“Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat yoʻli” I Xalqaro islom forumi doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Iroqdagi Imom Aʼzam Noʻmon ibn Sobit universiteti doktori Fahmiy Ahmad Abdurahmon Qazzoz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga keldi.


Markaz direktori Shovosil Ziyodov mehmonni dastlab Imom Buxoriy muzeyi faoliyati, olim va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishtirib, allomaning ilmiy safarlari va bugungi kunda yurtimiz fondlarida saqlanayotgan asarlarining nusxalari haqida soʻzlab berdi. Xususan, Imom Buxoriyning Bogʻdodda imtihon qilinishi aks etgan ekspozitsiya mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Markaz kutubxonasi bilan tanishuv davomida iroqlik olim oʻzining yillar davomida yozgan 20 ga yaqin kitobini Markaz fondiga taqdim etdi. Mavzulari rang-barang boʻlgan bu asarlar fiqh, aqida va hadislarga bagʻishlangan boʻlib, ayrimlarida yot unsurlarning buzgʻunchi gʻoyalari asossizligi va faqat gʻarazli maqsadlar xizmat qilishi ochib berilgan.
Muloqot davomida hamkorlikda Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosini tadqiq qilish, olimlarimiz izlanishlarining natijalarini oʻzbek va arab tillarida nashr etish, Markaz ilmiy xodimlari bilan birgalikda qoʻshma ilmiy loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish hamda xalqaro seminarlar tashkil etish istiqbollari haqida fikr almashildi.
Eslatib oʻtamiz: doktor Fahmiy Ahmad Iroqda Zoom dasturi orqali minglab talabalarga hadis ilmlari va “Al-Jomeʼ as-sahih” asari boʻyicha “Xatmul kutub” asosida saboq berib keladi.

Uchrashuv yakunida mehmon Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi. Markaz rahbariyati tomonidan olimga Imom Buxoriyning oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Xalqu afʼolil ibod” asari tuhfa etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





