Home / VIDЕOLAR / “BUXORIY VA MOTURIDIY MEROSI INSONIYATNI SOGʻLOM TAFAKKURGA QAYTARUVCHI BOSH DARVOZADIR”

“BUXORIY VA MOTURIDIY MEROSI INSONIYATNI SOGʻLOM TAFAKKURGA QAYTARUVCHI BOSH DARVOZADIR”

Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysi, professor Nazir Muhammad Ayyod janoblari yaqinda yurtimizga tashrif buyurib, nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etdi. U kishi tadbirdan boʻsh vaqt topib, bizga ham qisqacha intervyu berishga rozi boʻlgani uchun minnatdormiz.

Nazir Muhammad Ayyad – Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysi, professor:

– Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh! Muhtaram shayx, bagʻrikeng Oʻzbekiston zaminiga, xususan, koʻhna va nafis Samarqandga xush kelibsiz! Avvalo, nufuzli xalqaro anjumanning ahamiyati haqidagi fikr va mulohazalaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

– Bismillahir Rohmanir Rohiym. Olamlar Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning ahli baytlari, sahobalari va barcha moʻminlarga Allohning salovoti va salomi boʻlsin!

Avvalo, mana shunday yuksak saviyadagi ilmiy anjuman va qutlugʻ muloqot maydonini yuqori darajada tashkil etgani uchun bagʻrikeng Oʻzbekiston xalqiga, mamlakat rahbariyati va hukumatiga cheksiz minnatdorlik izhor etaman.

Ushbu anjuman oʻz vaqtida va gʻoyat yuksak darajada tashkil etilgan muhim tadbirdir. Zero, bunday forumlar islom madaniyatining buyuk siymolarini qayta kashf etish orqali butun ummatni oʻzligi va asliyatiga qaytaradigan nurli yoʻl boʻlib xizmat qiladi. Bu allomalar nafaqat islom sivilizatsiyasi ravnaqi, balki umumbashariy taraqqiyotga ham beqiyos va unutilmas hissa qoʻshgan.

Bugun Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy kabi ulugʻ zotlarning maʼnaviy merosiga teran nazar tashlasak, insoniyatni sogʻlom tafakkurga qaytaruvchi keng va porloq yoʻlning hashamatli darvozasini koʻramiz. Ular dinni shu qadar teran anglaganki, oʻz hayot yoʻlida aql va ruhni, naql (manba) va tafakkurni, koʻngil va aʼzolarni, soʻz va amalni mukammal suratda uygʻunlashtira olgan.

– Muhtaram ustoz, Siz Imom Buxoriy hazratlarining yodgorlik majmuasi va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻldingiz. Ushbu tabarruk maskandagi soʻnggi yangilanishlar va bunyodkorlik ishlari Sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va u zotning muborak maqbarasini uchinchi bor ziyorat qilishim. Har gal Oʻzbekistonga kelganimda, bu zamin allomalarining qadamjolarini ziyorat qilishga alohida intilaman.

Biroq bu galgi safarim avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Majmuada olib borilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari va nafis meʼmorlik yechimlari meni haqiqatan lol qoldirdi. Eng quvonarlisi, bu yerda milliy asliyat bilan zamonaviylik gʻoyat goʻzal tarzda mujassamlashgan. Yangilanishlar zamirida oʻtmishning fayzi va yurakni titratuvchi tob-tarovati ufurib turibdi. Bu esa ushbu ilm va maʼrifat maskanining taʼsir kuchi boqiy ekanidan dalolatdir.

– Muhtaram ustoz, Oʻzbekiston xalqiga, xususan, Imom Buxoriy merosini oʻrganayotgan yosh olim va tadqiqotchilarga qanday tavsiya va maslahatlar bergan boʻlardingiz?

– Alloh taolo mana shunday buyuk siymolarni, nurli mashʼalalar, yorqin mayoqlar va hidoyat bayroqdorlarini tuhfa etgan tabarruk zamin – Movarounnahr ahli va olimlariga chin qalbdan havas qilaman. Yosh tadqiqotchilarga bosh tavsiyam – ular oʻtmish va bugun oʻrtasidagi maʼnaviy vorislik koʻprigini aslo uzmasin. Bu oʻzligimizni asrashning eng muhim omilidir. Ikkinchidan, ajdodlarimiz yaratgan bebaho xazinalarni, ular ichidagi hali koʻpchilik uchun yashirin durdonalarni izchil tadqiq etib, yuzaga chiqarishda davom etsin.

Bu meros – bugunimiz uchun mustahkam poydevor, tinch va xavfsiz kelajagimiz kafolatidir. Zero, ushbu sivilizatsiya ilmga, rahmat, aql va naql muvozanatiga asoslangan.

Alloh taolo bu yurtda qadriyatlarni tiklashga, boy maʼnaviy merosni qayta jonlantirishga hissa qoʻshayotgan barchani Oʻz panohida asrasin, ilmiy faoliyatini samarali va barakali qilsin. Bu muqaddas zamin ilgari qanday qilib islom maʼrifatini dunyoga tanitgan boʻlsa, bundan keyin ham dinning asl maqsadlarini saqlash va ilm-fanni ravnaq toptirishda yetakchi boʻlib qolishini tilayman.

– Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat. Alloh sizdan rozi boʻlsin, barchamizni Oʻzi suygan va rozi boʻlgan xayrli amallarga muvaffaq qilsin.

– Jazokumullohul xayr (amallaringizning ajr-mukofotini chiroyli qilib bersin). Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktorining oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Otabek Muhammadiyev suhbatlashdi

Tas-ix:

Check Also

Haqiqiy boylik – qanoatdadir

Tas-ix: