Home / MAQOLA / PAYGʻAMBARLIK VAHIY BILAN NAMOYON BOʻLADI

PAYGʻAMBARLIK VAHIY BILAN NAMOYON BOʻLADI

Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har paygʻambarga ham xos kitob nozil boʻlishi shart emas

 Olimlar paygʻambarni bunday taʼriflagan: «Paygʻambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, paygʻambarlik Alloh taoloning Oʻzi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi paygʻambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat boʻladi.

  1. Paygʻambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini paygʻambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qoʻyadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi boʻlgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo oʻsha paygʻambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.

Nubuvvat xabari baʼzan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy boʻlib Alaq surasining «Yaratgan Zot boʻlmish Parvardigoringiz nomi bilan oʻqingoyati nozil qilingan. Biroq paygʻambarlik koʻpincha kitob tushishidan boshqa yoʻllar bilan boshlangan va aksar paygʻambarlarda shunday boʻlgan.

  1. Nubuvvatning tasdigʻi paygʻambarning soʻzlari va u keltiradigan moʻjizalarga bogʻliq. Alloh taolo tanlagan bandasiga paygʻambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit boʻladi:

Birinchisi: Paygʻambar oʻz ummatiga: “Alloh taolo meni sizlarga paygʻambar va elchi qilib yubordi”, deb eʼlon qiladi.

Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu daʼvoni tasdiqlash uchun oʻsha zot orqali moʻjiza koʻrsatadi.

Paygʻambarning “Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi” degan soʻzlari tilovat qilinmaydigan vahiy (yaʼni, muqaddas kitobning bir qismi) boʻlib, paygʻambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini eʼtirof etish mana shu soʻzning tasdigʻiga tayanadi.

  1. Kitobning ilohiyligi gʻayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u paygʻambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» boʻlib qolmaydi, yaʼni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining “Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir” degan soʻzlari orqali amalga oshadi.

Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob koʻrinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino boʻladi.

  1. Agar paygʻambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda oʻziga kitob nozil qilinmagan barcha haq paygʻambarlarning nubuvvati botil boʻlib qolgan boʻlardi. Shuningdek, bunday paygʻambar minglab moʻjizalar koʻrsatib, rostgoʻyligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur boʻlmas va bu gunoh sanalmas edi.

Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab paygʻambarlar yuborgani barchaga maʼlum va ijmoʼ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo oʻzidan oldingi paygʻambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan paygʻambarlar Tavrotga amal qilinishiga masʼul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: “Ey Bani Isroil, albatta, men oʻzimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Paygʻambarman”, deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, bu ochiq-oydin sehrdir dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].

Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa paygʻambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Paygʻambarlarga kitob tushmagan boʻlsa-da, ularni yolgʻonchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qurʼoni karimda bayon etib ham oʻtdi.

  1. Kitoblar va sahifalar faqatgina baʼzi paygʻambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmoʼ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning oʻzi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan paygʻambarligi mukammal, nubuvvati sobit boʻlgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur boʻlgan.
  2. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan boʻlib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) oʻldirib qoʻygani sababli Firʼavn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yoʻl olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur togʻi tomonida bir olovni koʻrib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men Oʻzim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, Oʻzim, Allohdirman. Mendan oʻzga iloh yoʻq. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni toʻkis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].

Alloh azza va jalla unga paygʻambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. Soʻng Haq taolo ikki moʻjiza boʻlishi uchun unga qoʻlidagi asoni tashlashni, keyin esa qoʻlini qoʻyniga qoʻyishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Firʼavn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk moʻjizalarimizni koʻrsatish uchun (shunday qildik). Firʼavnga bor, albatta u tugʻyonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].

Soʻngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Firʼavn oʻrtasida nimalar boʻlganini zikr qiladi.

Demak, Firʼavnga Muso alayhissalomning daʼvati yetib borishi va bu daʼvatga ulkan moʻjizalar hamroh boʻlishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim boʻlgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Firʼavn gʻarq qilinganidan keyin nozil boʻlgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.

