Home / VIDЕOLAR / “IMOM BUXORIY MEROSI BARCHA MUSULMONLARNING MUSHTARAK MULKIDIR”

“IMOM BUXORIY MEROSI BARCHA MUSULMONLARNING MUSHTARAK MULKIDIR”

Bakr ibn Muhammad Fadla – Imom Muhammad ibn Saud Islom universiteti oʻqituvchisi(Saudiya Arabistoni):

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod (Riyadh) shahridagi Imom Muhammad ibn Saud Islom universiteti oʻqituvchisi Bakr ibn Muhammad Fadla janoblari yaqinda yurtimizga tashrif buyurib, nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etdi. U kishi tadbirdan soʻng Markazimiz uchun intervyu berishga rozi boʻlgani uchun minnatdormiz.

– Assalomu alaykum, muhtaram ustoz! Avvalo, Oʻzbekistonga, xususan, Samarqand shahriga xush kelibsiz! Dastlab «Sahihul Buxoriy»ga bagʻishlangan xalqaro konferensiyaning islom olami uchun ahamiyati haqida soʻzlab bersangiz.

– Bismillahir rohmanir rohim. Alloh taologa hamdu sanolar, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning oilalari va sahobalariga Allohning salavotu salomlari boʻlsin.

Avvalo, barchangizga samimiy qabul va yuksak darajadagi mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Konferensiya davomida barchamiz katta ehtirom va eʼtiborni his etib turdik. Bu aslida yurtingiz ahlining azaliy fazilati boʻlib, biz unga yana bir bor amalda guvoh boʻldik. Shu munosabat bilan ushbu ulkan tadbirni tashkil etishga hissa qoʻshgan barcha insonlarga chuqur tashakkur izhor etaman.

Konferensiyaning nomi juda chuqur maʼno kasb etadi – «Sahihul Buxoriy – ummat kitobi»!

Chunki «Sahihul Buxoriy» faqat oʻzbek xalqiga yoki muayyan bir mamlakatga tegishli asar emas. U na turkistonliklarniki, na arablarniki, na turklarniki va na boshqa bir xalqniki. Bu kitob butun musulmon ummatiga tegishli boʻlgan bebaho xazinadir.

Imom Buxoriy rahimahulloh ushbu asarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini butun ummatga omonat sifatida yetkazish uchun yozgan. Demak, unga bagʻishlab oʻtkaziladigan har qanday ilmiy anjuman Paygʻambarimiz ﷺ sunnatlariga xizmat qilish, ularni asrash, haqqoniy bayon etish va turli shubhalarga qarshi ilmiy javob berishga qaratilgan ezgu ish hisoblanadi.

Bugun butun islom olami «Sahihul Buxoriy»ga qarshi taʼna toshlari otilayotganini yaxshi biladi. Bu xurujlar Imom Buxoriy shaxsiga emas, balki musulmonlar qoʻlidagi Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli kitobga qaratilgan. Bu manbaga ishonch susaytirilsa, undan keyin boshqa barcha hadis manbalari ham shubha ostiga olinadi.

Shu bois mazkur konferensiyaning ahamiyati juda kattadir.

– Andjumanning yana qanday oʻziga xos jihatlari eʼtiboringizni tortdi?

– Tashkilotchilar taʼkidlaganidek, ushbu anjumanni oʻtkazish gʻoyasi davlatingiz rahbarining ikki yil avval ilgari surilgan tashabbusidir.

Bu juda katta ahamiyatga ega. Negaki mamlakat rahbarining Imom Buxoriy merosiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy forum oʻtkazishni ustuvor vazifalardan biri etib belgilashining oʻzi ulkan maʼnaviy voqeadir.

Ushbu gʻoya Imom Buxoriy majmuasi ochilgan kunlarda amalga oshyapti. Biz bu yerda koʻrgan manzaralar haqiqatan ham hayratlanarli. Buni soʻz bilan toʻliq ifoda etishning iloji yoʻq.

Yana bir muhim jihat – mazkur forum bitta konferensiya bilan cheklanmagan. Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bir vaqtning oʻzida bir nechta xalqaro anjumanlar tashkil etildi.

Bu esa turli soha olimlarini bir maydonga jamladi. Hadisshunoslar, islom sivilizatsiyasi tadqiqotchilari, Imom Moturidiy va Imom Termiziy merosini oʻrganuvchi mutaxassislar, hatto musulmon boʻlmagan olimlar keldi. Hamma Imom Buxoriy haqidagi maʼruzalarni tinglash imkoniga ega boʻldi.

Natijada mazkur tadbir oddiy konferensiya emas, balki butun dunyoga quyidagi muhim xabarlarni yetkazgan yirik xalqaro ilmiy-maʼrifiy forumga aylandi:

musulmonlar oʻz ilmiy asoslariga sodiq ekani;

boshqa xalqlar bilan muloqot va hamkorlikka ochiqligi;

ammo oʻz diniy qadriyatlaridan hech qachon voz kechmasligini namoyon etdi.

– Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Bu markazning oʻzi ham dunyoga yoʻllangan muhim maʼnaviy xabar hisoblanadi.

Markaz, uning yonidagi Hadis ilmi oliy maktabi, muzey, “Imom Buxoriy” va “Dorul hadis” nomlari bilan ataluvchi mehmonxonalar insonlarga Paygʻambarimiz ﷺ sunnatlarining ahamiyatini eslatib turadi.

Bu yerga kelgan har qanday sayyoh, hatto musulmon boʻlmagan inson ham Imom Buxoriy bilan tanishadi. Masjid va muzeydagi ekspozitsiyalar, hujjatli filmlar, interaktiv koʻrgazmalar va zamonaviy taqdimot vositalari orqali hadis ilmining qanday saqlangani va avloddan avlodga yetkazilgani haqida aniq tasavvur hosil qiladi.

Shu tariqa Markazingiz oʻz vazifasini nafaqat toʻgʻridan-toʻgʻri, balki bilvosita ham bajarmoqda.

– Sizningcha, «Sahihul Buxoriy»ni oʻrganish va oʻqitish nima uchun bugun ham dolzarb hisoblanadi?

– Chunki «Sahihul Buxoriy» Allohning Kitobidan keyingi eng ishonchli manbadir.

Hadislar tarixiy merosgina emas. Ular bizning dinimiz, hayot tarzimiz va axloqiy dasturimizdir.

Ushbu kitobda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, eʼtiqod, ibodat, muomala, tafsir, fazilatlar, dinning barcha mavzulari qamrab olingan.

Imom Buxoriy ushbu asarni har qanday musulmon ishonch bilan suyana oladigan manba boʻlishi uchun bitgan.

Shuning uchun bu kitob har bir davrda oʻqitilishi, oʻrganilishi va eng muhimi, undagi hadislarga amal qilinishi lozim.

Biz Imom Buxoriy kitoblarining oʻzinigina emas, balki undan ilmga sadoqat, sunnatga muhabbat va fidoyilik namunasini ham oʻrganishimiz kerak.

Imom Buxoriy hayotining soʻngida Samarqand yaqinida vafot etgan. Bu ham Alloh taoloning hikmati edi. U umrini Paygʻambarimiz ﷺ sunnatlariga xizmat qilish bilan oʻtkazgan. Shuning uchun Alloh taolo Imom Buxoriyni hayotlik vaqtida ham, vafotidan keyin ham aziz boʻladigan suyukli bandalaridan qildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktorining oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Otabek Muhammadiyev suhbatlashdi.

Tas-ix:

Check Also

Renessans yoʻli Imom Buxoriy majmuasi — maʼnaviy va maʼrifiy maskan

Tas-ix: