SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA!
Muhammad Akram NADAVIY – Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya) Islom ilmlari fakulteti dekani:
“Imom Buxoriy merosi – Oʻzbekistonning eng buyuk iftixori”
36 yildan buyon Buyuk Britaniyaning Oksford shahrida yashayman, asli Hindistondanman. Hind xalqi Toj Mahal meʼmoriy obidasi bilan faxrlanadi. Ammo Oʻzbekistonga kelganimda bunday xulosaga keldim: Oʻzbekistonning eng buyuk iftixori Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va u zotning «Al-Jomeʼ as-sahih» asaridir.
Toj Mahal tarixiy yodgorlik boʻlsa, “Al-Jomeʼ as-Sahih” butun ummat uchun hayotbaxsh ilm manbaidir. Bu asar asrlar davomida musulmonlarga hidoyat va maʼrifat ulashib kelgan va, inshoalloh, qiyomatgacha shunday boʻlib qoladi.
Ushbu buyuk meros avloddan avlodga, asrdan asrga ishonchli muhaddislar va faqihlar tomonidan yuksak ehtiyotkorlik bilan rivoyat qilinib, mustahkam sanadlar orqali bizgacha yetkazildi. Ana shu uzluksiz ilmiy anʼana «Al-Jomeʼ as-sahih»ning yuksak ishonch va nufuzini taʼminlab kelmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





