OTA-ONA bilan 50 ta TELEFON ODOBI ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOYIM TAOLO MARHAMAT QILADI:
“Biz insonni OTA-ONASIGA yaxshilik qilishga buyurdik!”
(Ahqof surasi 46/15 oyat);
«Biz insonga OTA-ONASINI rozi qilishni buyurdik.
ONASI uni zaiflik ustiga zaiflik bilan qornida koʻtarib yurdi.
Uni koʻkrakdan ajratish muddati ikki yilda bitar.
Biz insonga buyurdikki “Sen Menga va OTA-ONANGGA shukr qilgin!
Qaytishlik – Mening huzurimgadir!”»
(Luqmon surasi 31/14 oyat);
«Rabbingiz, Uning Oʻzigagina ibodat qilishingizni hamda OTA-ONAGA yaxshilik qilishni amr etdi.
Ey, inson! Agar ULARNING BIRI yoki HAR IKKISI huzuringda keksalik
yoshiga yetsalar, ULARGA “uf!..” dema va ULARNI jerkima!
ULARGA doimo yoqimli soʻz ayt!
ULARGA, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va duoda ayt:
“Ey, Rabbim! Meni ULAR goʻdaklik chogʻimda tarbiyalaganlaridek,
Sen ham ULARGA rahm qilgin!”»
(Isro surasi 17/23-24 oyatlar);
«Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz!
OTA-ONALARGA esa yaxshilik qilingiz!
Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qoʻshni-yu
begona qoʻshni, yoningizdagi hamrohingiz, yoʻlovchi musofirga va qoʻl
ostingizdagi qaramlarga ham yaxshilik qiling!
Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi»
(Niso surasi 4/36 oyat);
«Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, OTA-ONA, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz!
Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir!»
(Baqara surasi 2/215 oyat).
JANOBI PAYGʻAMBARIMIZ RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM MEHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
¯ «Uch toifa kishining qoʻlga kiritgan narsasida baraka boʻlmaydi va qayerda boʻlsa ham xorlanadi:
– Mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;
– Ramazon oyiga hurmat koʻrsatmagan;
– OTA-ONASI tirik boʻla turib, ULARNI xursand qilmagan»;
¯ “OTA-ONAGA duo qilishni tark etish rizqni kesadi”;
¯ “Albatta, odamlarga goʻzal xulqdan afzalroq narsa berilmagan” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
¯ “Moʻminlarning imoni eng mukammali — xulqi goʻzal boʻlganlaridir” (Imom Termiziy rivoyatlari);
¯ “Kimni umri uzun va rizqi keng boʻlishi xursand qilsa, OTA-ONASIGA yaxshilik qilsin va silai rahm qilsin!” (Imom Ahmad rivoyatlari);
¯ «Haq boʻla turib, tortishuvni tark qilgan kishi uchun jannatning bir tomonida bir qasr bino qilinishiga;
hazil boʻlsa ham, yolgʻonni tark qilgan kishiga jannatning oʻrtasida bir qasr bino qilinishiga;
xulqi goʻzal, odobi chiroyli boʻlgan kishi uchun esa jannatning eng yuqorisida bir qasr bino qilinishiga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
¯ Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Xor boʻlsin, xor boʻlsin, xor boʻlsin! – deb oʻn marta aytdilar.
Shunda sahobalar:
– Yo Rasululloh, kimni aytayapsiz? – deb soʻrashdi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
– OTA-ONASINING IKKALASI yoxud BITTALARI keksayib qolgan vaqtida ULARNI rozi qilmay, oʻzini doʻzaxga tushishga mubtalo qilgan kishini, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
ULUGʻLARDAN HIKMATLAR:
“Odobi yoʻqning – ilmi, sabri yoʻqning – dinga bogʻliqligi, taqvosi yoʻqning – Allohga yaqinligi yoʻqdir” (Hasan Basriy rahmatullohi alayhi).
OTA-ONA bilan 50 ta TELEFON ODOBI:
1)Avvalo OTA-ONANING ruxsatlarisiz telefonlariga mutlaqo tegmaslik;
2)agar ULAR ruxsat bermasalar, telefonlarini “Sms”, “Imena”, “Kontaktы” va boshqa joylarini oʻqimaslik va qaramaslik;
3)OTA-ONANING boshqalar bilan gaplashganlarini eshitmaslik va poylamaslik;
4)OTA-ONAGA qoʻngʻiroq qilayotganda kun va kechaning soatlarini inobatga olib, bemahalda va nooʻrin qoʻngʻiroq qilmaslik;
5)OTA-ONAGA qoʻngʻiroq qilganda mabodo javob boʻlmasa, har bir telefon qilishni orasida 4 rakat sunnat namozni vaqti oʻtgandan soʻng lozim boʻlsa, yana bir bor telefon qilinadi. Shu tartibda 3-marta telefon qilinganda ham javob boʻlmasa, takroran qilinmaydi. Agar yetkazilmoqchi boʻlgan xabar tezkor, oʻta muhim, juda ham zarur boʻlsa, yozma shaklda yuboriladi;
6)gaplashib boʻlgandan soʻng ULAR telefonni oʻchirmagan boʻlsalar, qiziqib eshitib turmasdan, darhol telefonni oʻchirish;
7)OTA-ONA bilan telefonda soʻzlashganda ULARNING hurmatlarini bilib, beizn ULARNING vaqtlarini ortiqcha koʻp olmaslik;
8)OTA-ONA bizga telefon qilsalar, tezkor yonimizdagilarni ogohlantirib, uzr soʻrab, darhol OTA-ONAGA javob beriladi;
9)OTA-ONADAN kelgan qoʻngʻiroq, xabar (xat, savol, tabrik va hokazo)larni javobsiz qoldirmasdan, darhol munosib javob qaytarish;
10)OTA-ONADAN kelgan qoʻngʻiroq, xabar (xat, savol, tabrik va hokazo)larga oʻz vaqtida javob qaytarolmaganda, albatta darhol qaytarib telefon qilib, kechirim soʻrash va tezkor munosib javob qaytarish;
11)siz telefon qilgan vaqtda OTA-ONA javob berolmagan boʻlsalar, OTA-ONADAN aslo xafa boʻlmaslik;
12)OTA-ONANING oldilarida telefon oʻynamaslik. Chunki bunday qilish – OTA-ONAGA nisbatan hurmatsizlik, mensimaslik, beodoblik hisoblanadi. Agar jiddiy zarurat tugʻilib qolsa, ULARGA uzrini aytib, ruxsat soʻraladi. Agar OTA-ONA ijozat bersalargina, telefon bilan mashgʻul boʻlinadi;
13)OTA-ONAGA telefon qilayotganda: “Kim bu?” deyilmaydi. Balki avval salom berib, oʻzini tanishtirib, kerakli odamni soʻraladi;
14)OTA-ONANING telefonlarini oʻzinikidan yaxshiroq va zoʻrroq telefon qilib berish;
15)OTA-ONANING telefonlarini pullarini toʻlab turish;
16)OTA-ONA bilan suhbatlashganda “Alo?”, “Hello?”, “Ha?”, “Alyo?”, “Da?” soʻzlarni oʻrniga “Assalomu alaykum!”, “Labbay?”, “DADAJON?!”, “ONAJON?!”, “Eshitaman?”, “Xizmatingizdaman!..”, “Qulogʻim sizda…”, “Xizmatingizga tayyorman!..”, “Doim xizmatingizdaman!..”, “Xizmatingizga doim tayyorman!..”, “Amringizga muntazirman!..” kabi iboralarni ishlatish;
17)telefon orqali suhbat tugaganda, telefonni darhol oʻchirmasdan, balki ULAR bilan xayrlashib, OTA-ONAGA yaxshi tilaklar tilab, OTA-ONA telefonlarini oʻchirganlaridan soʻnggina telefonni oʻchirish mumkin; ULARDAN oldin telefonni oʻchirmaslik;
18)OTA-ONA bilan telefonda soʻzlashganda ham oʻrnidan tik turib muloqot qilinadi.
