda. Hududlarda barpo etilayotgan yangidan-yangi taʼlim muassasalari, sport inshootlari, sogʻlomlashtirish obyektlari, bularning barchasi yoshlarning maʼnan yetuk va jismonan sogʻlom boʻlib kamol topishi uchun qilinayotgan amaliy ishlardir. Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz kerak, – dedi tadbirda soʻzga chiqqan Markaz ilmiy xodimi T.Evadullayev.

Uchrashuvda hozirgi vaqtda maʼnaviy tahdidlar kuchayib borayotgani, bu salbiy illatlarni eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozimligi taʼkidlandi.

Yoshlarning hammasi ham internet va ijtimoiy tarmoq sahifalaridan oqilona foydalanmaydi, afsuski, baʼzan yot mafkuralar taʼsiriga tushib qolayotganlar ham uchrab turibdi.

Bunday holatlar hammaga yana bir bor ogohlik va hushyorlik zaruratini eslatadi, albatta. Shu bois aholi, ayniqsa, yoshlar orasida turli yot gʻoyalar, “ommaviy madaniyat”, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, giyohvandlik, ekstremizm va terrorizm kabi salbiy illatlardan saqlanish, ogohlik va hushyorlikni yoʻqotmaslik, kelajik egalarida axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitet shakllantirish, vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirish har bir fuqaroning eng muhim burchi, kundalik vazifasi boʻlishi kerak.

Tadbir yakunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etilib, mavzu yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …