Prof. Murtazo BEDIR – Turkiyaning Diyonat vaqfi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM) rahbari:
Turkiyaning Diyonat vaqfi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM) rahbari, professor Murtazo BEDIR janoblari yaqinda yurtimizga tashrif buyurib, nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etdi. U kishi tadbirdan soʻng Markazimiz uchun intervyu berishga rozi boʻlgani uchun minnatdormiz.
– Assalomu alaykum, muhtaram ustoz! Oʻzbekistonga, ajdodlar yurtiga xush kelibsiz! Sizni bu yerda koʻrib turganimizdan juda mamnunmiz. Avvalo, ushbu xalqaro simpoziumning ahamiyati haqida fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.
– Va alaykum assalom. Bu yerlarni ziyorat qilish biz uchun katta sharaf. Allohga shukr, Oʻzbekistonga kelganimizga uch kun boʻldi. Dastlab Toshkentda boʻldik. U yerda forumning ochilish marosimi, muhim uchrashuvlar oʻtkazildi, hamkorlik boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Turli mamlakatlardan kelgan olimlar ishtirok etgan mazkur anjuman juda boy ilmiy muhitni aks ettirdi.
Asosiy muhokamalar Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan hissasi va uning jahon islom tamaddunidagi oʻrniga bagʻishlandi. Bugun Samarqandda men ishtirok etayotgan shoʻba ishi esa, Imom Moturidiy merosiga bagʻishlangan. Shu bilan birga, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalar merosiga oid anjumanlar ham tashkil etilgan.
Bugun ertalabdan tinglagan maʼruzalarim meni juda taʼsirlantirdi. Olimlar Imom Moturidiy taʼlimotini nafaqat tarixiy meros sifatida, balki uning bugungi kunda inson hayoti uchun qanday ahamiyat kasb etishi, jamiyatga qanday yoʻl koʻrsatishi va maʼnaviy nur manbai boʻlishi mumkinligi nuqtayi nazaridan chuqur tahlil qildi.
Oʻzbekistonga koʻp yillardan buyon kelib-ketib turaman. Ilmiy sohadagi taraqqiyotning qanchalik katta surʼat olganini kuzatib kelyapman. Ayniqsa, tafakkur, ilmiy tahlil va akademik yondashuvning tobora chuqurlashayotgani quvonarli.
– Bugungi kunda “Sahihul Buxoriy”ni oʻrganish va oʻrgatishning ahamiyati haqida nima deya olasiz? Shuningdek, bu asar yuzasidan amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida toʻxtalsangiz.
– Avvalo, kecha Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilganimizni aytib oʻtishni istardim. Oriy rost – bu bizda uchun juda katta va sururli taassurot uygʻotdi. Ilgari uning qurilish jarayonini koʻrar edik, bugungi koʻrinishi har jihatdan hayratlanarli.
Bu majmua Imom Buxoriy hazratlarining shaʼni-shavkatiga juda munosib tarzda barpo etilgan. Bu bilan qanchalik faxrlansangiz, shunchalik arziydi. Biz oʻzbek xalqi Imom Buxoriy bilan faxrlanishini yaxshi bilamiz va bugun shu iftixorga munosib muhtasham ziyoratgoh barpo etilganiga guvoh boʻlib turibmiz.
Kecha ziyoratdan soʻng u yerda Imom Buxoriy merosi boʻyicha dars ham oʻtdik. Safimizga Marokashning Rabot shahridagi Dorul hadis al-Hasaniyya muassasasi rahbari ham qoʻshildi. Ilk darsimizni Imom Buxoriy hazratlari maqbarasi oldida oʻtkazdik. U yerdagi maʼnaviy muhit inson qalbiga chuqur taʼsir qiladi.
“Sahihul Buxoriy” nima uchun buyuk asar? Chunki Imom Buxoriy hazratlari Rasululloh ﷺ hadislarini jamlash uchun minglab chaqirim masofalarni bosib oʻtgan. Qaysi yurtga borsa, oʻsha yerning ilmiy merosini oʻzlashtirgan, yuzlab shaharu qishloqlarni kezib, yuz minglab rivoyatlarni toʻplagan. Keyin ularni sinchkovlik bilan saralab, eng ishonchlilarini tanlab olgan. Bu beqiyos mehnat, ulkan sabr va fidoyilik namunasidir.
Shuning uchun bugun ham millionlab insonlar Imom Buxoriyning ilmiy merosiga qiziqish bilan murojaat qilmoqda.
– Bugungi kunda Imom Buxoriy merosini oʻrganishda yangi texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari haqida qanday fikrdasiz?
– Bu yoʻnalishda eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, Imom Buxoriyning ilm yoʻli – rihlatiga bagʻishlangan yirik ilmiy loyiha tayyorlandi. Unda muhaddis safar qilgan shaharlar, ularning ustozlari va faoliyati raqamli xaritalar asosida aks ettirilgan.
Bu loyiha Turkiyaning TÜBİTAK — Türkiye Bilimsel ve Teknolojik Araştırma Kurumu (Turkiya Ilmiy va texnologik tadqiqotlar kengashi) dasturi doirasida amalga oshirildi va Turkiya diyonat vaqfi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM) ham uni qoʻllab-quvvatladi. Loyihaning taqdimoti yaqinda Turkiya diyonat vaqfi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM)da boʻlib oʻtdi. Unga professor Bakir Kuzudishli va uning ilmiy jamoasi rahbarlik qildi. Mening bilishimcha, mazkur jamoa aʼzolaridan biri hozir Markazingizda ilmiy amaliyot ham oʻtamoqda.
Eng muhimi, bu loyihada sunʼiy intellekt, Python dasturlash tili va raqamli tahlil usullari qoʻllandi. Hadis roviylari oʻrtasidagi munosabatlar interaktiv xaritalar orqali koʻrsatildi. Bu esa tarix va hadisshunoslik tadqiqotlari uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Loyihaga start berilayotganda olimlarga bunday degan edim: “Bizda zamonaviy kompyuter texnologiyalari, sunʼiy intellekt va raqamli vositalar bor ekan, Imom Buxoriyning ilmiy merosini ana shu usullar bilan ham tadqiq qilaylik. Uning naqadar buyuk olim ekanini ilmiy tahlil va raqamli dalillar bilan yanada keng va batafsil ochib beraylik!”
Koʻrib turganingizdek, juda muvaffaqiyatli va interaktiv loyiha yaratildi.
Sizlarga professor Bekir Kuzudishlini albatta taklif etishni tavsiya qilaman. Bu loyiha bilan yaqindan tanishsangiz, ehtimol, Imom Buxoriy majmuasidagi muzey ekspozitsiyalari uchun ham yangi innovatsion gʻoyalar paydo boʻladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktorining oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Otabek Muhammadiyev suhbatlashdi.
Tas-ix:
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