OTA-ONADAN telefon orqali kelgan xabarlarni ham oʻrnidan tik turgan holda oʻqish, eshitish, koʻrish lozim;
19)OTA-ONAGA telefonda soʻzlashganda ham birinchi boʻlib salom beriladi;
20)OTA-ONAGA telefon qilganda, ULAR soʻrashlaridan oldin oʻzining kimligini aytib tanishtiriladi;
21)ULARNING vaqtlarini olmayotganligini soʻrab, uzr soʻrashlik;
22)OTA-ONAGA gudok tashlanmaydi;
23)agar ULAR shunday qilgan boʻlishsa, darhol ULARGA qayta telefon qilinadi;
24)OTA-ONA bilan telefon orqali gaplashganda OTA-ONANING ruxsatlarisiz boshqalarga eshitiladigan darajada telefonni ovozini baland qilmaslik;
25)OTA-ONA bilan telefonda gaplashib turgan paytda mabodo aloqa uzilib qolsa, ULARGA birinchi boʻlib oʻzimiz qaytadan telefon qilishimiz lozim;
26)telefonda gaplashib turgan paytda mabodo OTA-ONA telefon qilib qolsalar, soʻzlashib turgan odamni ogohlantirib, darhol OTA-ONAGA javob beriladi;
27)OTA-ONANING shaxsiy maʼlumotlari va OTA-ONADAN kelgan barcha maʼlumot-xabar (rasm, video, telefon raqam, ovozli gap-soʻzlari, sms va hokazo)larini OʻZLARINING ruxsatlarisiz boshqalarga koʻrsatilmaydi, berilmaydi va yuborilmaydi;
28)OTA-ONANING OʻZLARIGA ham OTA-ONANING ruxsatlarisiz turli xil maʼlumot-xabar (rasm, video, telefon raqam, ovozli gap-soʻzlar, sms va hokazo)lar yuborilmaydi; tabriknomalar – mustasno;
29)OTA-ONAGA ayniqsa tarbiyaviy ahamiyatga ega, ilm-fanlarga doir, taʼlimga taalluqli boʻlgan har qanday narsalar yuborilmaydi OTA-ONANING ruxsatlarisiz;
30)OTA-ONA bilan telefon orqali muloqotni telefonda yozib olish uchun OʻZLARINING roziliklari olinadi; agar ruxsat bermasalar, yozib olmaslik; chunki OʻZLARINING ruxsatlarisiz OTA-ONANING gaplarini yozib olib, boshqalarga tarqatish — juda katta xiyonat va ulkan gunoh hisoblanadi;
31)OTA-ONA bilan birga surat yo videoga tushmoqchi boʻlganda, oldin OʻZLARIDAN izn soʻrab, ruxsatlari olinadi; agar ruxsat bermasalar, surat yo videoga tushmaslik;
32)OTA-ONANI surat yo videoga olmoqchi boʻlganda ham, oldin OʻZLARIDAN izn soʻrab, ruxsatlari olinadi; agar ruxsat bermasalar, surat yo videoga olmaslik;
33)telefon orqali koʻrishib gaplashish uchun OTA-ONANING roziliklarini olishda ULARGA gaplashmoqchi boʻlgan odamning huzurida kimlar mavjud ekanligini ham ogohlantirib qoʻyish;
34)agar OTA-ONA tomonlaridan telefon orqali koʻrishib gaplashishga istak bildirilmasa, bundan aslo xafa boʻlmaslik;
35)agar OTA-ONA bilan telefon orqali koʻrib gaplashish zaruriyati boʻlsagina, shunda ham faqat ULARNING ijozatlari bilangina koʻrishib gaplashish uchun telefon qilish mumkin;
36)agar OTA-ONA tomonlaridan telefon orqali koʻrishib gaplashishga xohish bildirilmasa, OTA-ONADAN uzr soʻraladi;
37)OTA-ONA bilan telefonsiz soʻzlashganda, telefonni ovozini oʻchirib qoʻyiladi;
38)OTA-ONA bilan soʻzlashib turganda, biror kishi telefon qilib qolsa, avvalo OTA-ONADAN ruxsat soʻrash; agar OTA-ONA ruxsat bersalargina telefonga javob qaytariladi;
39)OTA-ONAGA begona raqamdan telefon qilganda, vaqtni olmasdan darrov ochiq-oydin va aniq oʻzini tanishtirish lozim;
40)boshqa odam OTA-ONAMIZ raqamlarini soʻrasa, OTA-ONANING ruxsatlarisiz berilmaydi;
41)OTA-ONAGA telefon qilganda, ikkinchi liniyadan tushib qolgan odam bitta chaqiriqdan keyin aloqani darhol uzish lozim. ULARGA kim qidirayotganini anglash uchun shu kifoya. Uzluksiz chaqiriqlar bilan suhbatlarini buzmaslik;
42)OTA-ONAGA qayta-qayta qoʻngʻiroq qilavermaslik lozim. Chunki qoʻngʻiroqqa javob berish — u tomonning huquqi, zinhor majburiyati emas;
43)OTA-ONA birorta maʼlumot-xabar (surat, yozuv, video)ni koʻrsatish uchun telefonlarini bersalar, faqat oʻsha maʼlumot-xabar (surat, yozuv, video)ni koʻrish bilangina cheklanish lozim. Boshqa joylariga oʻtib ketishga haqqimiz yoʻq!;
44)agar OTA-ONA telefonlarida nimadir koʻrayotgan yoki izlayotgan boʻlsalar, tikilib turmaslik kerak. OTA-ONANING telefonlariga ruxsatsiz qarash mumkin emas!;
45)gaplashishga nomunosib paytlar (masalan, azon aytilgandan keyin, kechaning yarmida yoki kunduzi dam olinadigan)da OTA-ONAGA qoʻngʻiroq qilinmaydi;
46)OTA-ONA qoʻngʻiroq qilgan vaqtda esa, qaysi payt va qanday holatda boʻlishimizdan qatʼiy nazar, ULARGA xushmuomalalik bilan darhol va tezkor javob berish zarur;
47)OTA-ONA bilan telefon orqali suhbatlashayotganda, demak, OTA-ONA maʼlum bir vaqtlarini maxsus biz uchun alohida ajratayotganliklarini, biz ULARNING vaqtlarini olayotganimizni, OTA-ONA OʻZ ishlarini qoʻyib, xayollari biz bilan band boʻlib turganlarini his etib, behuda gaplar bilan ULARNING vaqtlarini behuda oʻtkazmaslik lozim;
48)OTA-ONA bilan agar biror uzun mavzu xususida gaplashmoqchi boʻlganda, avval OʻZLARIDAN ruxsat soʻraladi. Agar ruxsat bersalar, gaplashish mumkin. Aks holda, gapni qisqa qilish zarur. Chunki ULAR bemalol gaplashadigan holatda boʻlmasliklari ham mumkin;
49)har bir bayramlarda, OTA-ONANING xursandchilik kunlarida ULARNING koʻngillarini koʻtaradigan tilak, rasm, video, xabar, ovozli gap-soʻzlar, sms va hokazolarni muntazam yuborish lozim;
50)biror sabablar bilan OTA-ONADAN yiroqda boʻlib turgan inson har kuni ertalab-kechqurun oʻqish-ishga ketishdan oldin hamda oʻqish-ishdan kelgandan keyin, ULARNING xohishlarini inobatga olgan holda OTA-ONASIGA telefon qilib yoki yozma ravishda “Xayrli kun!”, ”Xayrli tun!” tilab, haqlariga chiroyli, yaxshi duolar qilib, ULARNING hol-ahvollarini soʻrab, “Menga nima xizmatlar buyurasiz?” deb, aytgan xizmatlarini mukammal, vijdonan, OTA-ONA aytganlariday va OTA-ONA istaganlariday chiroyli ado etib, ULARNING betakror, bebaho va beqiyos duolarini olish lozim.
MEHRIBON PARVARDIGORIMIZ oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham OʻZI buyurgan, Janobi PAYGʻAMBARIMIZ ALAYHISSALOM tavsiya etgan, oʻtmishda OʻTGANLARIMIZNING ruhlari shod boʻladigan, XALQIMIZ xursand boʻladigan, OTA-ONALARIMIZ rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