Shunday qilib, hujjat vahiy nozil boʻlganidan keyin daʼvatning yetib borishi va unga moʻjizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim boʻladi. Faqat kitob bilangina qoyim boʻlganida edi, Firʼavn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan boʻlar edi. bu esa, Al-Adl boʻlgan Allohning sifatiga umuman toʻgʻri kelmaydi.

Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki baʼzida kitobsiz va sahifasiz ham boʻlishi mumkin. Paygʻambarlikning yuzaga chiqishi va sobit boʻlishida asosiy mezon – vahiyning nozil boʻlishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.

  1. Paygʻambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil boʻlishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat boʻladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi maʼlum boʻlmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan paygʻambarlari bilan soʻzlashganidir. Biz bu soʻzlashuvlarni Haq taolo soʻnggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qurʼoni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan paygʻambarlari bilan soʻzlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
  2. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen oʻz jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh boʻlsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan boʻlasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].

Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: “Sizlarni ana oʻsha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!” dedi» [Aʼrof surasi, 22-oyat].

Bu voqealar ular Erga tushirilishidan oldin, jannatda boʻlganida yuz bergan.

Ular Erga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam oʻz Rabbidan soʻzlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].

Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin boʻlgan ishlar sirasidandir.

  1. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi oʻrtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qaygʻuga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar toʻgʻrisida Menga gap ochmagin, albatta, ular gʻarq boʻlguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. Oʻz qavmidan boʻlgan zodagonlar qachon oldidan oʻtsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval soʻz ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila boʻlur. Albatta, Rabbim magʻfiratli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni togʻlardek toʻlqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan oʻgʻliga: «Ey oʻgʻlim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga boʻlmagin», dedi. U (oʻgʻil): “Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi”, dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yoʻqdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini toʻlqin toʻsdi va u (oʻgʻil) gʻarq boʻlganlardan boʻldi. «Ey Er, suvingni yutgin, ey osmon, oʻzingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (togʻi)ga joylashdi. “Zolim qavmlar yoʻqolsin!” deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: “Rabbim, albatta, oʻgʻlim ahlimdandir, albatta, vaʼdang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan”, dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (oʻgʻil) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. Oʻzing bilmagan narsani zinhor soʻramagin. Men senga johillardan boʻlmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men oʻzim bilmagan narsani Sendan soʻramoqdan panoh tilayman. Agar meni magʻfirat qilmasang va menga rahm koʻrsatmasang, ziyon koʻrguvchilardan boʻlaman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga boʻlgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar boʻlur, ularni biroz huzurlantirurmiz, soʻngra ularni bizdan boʻladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].

Soʻng Alloh taolo Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu gʻayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].

Xoʻsh, Alloh taoloning Nuh alayhissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga toʻgʻridan-toʻgʻri soʻzlagan xitob boʻlib, u yerda oʻqiladigan hech qanday kitob boʻlmaganmidi?!

Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yoʻsini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga toʻgʻridan-toʻgʻri xitob qilganini, oʻqiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini koʻrsatadi.

  1. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qaʼriga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari toʻgʻrisida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) boʻlganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.

Xoʻsh, u quduqda boʻlganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy boʻla turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yoʻq, u gʻayri matluv vahiy edi.

Alloh taolo paygʻambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy koʻrinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qurʼoni karimda bunday oyatlar juda koʻp boʻlib, eslatib oʻtish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.

Demak, paygʻambarlikning asosi alohida bir kitob nozil boʻlishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bogʻliqdir. Qurʼoniy qissalar va tarixiy dalillar koʻrsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat boʻlmay, koʻp hollarda paygʻambarlarga toʻgʻridan-toʻgʻri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar koʻrinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning oʻzi yetarli boʻlgan, kitob esa Alloh taolo Oʻzi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.

Nurmuhammad MATKARIMOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Imom Buxoriy – ilmiy jasorat va yuksak zakovat sohibi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Shukurillo UMAROV va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi …