Home / MAQOLA / MARKAZIY OSIYO DINIMIZGA YOT OQIMLARGA MAKON BOʻLMAGAN

MARKAZIY OSIYO DINIMIZGA YOT OQIMLARGA MAKON BOʻLMAGAN

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda dinni notoʻgʻri talqin qilish holatlari avj olyapti. Bunday vaziyatda kishilar oʻzlarida aniq maʼlumotga muhtojlik sezadi. Dinini sof saqlayman degan inson toʻgʻrini notoʻgʻridan ajratib olishi uchun yetarlicha salohiyatga ega boʻlishi ham muhim ahamiyatga ega.
Dinni notoʻgʻri talqin etib, odamlarni oʻz gʻoyalariga undayotgan oqimlardan biri salafiylik boʻlib, u Markaziy Osiyo mamlakatlariga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.

“Salafiylik” arab tilidagi “salaf” soʻzidan olingan boʻlib, “ajdodlar”, “avval yashab oʻtganlar” maʼnosini beradi. Hadislarga koʻra, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Yaʼni, sahoba, tobein va tabaa tobeinlar salafi solihlar hisoblanadi. Ulardan keyin yashaganlarga nisbatan “salaf” atamasi ishlatilmagan.
Keyingi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiori ostida soxta salafiylar jamoasi paydo boʻldi. Ularning aqidaviy asosi Ibn Taymiya (163-1328)ga borib taqaladi. U fiqhiy-aqidaviy masalalarda ixtilof qilgani sababli ahli sunna ulamolari tomonidan tanqid va keskin raddiyalarga uchragan. Shunday boʻlsa-da, uning gʻoyalari keyinchalik turli mutaassib toifalarga xizmat qilgan.

Salafiylik faoliyatiga eʼtibor berilsa, ular ahli sunnaning ashʼariy va moturidiylik aqidaviy taʼlimotlari, toʻrt fiqhiy mazhablarni va tasavvufni inkor etadi. Fiqhiy mazhablar oʻrtasidagi juzʼiy ixtilofli masalalarni tanqid qilib, ularni ayblaydi va mazhabsizlikka undaydi. Ular fiqhiy-aqidaviy ixtiloflar keltirib chiqarib qolmay, ijtimoiy-siyosiy holatlarni tanqid ostiga olib, oʻz gʻoyalarini singdirishga urinadi. Ularning targʻiboti zamirida jihod va xalifalik gʻoyalari yotadi.

Hozirda salafiylik gʻoyalari keng tus olmoqda. Buni mamlakatimiz misolida koʻradigan boʻlsak, xorijda turib, oʻzlarini shayx, haq daʼvatchi va islomning asl mohiyatini toʻgʻri ochib beruvchi hisoblayotgan baʼzi salafiy daʼvatchilar mazhablarni ixtilofda ayblab, Qurʼon va sunnatga ergashish daʼvosi bilan salafiylikka, mazhabsizlikka daʼvat qilmoqda. Ijtimoiy-siyosiy holatlarni tanqid qilib, taʼsirlarini oshirishga urinmoqda.

Salafiy daʼvatchilar ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida fiqhiy-aqidaviy mazhablarni tugatish va tasavvufni inkor qilishga qattiq urgʻu bermoqda. Qilayotgan daʼvolari esa jimjimador. Goʻyoki, ular Qurʼon va sunnatga ergashayapti-yu, mazhablar ixtilof keltirib chiqarganday.

Tarixdan maʼlumki, barcha davrlarda oʻz maqsadi yoʻlida Islomni notoʻgʻri talqin qilib, odamlarni haqdan ozdirishga harakat qilib kelgan, adashgan toifalar chiqib turgan. Salafiylar ham xuddi shunday toifalardan biri. Agar tahqiq qilinadigan boʻlsa, ularning gʻoyalari tarixdagi moʻtazila, mushabbiha, mujassima, karromiya kabi botil toifalarning qarashlariga oʻxshashi yaqqol koʻrinadi. Quyida ulardan baʼzilarini koʻrib oʻtamiz.
Masalan, ular aqida borasida “Rahmon Arshga istivo qildi” (Toha, 5-oyat), “Yoki sizlar “osmondagi” zot (Alloh)dan xotirjammisiz?!” (Mulk, 16-oyat), “Balki Alloh taolo u (Iso alayhissalom)ni Oʻziga koʻtarib oldi” (Niso, 158-oyat) kabi baʼzi mutashobih oyatlarni zohiriga qarab, Alloh taologa makon nisbat beradi va U Zotni osmonda, deb daʼvo qiladi.

Ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga koʻra, Alloh taolo makondan oliy va behojat Zotdir. Ahli sunna ulamolari aqidaviy masalalarda, ayniqsa, Alloh taolo borasida, U Zotni nuqson va kamchiliklardan poklashda oʻta ehtiyotkordir. Eng nozik nuqtalarni ham eʼtibordan chetda qoldirmay, masalaning asl mohiyatini ochib berishga bor kuch-quvvatini sarflagan. Alloh taologa makon nisbat berish U Zotni maxluqotlarga oʻxshatishdir. U Zot azza va jalla Qurʼoni karimda: “Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir” (Ankabut, 6-oyat), degan. Yaʼni, Arsh, yer va osmon kabilar Alloh yaratgan maxluqotlar boʻlib, olam jumlasiga kiradi. Olam esa azaliy emas, Alloh taolo azaliydir. Azalda esa Allohdan oʻzga biror narsa mavjud boʻlmagan. U Zot azalda makon va zamondan xoli boʻlgan va doim shunday boʻladi. Demak, Alloh taolo olamlardan behojat, yaʼni ularga hojati tushmaydigan Zotdir. Boshqa bir oyatda U Zot: “Unga oʻxshash biror narsa yoʻq” (Shuro, 11-oyat), deydi. Yaʼni, Alloh taolo biror narsaga oʻxshamaydi va Oʻzi yaratgan narsalarga oʻxshab biror makonga muhtoj emas.
Bundan tashqari, salafiylarning tavhid, qabrlarni ziyorat qilish, mavlidni nishonlash, namozdan keyin jamoat boʻlib duo qilish va yana koʻplab aqidaviy masalalarda ixtiloflari mavjud. Lekin ularning barcha daʼvolariga ahli sunna olimlari kuchli dalillar asosida javob bergan va berib kelmoqda.

Hozirda baʼzi salafiylar Alloh taoloning “Allohning arqonini mahkam tuting” (Oli Imron, 103-oyat), oyatini keltirib: “Allohni arqonini birga ushlash va ixtiloflashmaslik kerak. Ixtiloflashsa, qalblar ixtiloflashadi. Balki oʻzlaricha: “Biz islomga odamlarni tarbiyalayapmiz. Oʻzini mazhabiga amal qilsa, nimasi yomon”, deyapmiz” deb oʻylashi mumkin. Lekin bu hech qachon odamlarni birlikka olib kelmaydi. Balki ixtilofga, boʻlinishga olib keladi” deb mazhabga ergashish ixtilofga sabab ekanini daʼvo qilmoqda. Bu daʼvolari bilan mazhablarni Islomdan boshqadek tasavvur qildirishga urinmoqda. Vaholanki, Islom dini shu toʻrt mazhab asosida asrlar osha yashab kelmoqda. Millionlab odamlar shu mazhablar asosida dinga amal qilyapti. Yaʼni, aqidada Moturidiya va Ashʼariya taʼlimotiga, fiqhda Hanafiy, Molikiy, Shofeiy va Hanbaliy mazhablariga amal qilmoqda. Xuddi Paygʻambarimiz aytganlaridek, savodul aʼzam – ulkan jamoatni lozim tutmoqda.

Asrlar davomida ushbu toʻrt mazhabning mujtahid olimlari Islomning asl mohiyatini Qurʼon va sunnat asosida musulmonlarga bayon qilib kelgan. Salafiylar esa, tarixda ham, hozirda ham ummat ichida ixtilof va tafriqaga, diniy va ijtimoiy-siyosiy notinchlikka sabab boʻlyapti, xolos.
Salafiylarning qiziq bir jihati shundaki, oʻzlarini haq yoʻlidaligini aytib, daʼvatlarida oʻziga ergashishni targʻib qiladi. Vaholanki, musulmonlar shundoq ham ulardan koʻra olimroq, Qurʼon va sunnatni ulardan koʻra chuqur biluvchi, Paygʻambarimizga ulardan koʻra yaqinroq davrda yashagan mazhab mujtahidlariga ergashadi. Chunki mazhab mujtahidlari ulardan koʻra ergashishga loyiqroq zotlardir. Shunday ekan, dinini sof saqlayman degan har bir musulmon kecha paydo boʻlgan toifaga emas, ahli sunna val jamoa mazhabiga ergashishi lozim.

Salafiylikning tarixiy ildizlariga eʼtibor berilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bu kabi oqimlarga makon boʻlmagan. Ammo doimiy tarzda bu oʻlkalarga oʻzlarining botil gʻoyalarini singdirishga urinishlar boʻlgan va davom etmoqda. Lekin har davrda ularning gʻoyalariga qarshi ahli sunna val jamoa ulamolari oʻzlarining fiqhiy-aqidaviy mazhablarini mahkam tutgan holda qattiq kurash olib borgan.

Tarixan mamlakatimiz aqidaviy jihatdan moturidiylik, fiqhiy jihatdan hanafiylik mazhabini asrlar osha mahkam tutib kelgan. Xalqning urf odati-yu, milliy ongida ushbu fiqhiy-aqidaviy mazhablar asosiy rol oʻynaydi. Yaqinda chiqib, “haqiqiy toʻgʻri yoʻl”ni koʻrsatmoqchi boʻlayotganlar asrlar osha dinga amal qilib kelgan ushbu xalqni va qanchadan-qancha olimlarni tarbiyalagan ushbu diyor odamlarini Islomga notoʻgʻri amal qilib kelganini daʼvo qilmoqda. Oʻzlarini Qurʼon va sunnatga amal qilayotganini iddao qilib, mazhablarni inkor etmoqda. Mazhablarni Rasululloh va sahobalar davrida boʻlmaganini daʼvo qilmoqda. Bu juda ham notoʻgʻri daʼvo. Ularning daʼvolari notoʻgʻri va soxta ekani kundek ravshan. Bunga hujjat-dalillar yetarli darajada koʻp. Tarixda ham, hozirda ham ahli sunna olimlari ularning yoʻli notoʻgʻri ekanini isbotlab bergan.

Salafiylik faoliyatning mamlakatimiz hayotiga salbiy taʼsiri bor. Chunki biz ahli sunnaning fiqhiy-aqidaviy mazhablarini mahkam tutgan va hayot tarziga tasavvuf gʻoyalari singgan xalqmiz. Salafiylik esa aynan mazhablar va tasavvufni qoralaydi. Shu sababli salafiylik gʻoyalarining kirib kelishi xalq orasida ixtilof va boʻlinishlarga olib keladi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz hayotida yuz bergan vahhobiylik harakatining xurujlari bunga yorqin misol. Salafiylik ham diniy, ham siyosiy beqarorlikka sabab boʻladi. Chunki ularning asl maqsadi zamirida hijrat va xalifalikni tiklash kabi gʻoyalari yotadi. Vaholanki, musulmonlarning yagona xalifalik ostida yashashi haqida buyruq yoki koʻrsatma mavjud emas. Chunki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam xalifalik haqida: “Mendan soʻng xalifalik oʻttiz yildir. Undan keyin podshohliklar boʻladi”, deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat borasida esa: “Fathdan keyin hijrat yoʻq”deganlar. Ulamolar: “Bu hadis umumiy boʻlib, oʻzidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchilarni nasx qiluvchidir”, degan. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam musulmon boʻlgan arablarni oʻzlari tomon hijrat qilishga amr qilmagan va oʻz yurtida turishlarini inkor ham etmaganlar.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, salafiylik faoliyati jamiyat ichida diniy-siyosiy qarama-qarshiliklar va nizolarning yuzaga kelish ehtimolini oshiradi.
Hozirda dunyo jamoatchiligining tinchligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bu toifalar mamlakatimizga taʼsir oʻtkazishga urinmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek tilli baʼzi salafiy daʼvatchilar oʻz gʻoyalarini yoyishga harakat qilmoqda. Dunyoning turli davlatlarida boʻlgani kabi mamlakatimizda ham ularning botil aqidalariga ergashib qolish holatlari mavjud. Bu holat, ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadigan yoshlar orasida koʻp uchraydi. Dinga qiziqqan yoshlar orasida bilib-bilmay ularning taʼsir doirasiga tushib qolish holatlari boʻlyapti.

Salafiy daʼvatchilarning ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalardagi faoliyati ancha rivojlangan. Ularni kuzatib boruvchilar soni koʻpayishda davom etmoqda. Bunga Yaqin Sharqdagi, ayniqsa, Suriya va Falastin yerlaridagi beqarorlik katta hissa qoʻshmoqda. Chunki ular oʻzlarini musulmonlar uchun qaygʻurayotgan jonkuyar insonlar qilib koʻrsatishida ana shu qurolli nizolarning taʼsiri bor. Oʻzlari demokratik mamlakatlar hududidan boshpana topganiga qaramay, yoshlarni Oʻzbekistondagi demokratik tuzumni kufr tuzumi, deb taʼrif berishi, hukumatga qarshi chiqish lozimligi haqidagi chaqiriqlari mantiqsizlikdan boshqa narsa emas.

Qolaversa, ular nufuzli ilmiy tashkilotlar yoki eʼtiborli ulamolar tarafidan eʼtirof etilgan ham emas. Shunday boʻlsa-da, ular oʻz chiqishlarida har qanday yurtda uchrashi mumkin boʻlgan ayrim ijtimoiy muammolarni qoʻshib oʻtishi ularning auditoriyasi koʻpayishiga sabab boʻlayotir. Bunday kimsalarning baʼzan haqiqatni gapirib, ortidan nohaqlikni iroda qilayotgani, buni esa din borasida yetuk bilimga ega boʻlmagan yoshlar anglab yetmayotgani ularga asqotmoqda.
Buning oldini olish uchun avvalo, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash lozim. Qolaversa, adashgan toifalar daʼvolarining notoʻgʻri ekanligini isbotlovchi raddiya shaklidagi videomurojaatlarni koʻpaytirish va uni xalqimizga yetkazish foydadan xoli boʻlmaydi.

Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: zarnews.uz

Check Also

IMOM BUXORIY MAJMUASI MAHOBATI

Boqiy meros Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida allomalar ilmiy merosini oʻrganish borasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi …